O‘zbekistonda ipakchilik: samarasiz byurokratik boshqaruv saqlanib qolmoqda
O‘zbekistonda pilla yetishtirishdagi muammolar, boshqaruv tizimidagi nuqsonlar hamda sohani rivojlantirish uchun qanday islohotlar zarurligi haqida iqtisodchi Yuliy Yusupov fikr yuritadi.
Aprel oyi oxirida O‘zbekistonda pilla boqishning yangi mavsumi boshlanib, 30-40 kun davom etadi. Pilla olinadigan ipak qurti odatda qishloq uylarida yoki tutzorlarga yaqin joylashgan alohida shiyponlarda boqiladi. Uni yetishtirishda oilaning bir yoki bir necha a’zosi (kasanachilar yoki pillakorlar) qatnashadi. Kasanachilar ipak qurtini tut barglari bilan boqadi. Bu jarayonda tegishli tozalik, harorat va namlik ta’minlanishi kerak. Ko‘pchilik pillaxonalarni elektr isitgichlar, gaz yoki o‘tin pechlari yordamida isitadi. Ipak qurti kattargani sari og‘zida ipak tolasiga aylanadigan yopishqoq modda hosil qilib, undan pillaga aylanadi. Pilla tayyor bo‘lgach, ularni kasanachilar tut shoxlaridan qo‘llari bilan terib olishadi. Ko‘pincha qo‘ni-qo‘shni, qarindosh-urug‘lar pilla terimiga taklif qilinadi.
Pilla yetishtirish juda mehnattalab va toliqtiruvchi jarayondir. Buni pillakorlardan biri quyidagicha ta’riflaydi: “Aprel oyi oxirida 5 quti qurt oldik. Dastlab uch kelinim 3-4 etakdan tut bargi tashidi. Piyoda borib kelishardi. Masofa uzoq emas. Kuniga 2 marta. Ertalab soat 4 dan 8 gacha, kechqurun soat 4 dan 7 gacha. Ungacha men qurt boqilayotgan xonani shamollataman, supuraman. Agar nabiralarim uyda bo‘lsa, yordam berishadi, namligini saqlash uchun bark o‘ralgan etaklarni ho‘llashadi. Agar ho‘llanmasa, barg tez qurib qolishi mumkin. Qurt qurigan barglarni yemaydi, ularga yangilarini berish kerak. Bundan tashqari, nabiralarim taxta raflardan tushib ketgan qurtlarni terib, joyiga qo‘yadi. Agar ular darhol joyiga qo‘yilmasa, chumolilarga yem bo‘lishi mumkin. Qurt uchinchi uyqudan uyg‘onganidan so‘ng eng qiyin paytlar boshlanadi. Biz yana ko‘proq barg olib kelishimiz kerak. O‘g‘illarimning yordamisiz buni eplolmaymiz. Katta o‘g‘lim traktorda barg tashiydi. U kelinlarim bilan sahar soat 4 da jo‘nab ketib, soat 8 ga yaqin qaytib keladi, keyin darrov qurtlarni oziqlantirishimiz kerak, bu taxminan 2 soat vaqtimizni oladi. Shundan so‘ng xonani yana tozalash, shoxlarni ehtiyotkorlik bilan tortib olish kerak bo‘ladi. Umuman olganda, bu qurtlarga kuniga 24 soat vaqt sarflashingiz kerak, biz kuniga uzog‘i bilan 4-5 soat uxlaymiz”.
Germaniyada faoliyat yuritadigan O‘zbekiston inson huquqlari forumi (O‘zbek forumi)ning ipakchilik sanoatidagi majburiy mehnat masalalariga bag‘ishlangan “O‘zbek fermeriga ipak ilmoq” nomli oxirgi hisoboti 2015 yilda e’lon qilingan edi. Unda aytilishicha, fermerlar, davlat va budjet muassasalari (mahalla qo‘mitalari, maktablar, shifoxona kabi tashkilotlar) davlat tomonidan belgilangan reja ko‘rsatkichlariga muvofiq pilla yetishtirishga majbur qilinadi. Ular ko‘pincha ishlab chiqarish xarajatlarini qoplamaydigan pillani rasman belgilangan past narxda sotishi kerak. Oqibatda O‘zbekistonda ipak ishlab chiqarish jarayoni ishlab chiqaruvchilar uchun qimmatga tushadi, mehnat talab qiladi va foyda keltirmaydi.
2015 yildan beri vaziyat, albatta, sezilarli darajada o‘zgardi. Shu sababli bugungi kunda ushbu sanoatda nimalar sodir bo‘layotganini tushunish, jumladan, quyidagi savollarga javob olish foydadan xoli bo‘lmaydi:
- Pilla yetishtirishda iqtisodiy bo‘lmagan majburlash elementlari mavjudmi?
- Sanoat boshqaruvi qanchalik samarali?
- Sohada yuritilayotgan siyosat qishloq aholisi daromadlarini oshirishga va, umuman, mamlakat iqtisodiyoti o‘sishiga qay darajada hissa qo‘shmoqda?
Biz bu savollarga O‘zbekiston inson huquqlari forumi tadqiqotlari, amaldagi me’yoriy-huquqiy baza va boshqa ochiq axborot manbalari, jumladan, rasmiy statistika ma’lumotlari asosida javob berishga harakat qilamiz. Ushbu maqolada keltirilgan ma’lumotlar O‘zbek forumi nashrga tayyorlayotgan yangi hisobotda o‘z aksini topadi.
Ipakchilik tarmog‘i raqamlarda
Xalqaro ipakchilik komissiyasi (International Sericultural Commission - INSERCO) ma’lumotlariga ko‘ra, jahon to‘qimachilik bozorida ipakning ulushi hattoki 0,2 foizdan kamroq bo‘lishiga qaramay, uning ishlab chiqarish bazasi 60 dan ortiq mamlakatga to‘g‘ri keladi. Asosiy ishlab chiqaruvchilar Xitoy (2021 yilgi jahon ishlab chiqarishida 54,1%) va Hindiston (40,4%) hisoblanadi. O‘zbekiston uchinchi o‘rinda turadi (2,4%).
