O‘zbekiston | 17:11 / 22.03.2023
8702
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda ilk bor bipolyar endoprotezlash amaliyoti yo‘lga qo‘yildi

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi ko‘p tarmoqli klinikasi neyrotravmatologiya bo‘limida ilk bor chanoq-son va tizza bo‘g‘imlari artrozi kasalligida plazmolifting muolajasi va umurtqa suyaklari sinishida perkutan vertebroplastika amaliyoti o‘zlashtirildi. Bu haqda SSV matbuot xizmati xabar bermoqda.

Klinika bosh shifokori Sanjar Matkarimovning ma’lum qilishicha, markazda o‘tkazilayotgan qariyb 250 turdagi operatsiyalarning 65 turdagisi shu singari murakkab va noyob jarrohlik amaliyotlari hisoblanadi. Jumladan, bo‘yin umurtqalarini transpedikulyar fiksatsiya bilan stabilizatsiyalash amaliyoti joriy etilgan.

Shuningdek, O‘zbekistonda ilk bor bipolyar endoprotezlash muolaja usuli yo‘lga qo‘yildi. Bundan tashqari, laparoskopik usul orqali xirurgiya bo‘limida diafragma churrasini bartaraf qilish, koloproktologiya bo‘limida esa sigmasimon ichak rezeksiyasi operatsiyalari bajarildi. PRP-terapiya, ya’ni bemor plazmasini ajratib olib, bo‘g‘imga yuborish yo‘li bilan ushbu tana qismidagi patologiyani bartaraf etishga qaratilgan amaliyotlar hayotga tatbiq qilindi.

«Hozir Fransiya, Janubiy Koreya, Yaponiya, BAA, Hindiston, Ozarboyjon, Litva kabi mamlakatlarning tibbiyot muassasalari bilan mustahkam hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yganmiz. Ularning malakali shifokorlari bilan birgalikda murakkab operatsiyalar o‘tkazyapmiz. O‘z navbatida, bir guruh xodimlarimiz Fransiya, BAA, Hindiston va Ozarboyjondagi yetakchi klinikalarda malaka oshirib qaytdi. Joriy yilda ular safini yanada kengaytirish choralari ko‘rilmoqda», — deydi shifokor.