Jahon | 10:41 / 08.04.2023
12433
8 daqiqa o‘qiladi

BMT Xavfsizlik kengashi: uni isloh qilish mumkinmi?

Ikkinchi jahon urushidan keyin BMT kelgusi urushlarning oldini oluvchi mexanizm sifatida tuzilgan edi, biroq bugungi kunga kelib bu mexanizm ishlamayotgani ayon bo‘ldi.

Foto: BMT Xavfsizlik Kengashi. Foto Xie E / XinHua / Global Look Press

Shu kunlarda Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik kengashini isloh qilish masalasini ko‘tardi.

«Bugungi kunda insoniyat taqdirini beshta davlat changaliga tashlab qo‘ygan xalqaro tartib ortiq barqaror emasligi ma’lum bo‘lmoqda. BMT Xavfsizlik kengashi inklyuziv va umumqamrovli tushuncha bilan isloh qilinishi juda zarur», — degan Erdo‘g‘an.

Zamonaviy xalqaro tizim Ikkinchi jahon urushi yakunlariga ko‘ra yaratilgan. Uning bugungi qirralari bu urushda g‘alaba qozongan davlatlar tomonidan belgilangan. Birinchi navbatda, SSSR, AQSh, Buyuk Britaniya, Xitoy va Fransiya tomonidan. 1945 yilning 25 iyunida qabul qilingan Birlashgan Millatlar Tashkiloti nizomida urushdan keyingi jahon tartibi qoidalari mana shu beshlik manfaatlari yo‘lida shakllantirilgan.

Bir tomondan, bu mantiqli va BMTni tuzish g‘oyasi Ikkinchi jahon urushi mobaynida antihitlerchilar koalitsiyasi davlatlari tomonidan ilgari surilgani bilan asoslanadi. Ularning o‘sha vaqtdagi bosh maqsadlari Germaniya revanshizmi va Yaponiya imperializmini ortiq bosh ko‘tarishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘lgan.

Ikkinchi tomondan, bunday jahon tartibi boshqa ko‘plab davlatlarga nisbatan adolatsizlik ekani oydinlashmoqda, chunki dastlabki bosqichda BMTga 50 ta davlat a’zo bo‘lgan. Bugunga kelib bosh xalqaro tashkilotga a’zo davlatlar soni 193 taga yetgan.

Hozirgi BMTning asosiy muammosi — Xavfsizlik kengashiga a’zo besh davlat: AQSh, Buyuk Britaniya, Xitoy, Fransiya va sovet ittifoqining huquqiy vorisi Rossiya ega bo‘lib turgan veto huquqi. BMT Nizomida ta’sischi davlatlarda bunday huquq belgilanmagan, biroq Nizomining 27-moddasi 3-bo‘limida protsedurali masalalardan tashqari barcha masalalar bo‘yicha qarorlar «kengash barcha doimiy a’zolarining ovozlari berilganidan so‘ng» qabul qilingan deb hisoblanishi belgilab qo‘yilgan.

Boshqacha qilib aytganda, bu bir to‘xtam prinsipi besh davlatdan birining qarshi ovoz berishi yoki ovoz berishga ikkilanishi ham defakto unga veto qo‘yganidan darak beradi.

Zamonga mos kelmay qolgan bu tizimni isloh qilish haqida anchadan buyon aytilib kelinayotgan edi. BMTning ayni damdagi Nizomi tuzilgan paytda hozirgi juda yirik va ta’sir doirasi keng hamda keyinchalik bu xalqaro tashkilotga a’zo bo‘lgan davlatlar yo‘q edi.

Gap, masalan, Hindiston haqida bormoqda. U 1947 yilga kelib davlat mustaqilligiga ega bo‘lgan. Bugun esa kosmik va yadroviy barqudrat davlat 1,4 mlrd aholiga ega.

Germaniya yoki Yaponiya esa o‘nlab yillarki harbiy budjeti YaIM 1 foiziga teng bo‘lgan tinch, demokratik davlatlar hisoblanadi. Faqat 2022 yilning 16 dekabriga kelib — Rossiyaning Ukrainaga hujumidan so‘ng Tokio mudofaa budjetini 2 foizga ko‘tarishga qaror qildi, shunda ham yaqin 5 yil muddatga.