O‘zbekistonda 1 quti ipak qurti urug‘idan o‘rtacha 55 kilogrammdan pilla hosili olinadigan bo‘lsa, Xitoy va Hindistonda bu ko‘rsatkich 80-85 kilogrammga yetadi. Ta’kidlash kerakki, xomashyo kalibrlari va uzunligi bo‘yicha pilla turlari farqlanadi. O‘zbekistonda pillaning kalibr bo‘yicha birjinsliligi Xitoy, Hindiston, Vetnam va Braziliyadagi 90-95 foizga nisbatan o‘rtacha 60 foizni tashkil etadi.
So‘nggi yillarda jahonda ipak ishlab chiqarish hajmi sezilarli darajada qisqardi.
Manba: http://inserco.org/en/?q=statistics.
Ayni paytda O‘zbekistonda 2018 yildan boshlab pilla yetishtirish hajmi oshmoqda.
Manba: https://stat.uz/ru/ofitsialnaya-statistika/agriculture.
Biroq review.uz ma’lumotlariga ko‘ra, ipak xomashyosini mamlakatimizda qayta ishlash ulushi 25 foizdan oshmaydi, qolgan qismi eksport qilinadi. O‘zbekistondan ipak, shu jumladan, ipak tola va gazlama eksporti hajmi oshib bormoqda: 2017 yildan 2022 yilgacha 30,9 million dollardan 92,5 million AQSh dollariga yetdi. Ammo uning O‘zbekiston eksportidagi ulushi unchalik katta emas (0,5 foizdan kam). Taqqoslash uchun: 2022 yilda O‘zbekistondan barcha to‘qimachilik mahsulotlari eksporti 3,2 milliard AQSh dollarini, shu jumladan, kalava ip 1,4 milliard AQSh dollarini tashkil etdi.
Manba: https://www.trademap.org/, 2022 yil uchun ma’lumotlar – https://stat.uz/images/uploads/docs/pressreliztashqisavdo202212ru.pdf.
O‘zbekistondan ipak eksporti tarkibida (2021 yil uchun ma’lumotlar) pilla chiqiti va xomashyosi (68,2%) ustunlik qiladi. Ipak gazlama va tola ulushi hanuz ko‘p emas (31,8%). Ammo so‘nggi yillarda gazlama eksporti sezilarli darajada o‘sdi: 2017 yildagi 210 ming dollardan 2021 yilda 23,8 million dollargacha (o‘sish 113,5 barobar).
Davlatning roli
2017 yildan buyon mamlakat prezidenti va hukumati darajasida sohani boshqarish tizimini o‘zgartirishga qaratilgan qator qarorlar qabul qilindi. Yangi siyosatning o‘zagi ipakchilik klasterlari tashkil etishdan iborat bo‘lib, ular ipak qurti urug‘i yetishtirish va pilla boqishdan tortib, ularni qayta ishlash va eksport qilishgacha bo‘lgan tayyor mahsulot ishlab chiqarishning butun jarayonini qamrab olishi kerak. Shuningdek, ipakchilik sanoati korxonalariga soliq va bojxona yukini yengillashtirish, transport xarajatlarini kamaytirish, tarmoqni kreditlash shartlarini yaxshilash, qolaversa, pilla yetishtirish bilan shug‘ullanayotgan kasanachilarni ijtimoiy rag‘batlantirishga qaratilgan imtiyoz va preferensiyalar berildi.
Shu bilan birga, hukumat pilla yetishtirish uchun yer ajratish, majburiy ishlab chiqarish rejalarini va qayta ishlash korxonalari pilla yetishtiruvchilardan pilla sotib olish narxlarini belgilash orqali ipakchilik tarmog‘i ustidan xuddi paxtachilik sanoatidagi kabi ma’muriy nazoratni saqlab kelmoqda. Pilla yetishtirish rejasi hukumat qarorlari bilan belgilangan prognoz ko‘rsatkichlar niqobi ostida mavjud bo‘lib, ular asosida O‘zbekistonning har bir viloyati va tumaniga kvota, ya’ni keyinchalik qayta ishlash uchun yetishtirilishi kerak bo‘lgan pilla miqdori belgilanmoqda.
Ipakchilik tarmog‘ini tartibga soluvchi organ esa pillachilik va qorako‘lchilik sohasida yagona davlat siyosatini yuritish vazifasi yuklangan Pillachilik va qorako‘lchilikni rivojlantirish qo‘mitasi (2020 yilda tashkil etilgan) hisoblanadi.
Ammo qo‘mitadan tashqari 2017 yilda asos solingan “O‘zipaksanoat” uyushmasi ham bor, uning tarkibiga ipakchilik sanoati korxonalari, shuningdek, “Agropilla” ipak qurti pillasini tayyorlash tuzilmalari kiradi. Uyushma O‘zbekistonda davlat tomonidan yaratilgan, to‘liq va butunlay davlatga bo‘ysunadigan, davlat tomonidan moliyalashtiriladigan (bevosita yoki xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar uchun majburiy to‘lovlar yo‘li bilan) funksiyalarni o‘zida mujassam etgan qator tarmoqlar uchun xos bo‘lgan xo‘jalik boshqaruvi organidir:
- tadbirkorlik sub’yekti;
- o‘z a’zolarining manfaatlarini ifodalovchi sanoat uyushmasi;
- sohaning davlat regulyatori.
Bunday funksiyalarning bir tashkilotda jamlanishi aniq manfaatlar to‘qnashuvini anglatadi. Bundan tashqari, uyushmaning vazifa va funksiyalari keyinroq tashkil etilgan Pillachilik va qorako‘lchilikni rivojlantirish qo‘mitasiniki bilan deyarli bir xil.
Sohani boshqarishning navbatdagi bo‘g‘ini pilla yetishtirish bo‘yicha rejalarning bajarilishiga mas’ul mahalliy davlat hokimiyati organlari bo‘lib, buning uchun ular ma’muriy majburlash choralarini qo‘llaydi. Qoidaga ko‘ra, ular pilla yetishtirish rejasini oddiy fermerlar o‘rtasida taqsimlab, bajarilishini nazorat qiladi.
Ipakchilik tarmog‘idagi davlat boshqaruvi tizimining yana bir muhim bo‘g‘ini ipakchilik klasterlaridir. Rasman ular mustaqil, nodavlat tijorat tashkilotlari hisoblanadi. Ammo ular davlat bilan chambarchas bog‘liq: davlat qarori bilan tuziladi, “O‘zipaksanoat” kvazidavlat uyushmasining majburiy a’zolari hisoblanadi, fermer xo‘jaliklari o‘rtasida pilla yetishtirish bo‘yicha rejalarni majburiy taqsimlashda ishtirok etadi, kvazidavlat uyushmaga a’zo sifatida imtiyoz va preferensiyalar oladi. “O‘zipaksanoat” uyushmasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yil noyabr holatida O‘zbekistonda 74 ta ipakchilik klasteri faoliyat ko‘rsatmoqda.
Pilla yetishtirish bo‘yicha vazifalar ikki yo‘l bilan taqsimlanadi. Klasterlar to‘g‘ridan to‘g‘ri yoki “Agropilla” uyushmasining tuman bo‘limlari orqali:
- fermerlar bilan hamkorlik qiladi va ular bilan bevosita shartnomalar tuzadi (mahalliy hokimiyat va turli kvazidavlat “jamoat tashkilotlari”ning faol yordami bilan - quyida ko‘ring). Fermerlar mahalliy aholi va fermer xo‘jaliklari ishchilariga ipak qurti urug‘i tarqatadi, jumladan, o‘z oilalarida ham pilla yetishtiradi;
- mahalla qo‘mitalari va bandlik agentliklari tomonidan yordam ko‘rsatilayotgan kasanachilarga buyurtmalarni to‘g‘ridan to‘g‘ri tarqatadi.
Yetishtirilgan pilla odatda “Agropilla” tuman bo‘limlari tomonidan tashkil etilgan qabul punktlariga topshiriladi. U yerdan pilla qayta ishlash korxonalariga yetkazib beriladi va birlamchi qayta ishlanadi.
Pillaning minimal xarid narxlari davlat tomonidan belgilanadi. Klasterlar ko‘proq to‘lashi mumkin, lekin kam emas. 2022 yil oxirigacha kasanachilarga topshirilgan 1 kilogramm pilla uchun davlat budjetidan 5 ming so‘mdan subsidiya to‘lab berildi. Demak, 2022 yilda bir kilogramm pillaning rasmiy narxi 24 700 so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, subsidiyani hisobga olganda yakuniy bazaviy narx kilogrammi uchun 29 700 so‘mni (2,7 dollar) tashkil qildi. Biroq 2023 yildan boshlab ushbu subsidiya o‘rniga qurt urug‘i ishlab chiqaruvchi korxonalarga har bir qutisi uchun 120 000 so‘m subsidiya ajratildi. Subsidiya 2026 yil oxirigacha beriladi.
Fermerlarning roli
Intervyu qilingan fermerlarning aksariyati yer ijarasiga ko‘ra pilla yetishtirishi shart emasligini ta’kidlaydi. Ammo ularga ushbu turdagi faoliyat bilan shug‘ullanish uchun qat’iy takliflar bilan murojaat qilishadi. Aksariyat hollarda bular hokimliklar, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, suvdan foydalanuvchilar uyushmasi, mahalla qo‘mitasi, shuningdek, pillani qayta ishlash korxonalari (klasterlar va “Agropilla” bo‘limlari) vakillaridir.
2022 yil davomida O‘zbek forumi 51 nafar fermer bilan chuqurlashtirilgan intervyu o‘tkazganida ulardan atigi 20 foizi pilla yetishtirish yoki yetishtirmaslikni tanlash imkoniyati borligini aytdi. Aksariyat fermerlar pilla yetishtirishdan bosh tortish “hokimlik va boshqa mutasaddi idoralar bilan bog‘liq muammolar”ga olib kelishi, shuningdek, “yerdan mahrum bo‘lish”, ya’ni fermerga ijaraga berilgan yerni hokimlik qandaydir bahona bilan tortib olishi mumkinligini ta’kidlamoqda.
Fermer bilan suhbatdan: “Qishloq xo‘jaligi yerlaridan foydalanish mexanizmi shunday tuzilganki, fermer hech narsadan bosh torta olmaydi. Yer davlatniki, fermer esa bor-yo‘g‘i ijarachi. Agar fermer yuqoridan kelgan topshiriqni bajarishdan bosh tortishga qaror qilsa, boshqalar undan o‘rnak olmasligi uchun hokim butun qo‘rqitish arsenalidan foydalanadi. Prokuratura, militsiya, soliq va hokazolarning hammasi sizga xuddi och bo‘ri kabi tashlanib, turli tomondan yulg‘ilay boshlaydi. Shu bois, bunday vaziyatlarda har qanday fermer o‘ziga aytilgan ishni jimgina qilishni afzal ko‘radi. Pilla, g‘alla va paxta, bayram tantanalarini o‘tkazish – bularning barchasi, albatta, fermerning bo‘yniga tushadi”.
Fermerlarga reja ko‘rsatkichlari qay tartibda belgilanadi? Ular tut daraxti soni va hosildorligini hisobga olgan holda yoki fermer ixtiyoridagi tut plantatsiyasi maydoniga qarab belgilanishi kerak, deya taxmin qilinadi. Amalda esa reja ko‘rsatkichlari ko‘pincha fermer ixtiyoridagi yerning umumiy maydoniga qarab belgilanadi, ba’zan esa tuproq unumdorligi va suv bilan ta’minlanganlik darajasi hisobga olinadi. Andijon viloyati “Agropilla” korxonasi agronomi bilan suhbatdan: “Fermerlarga yerining maydoni va holatiga qarab qurt urug‘i tarqatamiz. Tut daraxti mavjudligi ham hisobga olinadi. Hammaga har xil tushadi. Masalan, Ulug‘nor tumanida (fermerlar uchun) bir gektar yerga - 5 kg, Marhamat tumanida - 14-15 kg, Andijon tumanida - 12 kg, Shahrixon tumanida - 20 kilogrammdan pilla rejasi belgilangan”.
Tut daraxti soni va hosildorligi ko‘p hollarda reja belgilashda hisobga olinmaydi. 2022 yilgi so‘rovda qatnashgan fermerlarning 1/3 qismi tut barglarini sotib olishga majbur bo‘lganini tan olgani ham shundan dalolat beradi.
Ba’zi hollarda rejani kamaytirish yoki pora evaziga pilla yetishtirishni rad etish mumkin. Bu haqda guvohlardan biri aytadi: “Hokim o‘rinbosari men unga 400 dollar bersam, ipak qurti yetishtirmasam ham bo‘laverishini aytdi. So‘ragan pulini berib, pilladan qutuldim”.
Suhbatda ishtirok etgan fermerlarning katta qismi (80 foizi) pilla uchun belgilangan narxni adolatli deb hisoblamasligini, (75 foizi) pilla yetishtirish ularga foyda keltirmasligini ta’kidlagan. Ushbu pozitsiya ko‘pincha quyidagi dalillar bilan asoslanadi:
- Pilla yetishtirish tannarxi uni sotishdan olingan daromaddan yuqori. Pilla uchun to‘lov, qoidaga ko‘ra, to‘liq yoki deyarli to‘liq tarzda kasanachilarning mehnat haqini to‘lashga sarflanadi. Ba’zida ularni qo‘shimcha ravishda rag‘batlantirishga to‘g‘ri keladi, masalan, oziq-ovqat va boshqa imtiyozlar shaklida. Shuningdek, tut bargi sotib olish, kesish va tashish, tutni barg o‘g‘rilaridan himoya qilish kabi xarajatlar uchun to‘lash, shuningdek, xonalarni isitish uchun yoqilg‘i sotib olish, binolarni ta’mirlash kerakligi ta’kidlangan.
- Fermerlar dala ishlari mavsumi paytida ishchilar va moddiy resurslarni asosiy faoliyatdan (odatda paxta va g‘alla yetishtirish) tashqari yo‘naltirishga majbur bo‘ladi.
- Ushbu turdagi faoliyat uchun hech qanday shart-sharoit yo‘q: ozuqa bazasi yetarli emas (sotib olishga majbur bo‘linadi), zarur binolar yo‘q (kasanachilar pilla boqilgandan so‘ng ta’mirlash zaruratini tug‘diradigan o‘z uy-joyidan foydalanishiga to‘g‘ri keladi).
Bundan tashqari, pilla uchun to‘lov kechikishi mumkin. Ayrim hollarda yetkazib berilgan pilla uchun to‘lov yillar davomida amalga oshirilmay, fermerlar faqat avans bilan cheklanadi. 1,5 gektarli tutzor ijarachisi bunday deydi: “O‘z vaqtida pullarimizni ololmaymiz. Klaster pilla yetishtiruvchilar va fermerlardan 2020 va 2021 yillar uchun pilla to‘lovlari bo‘yicha qarzdor edi. Klaster pilla uchun pul to‘lamaydi, lekin reja bajarilishini va yetkazib berilmagan pilla summasining 25 foizi miqdorida jarima to‘lashni talab qiladi. 2022 yil uchun davlat subsidiyalari (5000 so‘m) ham to‘lab berilmagan”.
Pilla yetishtirishni daromadli deb hisoblaydigan fermerlar ham bor. Moliyaviy daromadni, asosan, norasmiy bozorda rejadan ortgan pillani rasmiy narxdan qimmatroq sotuvchilar oladi. Ayniqsa, tut daraxti ko‘p va pilla yetishtirish uchun zarur binolar mavjud bo‘lgan taqdirda, unumli ishlab chiqarishni tashkil etayotgan, hatto ortiqcha pillani rejani bajara olmagan boshqa ishlab chiqaruvchilarga sotish orqali nisbatan yaxshi daromad oladigan ishlab chiqaruvchilar bor.
Bu yana bir fermerning hikoyasi: “Tutzor yaqinida aprel-may oylarida ipak qurti yetishtiriladigan katta omborxonam bor. Tut shoxlarini tashish uchun hatto transport ham talab qilinmaydi. Xotinim (bolalar yordam beradi) har yili yarim tonnaga yaqin pilla yetishtiradi. Avval mening rejamni bajaradi, keyin boshqa fermerlarga sotadi. Bu yil pillaning 1 kilogrammi 30 ming so‘mdan boshlandi. Narx ikki-uch kun ichida taxminan 35-40 ming so‘mgacha ko‘tarildi. Mavsum so‘ngida tom va majoziy ma’noda hokimdan shapaloq yeganlar kelib, kilogrammiga 40 ming so‘mdan to‘lashdi. Xotinim shu tariqa joriy yilda 14 million so‘mdan ortiq naqd pul ishlab oldi. Mayli, buni noqonuniy daromad hisoblashsin, ammo bu xotinim va bolalarimning mehnat haqi. Agar hammasini davlat narxlarida topshirganimizda, biz hech qanday foyda ololmagan bo‘lardik”.
Ammo ko‘pincha fermerlar moliyaviy bo‘lmagan foyda haqida gapirishadi: o‘tin sifatida tut shoxlaridan foydalanish, daraxtlar orasida ekin ekish imkoniyati (bu hukumat qarorlarida nazarda tutilgan), muhtoj oilalarga ishlab olish imkoniyatini berish, hokimiyat organlari bilan yaxshi munosabatlarni saqlab qolish. Quyidagilar fermerlarning tipik fikrlari: “Hammasini hokim buyurgandek bajarsang, u xo‘jaligingga ko‘z tikmaydi. Agar u hatto qonunbuzarliklarni payqab qolsa ham o‘zini sezmagandek ko‘rsatadi. Buning uchun siz hamma narsani to‘g‘ri qilishingiz, rejani muntazam va vijdonan bajarishingiz kerak. Oilangiz ham kechalari militsiyani kutmay, tinch uxlab, tinch yashaysiz”.
Aytish joizki, ko‘pincha fermerlarning “qonunbuzarlik”lari paxta va g‘alla uchun ajratilgan yerdan “maqsadsiz foydalanish” bilan bog‘liq. Fermerlar o‘z yerida ko‘proq daromadli ekinlar ekishga harakat qilsa-da, bu qat’iy taqiqlanib, yerni olib qo‘yishgacha bo‘lgan jazoga sabab bo‘ladi.
“O‘zipaksanoat” uyushmasi raisi Bahrom Sharipovning aytishicha, kelgusida fermerlarni pilla yetishtirishdan ozod qilish rejalashtirilgan. Ammo fermerlar bilan shartnomalar 2026 yilgacha tuziladi. Fermerlar kasanachilarga ipak qurti urug‘i tarqatish, shuningdek, ularni ozuqa - tut bargi bilan ta’minlash uchun javobgardir.
Suhbatda qatnashgan fermerlarning aksariyati ularni pilla yetishtirish majburiyatidan ozod qilish va kasanachilarni ishga olish funksiyasini klasterlar va “Agropilla” bo‘limlariga o‘tkazish zarur, deb hisoblaydi. Mana bu odatiy gaplar: “Pilla yetishtirishga ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklari tashkil etilishi yoki klaster ishsizlarni jalb qilib, ular bilan bevosita muzokaralar olib borishi kerak. Qishlog‘imizda katta yoshli kamida 200 nafar ishsiz odam bor, ularni ishga jalb qilish kerak. Pilla yetishtirishni fermerlarga yuklash noto‘g‘ri. Agar klasterlar pilla yetishtirishga faqat ishsizlarni jalb qilsa, ularga mehnati uchun bozor bahosida haq to‘lasa, odamlar qancha daromad olishi mumkin edi”.
Kasanachilar
To‘g‘ridan to‘g‘ri pilla yetishtirish bilan aholining ikki toifasi shug‘ullanadi:
- tut plantatsiyalari uchun klasterdan 3 gektargacha yer olib, buning evaziga pilla yetishtirishi kerak bo‘lganlar;
- fermer xo‘jaligi ishchilari, fermerning oila a’zolari va kam ta’minlangan qishloq aholisi. Ular yuqoridan tushirilgan reja ko‘rsatkichlari bo‘yicha pilla yetkazib berishga majbur bo‘lgan mahalliy fermerlardan yoki “Agropilla”ning mahalliy bo‘limlaridan buyurtmalar oladi.
Klasterlar va “Agropilla” vakillarining ta’kidlashicha, kasanachilar buyurtmalarni ixtiyoriy ravishda qabul qiladi, ba’zilari esa o‘zi murojaat etadi. Ko‘pchilik pilla yetishtirish tajribasiga ega. So‘nggi yillarda pilla narxi oshgani, pilla puli o‘z vaqtida berilayotgani tufayli aholi bu ishga rozi bo‘lmoqda. Bundan tashqari, kasanachilar qo‘shimcha imtiyozlar, moddiy va nomoddiy daromadlar oladi, ularga quyida to‘xtalamiz.
Fermerlar esa kasanachilar davlat tomonidan beriladigan maosh evaziga pilla yetishtirishni istamasligidan shikoyat qilishadi. Shu sababli ularga qo‘shimcha rag‘batlantirishlar berilishi kerak. Ko‘pincha fermerlar qishloqdoshlari orasidan ko‘ngillilarni topa olmagani sababli o‘z oilalari va doimiy ishchilarining oila a’zolarini pilla yetishtirishga jalb qilishga majbur bo‘ladi.
Fermerlar yoki klaster vakillari pillakorning imkoniyatlari (bino, ishchi kuchi, ozuqa bazasi hajmi)ga qarab ipak qurti urug‘ini tarqatadi. Har bir qutidan muayyan miqdorda pilla olish taxmin qilinadi.
Suhbat qilingan kasanachilarning aksariyati yetkazib berilgan pilla narxini adolatsiz deb hisoblaydi. Shu bilan birga, ko‘pchilik pilla yetishtirish orqali yetkazib berilgan pilla uchun bevosita to‘lov bilan bog‘liq bo‘lmagan manfaatdorlikni ta’kidlamoqda:
- hukumat qarorlarida nazarda tutilgan bir yillik (bir oylik ish uchun) ish stajini olish imkoniyati;
- o‘tin sifatida tut daraxti shoxlaridan, o‘g‘it sifatida esa chiqit va qurt qoldiqlaridan foydalanish mumkin;
- rejadan ortiqcha pillani norasmiy bozorda yuqori narxlarda sotish mumkin, ayniqsa, belgilangan rejani bajarishi shart bo‘lgan fermerlarga;
- klaster yoki fermer kasanachilarga tutzorlar uchun ajratilgan yerdan sabzavot va boshqa ekinlarni yetishtirish uchun foydalanishga ruxsat berishi mumkin;
- fermerlar pilla uchun belgilangan to‘lovdan tashqari, ba’zan kasanachilarga qo‘shimcha rag‘batlantirishlar ham beradi: o‘tin, oziq-ovqat va boshqalar;
- ba’zi hollarda buyurtmachilar (katta ehtimol bilan faqat fermerlar) ish uchun qo‘shimcha haq to‘laydi.
Odamlar, shuningdek, mahalliy hokimiyat organlari, bandlik agentligi, fermerlar bilan yaxshi munosabatlar o‘rnatish maqsadida ham pilla yetishtirishga rozi bo‘lishi mumkin. Fermer bilan yaxshi munosabatni saqlab qolish maqsadida uning ishchilari ko‘pincha pilla yetishtirishga rozi bo‘lishadi.
Shu bilan birga, intervyu olingan kasanachilar pilla yetishtirish bilan bog‘liq qiyinchiliklar, xarajatlar va yo‘qotilgan foydalarni ta’kidlashadi:
§ Bu juda ko‘p kuch va vaqt talab qiladigan jarayondir. Kasanachilarning bu haqdagi takroriy iqtiboslari: “Qurt boqish juda qiyin ish. Tong saharlab uyg‘onib, soat 4-5 lar orasida bargga borish, boshqa ishlar – chiqindini tozalash, poyaga sochilgan qurtlarni ajratib olish”, “Uyda nechta odam bo‘lsa, hammamiz ishlaymiz. Bir oy davomida yetarlicha uxlash yo‘q, charchoq bizni tark etmaydi”, “Biz oxirgi hafta davomida uyqusiz ishlaymiz”.
§ Pilla yetishtirishdan ko‘ra mardikorlik orqali ko‘proq pul ishlash mumkin. Taxminiy hisob-kitoblarga to‘xtalamiz (2022 yil narxlarida). Bir oilaga odatda 60 kg hosil olish mumkin bo‘lgan bitta quti qurt urug‘i beriladi. Aytaylik, reja 50 kg edi. Ular 1 kg pillani 30 ming so‘mdan topshiradi. Rejadan ortgan (10 kg) mahsulot norasmiy bozorda kilogrammi 35 000 so‘mdan sotiladi. Jami: 1 850 ming so‘m. Ammo bunday natijaga erishish uchun bir oy mobaynida ular butun oila a’zolari bilan mehnat qiladi. Deylik, ular katta yoshli 4 kishi. Ayni paytda “mardikor bunga tenglashtirilgan ish uchun kuniga 50 ming so‘mdan oladi”. Bu esa 4 kishi uchun hisoblaganda 6 million so‘m bo‘ladi.
§ Uy sharoitida pilla yetishtirilgan taqdirda, “turar joy binolarimizni bo‘shatishimizga to‘g‘ri kelib, bu ko‘plab noqulayliklar tug‘diradi”. Shuningdek, binolarni ta’mirlash uchun pul va kuch sarflash kerak bo‘ladi. Shu sababli kasanachilar ko‘pincha pilla yetishtirish uchun alohida inshoot qurish zarurligini aytishadi.
§ Qurt boqish uchun tut bargi har doim ham yetarli bo‘lmaydi, ba’zida ularni sotib olishga majbur bo‘lishadi.
§ Qurtlar kasallik yoki yomon ekologiya tufayli nobud bo‘lishi mumkin.
Ayrim kasanachilar farzandlari mehnatidan foydalanganini (istamaygina) tan olishdi: “Bolalarim poyadan tushgan qurtlarni terishadi. Yoki endigina ipak qurti olib kelingan paytlarda ularni barg terishga jo‘natamiz”.
Xulosa va tavsiyalar
O‘zbekistonda ipakchilikning boy an’analari mavjudligi, qulay iqlim sharoiti, aholi zichligining yuqori darajasi, qishloq joylarda mehnat resurslari ko‘pligi ipakchilikni qishloq aholisini ish bilan ta’minlash va daromad keltiruvchi istiqbolli sohaga aylantirishga sabab bo‘lishi kerak edi. Biroq O‘zbek forumi suhbatlashgan kasanachilar va fermerlar pilla yetishtirish o‘zlari uchun daromadli ish ekaniga ishonmaydi va ularning ko‘pchiligi majburan shu ish bilan shug‘ullanadi.
Buning sabablari nimada? Buning asosiy sababi iqtisodiy tartibga solishning bozordan tashqari (ma’muriy) vositalarini keng qo‘llashga, jumladan, faoliyatning ayrim turlari bilan shug‘ullanishga bevosita majburlashga tayanadigan siyosatdir.
Shu o‘rinda, avvalo, pillachilikdagi davlat siyosati O‘zbekistondagi umumiy agrar siyosatning bir qismi ekanini ta’kidlash lozim.
Qishloq xo‘jaligi mamlakat iqtisodiyotining davlat tomonidan eng ko‘p tartibga solinadigan tarmoqlaridan biridir. Asosiy yirik qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari (fermerlar)ning yerga bo‘lgan huquqlari nihoyatda zaif himoyalangan, yer istalgan vaqtda olib qo‘yilishi mumkin, undan foydalanish huquqi qayta sotilmaydi, garovga qo‘yilmaydi (kredit olish uchun), uning sublizing imkoniyatlari cheklangan. Shu sababli yer egalarida yerga g‘amxo‘rlik qilish va uning unumdorligini oshirish uchun uzoq muddatli investitsiya kiritishga rag‘bat yo‘q. Yerdan qisqa muddatli foyda olish uchun intensiv foydalaniladi.
Shu bilan birga, fermerlarning aksariyat yerlarini ayrim ekinlar (paxta, g‘alla, ipak) yetishtirish uchun davlat tomonidan belgilangan narxlarda hosilni sotish rejasini bajarish majburiyati bilan kvotalash singari sovet davridan qolgan amaliyot saqlanib qolgan. Bu amaliyot fermerlarga tuproq xususiyatlari, iqlim, suv mavjudligi, xodimlar malakasi, bozor sharoiti, xarajatlar miqdori va qiyosiy ustunlikning boshqa omillarini hisobga olgan holda ishlab chiqarish tuzilmasini optimallashtirish imkonini bermaydi. Majburiy davlat buyurtmasi uchun ajratilgan yerda boshqa ekin yetishtirish ko‘pincha samaraliroq bo‘ladi. Qolaversa, davlat buyurtmasi bo‘yicha hosil yetishtirish bo‘yicha belgilangan rejalar fermerlarni yerdan intensiv foydalanishga, almashlab ekish imkoniyatlarini qisqartirishga majbur qilmoqda.
Yuritilayotgan siyosat salbiy ijtimoiy oqibatlarga ham ega. Yerni taqsimlash va qayta taqsimlash bozor tamoyillari asosida emas, balki mansabdor shaxslar iltimosiga binoan amalga oshiriladi. Yerni taqsimlash va qayta taqsimlash mexanizmlari noshaffof va korrupsiyalashgan. Natijada qishloq aholisining katta qismi uchun yerdan foydalanish imkoniyati cheklanib, bu ijtimoiy keskinlikka, ish bilan bandlik va daromadlar darajasi pasayishiga olib keladi.
Ipakchilikni, umuman, qishloq xo‘jaligini boshqarish usullari bozor iqtisodiyoti tamoyillariga mos kelmaydi:
- Yer kvotalari tamoyili qo‘llaniladi: yer qat’iy ravishda tut yetishtirish sharti bilan beriladi.
- Pilla hosilini davlatga yoki uning vakillariga (hozir – ipakchilik klasterlariga) topshirish bo‘yicha majburiy reja ko‘rsatkichlari saqlanib qolmoqda.
- Pilla hosilini majburiy tartibda topshirishni nazarda tutgan narxlar davlat tomonidan belgilanadi.
Bularning barchasi yer egalarining tadbirkorlik erkinligini cheklab, raqobat va narx belgilashning bozor mexanizmlari ishlashiga imkon bermaydi. Bozor o‘rnini mansabdor shaxslarning ixtiyoriy, tabiiyki, samarasiz bo‘lgan qarorlari egallab, ustiga-ustak, korrupsiyani keltirib chiqaradi va norasmiy iqtisodiyot ko‘lamini kengaytiradi. Xususan, fermerlar rejani qamaytirish, bajarilmagan reja “muammosini yopish” yoki oddiygina pilla yetishtirish majburiyatidan xalos bo‘lish uchun pora berishga majbur bo‘lganida korrupsiya yuzaga keladi. Amaldagi tizim norasmiy pilla bozorini yaratib, bunda pilla yetkazib beruvchilar rejani bajarish uchun pilla sotib olishga majbur bo‘lmoqda.
Sanoat boshqaruvi tuzilmasi samarasiz, noshaffof va manfaatlar to‘qnashuviga asoslangan. Pillachilik va qorako‘lchilikni rivojlantirish qo‘mitasi hamda “O‘zipaksanoat” uyushmasi funksiyalarining takrorlanishi kuzatilmoqda. Bundan tashqari, uyushma bir-biriga mos kelmaydigan funksiyalarni bajaradi: xo‘jalik yurituvchi sub’yekt, o‘z a’zolarining manfaatlarini ifodalovchi tarmoq uyushmasi va davlat tomonidan tartibga solinuvchi soha ekani aniq manfaatlar to‘qnashuvi mavjudligini anglatadi.
Manfaatlar to‘qnashuvining yana bir ko‘rinishi shuki, ipakni qayta ishlash korxonalari – nodavlat tijorat tashkilotlari fermerlarga pilla yetishtirish bo‘yicha majburiy topshiriq berish bilan shug‘ullanishi xomashyo narxini sun’iy ravishda pasaytirish va majburiy mehnatdan foydalanish orqali raqobatbardosh ustunliklarga ega bo‘lish imkonini beradi. Bundan tashqari, xususiy korxonalar uchun raqobatbardosh ustunliklarga hukumatning barcha darajadagi mansabdor shaxslari ko‘maklashib, ular reja ko‘rsatkichlarini belgilash va bajarilishini nazorat qilishda keng qamrovli ma’muriy bosim vositalaridan foydalanadi. Ushbu faoliyatga ko‘pincha kvazidavlat “jamoat tashkilotlari” va mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlari jalb qilinadi.
Qolaversa, ipakni qayta ishlash korxonalari davlat qarori bilan tashkil etilgan ipakchilik klasterlari tarkibiga kiritilgan hamda ular, o‘z navbatida, “O‘zipaksanoat” kvazidavlat uyushmasining majburiy a’zosi bo‘lib, uyushma a’zosi sifatida imtiyoz va preferensiyalar oladi.
Sohada yuritilayotgan siyosatning muhim elementi faoliyatga iqtisodiy bo‘lmagan majburlash amaliyoti saqlanib qolayotganidadir. Gap quyidagilar haqida bormoqda:
- Bozordan tashqari narxlarning sun’iy ravishda pastligi kasanachilarning mashaqqatli mehnati uchun yetarli maosh olishiga, fermerlarning esa tashkiliy ishlar uchun haq olishiga to‘sqinlik qiladi. Bundan tashqari, fermerlar uchun pilla yetishtirish majburiyati ko‘p hollarda moddiy yo‘qotishlarga olib keladi.
- Ko‘pincha fermerlar hech qanday qonuniy asosga ega bo‘lmagan holda pilla yetishtirishga majbur bo‘lmoqda, chunki aksariyatining yer ijarasi shartnomalarida bunday faoliyat turi mavjud emas.
- Daromad yo‘qligiga qaramay, rozi bo‘lishga majbur fermerlarga bosim o‘tkazish uchun ma’muriy ta’sirlardan foydalaniladi. Aks holda ularga yer maydonlarini olib qo‘yish (qonun va tuzilgan ijara shartnomalarini buzgan holda, lekin fermerlar o‘z huquqlarini himoya qilish uchun samarali huquqiy vositalarga ega emas), tekshirishlar va faoliyatiga boshqa shakllarda aralashish bilan bog‘liq boshqa jazo choralari qo‘llanishi bilan tahdid qilinmoqda.
- Sanksiyalarning rasmiy sabablari fermerlarni paxta va g‘alla yetishtirishga majburlash bilan bog‘liq “noqonuniy xatti-harakatlar” bo‘lishi mumkin. Bu ekinlar ularning ko‘pchiligiga daromad keltirmayapti hamda paxta va g‘alla uchun mo‘ljallangan yerlarda boshqa turdagi daromadli ekinlarni yetishtirishga majbur qilmoqda.
- Kasanachilarga, jumladan, mahalliy hokimiyat organlarining ishtiroki bilan, ayniqsa, fermerlardan buyurtma berilgan taqdirda, ma’muriy bosim ham o‘tkazilishi mumkin.
- Reja ko‘rsatkichlari ko‘pincha o‘zboshimchalik bilan belgilanib, pilla yetishtirish imkoniyatlari (ozuqa bazasi, bino, ishchi kuchi bilan ta’minlash) hisobga olinmaydi, bu esa qo‘shimcha xarajatlarga sabab bo‘ladi.
- Kasanachilar va fermerlar xarid qiluvchi tashkilotni tanlash imkoniyatiga ega emasligi ularni xaridorga qaram qilib qo‘yib, o‘z faoliyati uchun eng yaxshi sharoitlarni (to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lash, agronom maslahatlari, ipak qurti urug‘i sifati va hk.) tanlash va, masalan, topshirilgan pilla uchun to‘lov o‘z vaqtida amalga oshirilmagan hollarda o‘z huquqlarini himoya qilish imkoniyatlarini cheklaydi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib xulosa qilishimiz mumkinki, ipakchilik sohasini isloh qilish quyidagi yo‘nalishlarni qamrab olgan agrar islohotning bir qismiga aylanishi kerak:
1. Bozor iqtisodiyoti tamoyillariga zid, korrupsiya va yerdan noratsional foydalanish manbai bo‘lgan “qishloq xo‘jaligi ekinlarini taqsimlash”, hosildorlik ko‘rsatkichlarini me’yorlash va fermerlarni klasterlar bilan majburiy shartnoma tuzish amaliyotini o‘z ichiga olgan majburiy davlat buyurtmasidan qat’iyan voz kechish.
2. Hozirgi kunda davlat buyurtmasiga muvofiq yetishtirilayotgan va narxlari davlat tomonidan belgilanadigan qishloq xo‘jaligi ekinlarining erkin bozorlarini shakllantirish.
3. Qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari uchun resurslar va xizmatlarning erkin va raqobatbardosh bozorlarini shakllantirish, shuningdek, qishloq xo‘jaligini moliyalashtirish tizimini takomillashtirish.
4. Qishloq xo‘jaligi yerlariga egalik huquqini mustahkamlash va kengaytirish, shu jumladan, yerni taqsimlash va qayta taqsimlashda mahalliy hokimiyat organlarining huquqlarini cheklash.
Ipakchilik sohasiga kelsak, islohot maqsadlari quyidagilardan iborat:
- ipak qurti pillasini yetishtirishga majburiy buyurtma berishdan voz kechish;
- pillaning erkin bozorini shakllantirish va pillaga markazlashtirilgan narx belgilashdan voz kechish.
Ipakni qayta ishlovchilar pillani erkin bozordan erkin narxlarda sotib olishi lozim. Shuningdek, ular pilla yetishtiruvchilar bilan o‘zaro manfaatli shartlar asosida uzoq muddatli shartnomalar tuzishi mumkin. Nihoyat, ipakni qayta ishlash korxonalari tut plantatsiyalari uchun yerni ijaraga berishi va kasanachilarga ushbu yerda yetishtiriladigan pillani uzoq muddatga yetkazib berish sharti bilan subijaraga berishi mumkin.
Pillachilik tarmog‘ida davlat siyosati, davlat tartibga soluvchi, tarmoq uyushmasi va xo‘jalik faoliyati funksiyalarini ajratishga qaratilgan ma’muriy islohot ham zarur. Yuqoridagi barcha funksiyalarni o‘zida mujassam etgan “O‘zipaksanoat” uyushmasi qayta tashkil etilishi kerak. Sohada siyosat yuritish Qishloq xo‘jaligi vazirligining vazifalaridir. Regulyatorlik vazifasi Pillachilik va qorako‘lchilikni rivojlantirish qo‘mitasining vazifalariga kiradi. Uyushma funksiyalarini kvazidavlat tuzilma emas, balki tarmoq ishlab chiqaruvchilari tomonidan yaratilgan tashkilot bajarishi kerak. Albatta, uyushmaga a’zolik ixtiyoriy bo‘lishi va uning a’zolari davlat tomonidan belgilangan imtiyoz va yordamlardan foydalanmasligi kerak.
Muallif fikri tahririyat nuqtayi nazarini ifoda etmasligi mumkin.
Mavzuga oid
14:59 / 23.11.2024
O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi ta’limi sohasiga Belgiya tajribasi joriy etiladi
12:32 / 23.11.2024
Ummon O‘zbekistondan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini import qilmoqchi
15:45 / 21.11.2024
Ummon O‘zbekistondan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini import qilmoqchi
12:10 / 20.11.2024