Buni Rossiya harbiy budjetiga solishtiring: 2022 yilda u YaIM 4,1 foizini tashkil etgan, bu RF rasmiy statistikasida aks etgan — Rossiyada harbiy xarajatlarning katta qismi yopiq moddalar hamda mudofaaga formal jihatdan aloqasi yo‘q moddalar orqali ajratiladi.

BMTning hozirgi bosh muammosi shundaki, u urushlar oldini oluvchi mexanizm sifatida yaratilgandi, biroq bugungi kunda bu mexanizm ish bermayapti. Chunki u boshqa davrda, boshqa maqsad va vazifalar uchun tuzilgan.

BMT Xavfsizlik kengashi doimiy a’zolarining veto huquqini cheklashni turli davrlarda har xil davlatlar taklif qilgan. 2014 yilda bunday taklif bilan hattoki dunyo taqdirini hal qiluvchi besh davlat biri bo‘lgan Fransiya ham o‘rtaga tashlagan. O‘shanda Fransiya tashqi ishlar vaziri BMTda chiqish qilgandi.

«Biz veto huquqidan voz kechish Xavfsizlik kengashining bu huquqqa ega bo‘lgan besh davlati tomonidan ixtiyoriy va jamoaviy ravishda qabul qilinishini istaymiz. Bu jarayon ommaviy yovuzliklar: genotsid, insoniyatga qarshi jinoyat va keng miqyosda sodir etiladigan harbiy jinoyatlarga qarshi tatbiq qilinadi», — degan Fransiya TIV rahbari Loran Fabius.

Biroq o‘shanda Fransiyaga AQSh, Buyuk Britaniya va Xitoy qo‘shilgan taqdirda ham (bunday bo‘lmagan, albatta) hech narsa yuz bermasdi, chunki Rossiya bunga doimo tish-tirnog‘i bilan qarshi.

Bu haqida gap ochilishi hamono, Moskva o‘z odatiga ko‘ra, Ikkinchi jahon urushi xotirasini o‘rtaga tiqishtiradi. Xavfsizlik kengashini anchadan beri pishib yetilgan isloh qilish mavzusini RF Ikkinchi jahon urushi yakunlarini qayta ko‘rib chiqish bahonasi bilan yakson qiladi.

Haqiqatdan ham, Ikkinchi jahon urushining barcha natijalari adolatli bo‘lmagan. Aytaylik, sovet ittifoqi tomonidan Boltiqbo‘yi davlatlari, Finlandiya hududi bir qismi, Sharqiy Prussiya, Janubiy Kuril orollari va bir qator davlatlar hududlarining annexia qilinishi…

BMT Xavfsizlik kengashining ish mexanizmiga ham avvalboshdan demokratik bo‘lmagan, kuchli davlatlar tomonidan boshqa davlatlarga qanday yashashni o‘rgatishga asoslangan imperiyacha prinsip yuklangan.

BMT Xavfsizlik kengashini isloh qilishni o‘z vaqtida Braziliya va Hindiston, Germaniya va Yaponiya ham taklif qilgan. Ular doimiy a’zolar soni oshirilishini istashgan, ammo veto huquqi cheklanishini emas.

Endi bu mavzuda Rossiyaning orqasiga «pichoq urgan» navbatdagi davlat Turkiya bo‘lmoqda — Erdo‘g‘an Xavfsizlik kengashi isloh qilinishi borasida qat’iy bayonot bilan chiqish qildi. Xarakterlisi shundaki, Moskva bu so‘zlarga e’tibor qaratgani yo‘q. Garchi bu Rossiya uchun og‘riqli mavzu va ilgarilari bunday chiqishlarga qarshi Kreml va RF Tashqi ishlar vazirligi albatta jazavali javob qaytarar edi. Bu marta na rasmiy, na norasmiy javob bo‘ldi, hattoki OAVda ham bu mavzu yoritilmadi. Bu tushunarli — Turkiya ayni vaqtda RFning eng yirik savdo-iqtisodiy hamkorlaridan biri bo‘lib qolmoqda va Moskva munosabatlar buzilishini istamaydi.

Boz ustiga, xoh Anqara, xoh boshqasi BMT Xavfsizlik kengashini isloh qilish bo‘yicha istalgan yechimlarni taklif qilaverishi mumkin, lekin bu jarayonni demokratlashtirish mexanizmi mavjud emas. To‘g‘rirog‘i, mavjud, lekin bu faraz darajasida. Buning uchun Xavfsizlik kengashiga a’zo beshta davlatning o‘zi vetodan voz kechish yoki uni cheklash darajasiga pishib yetilishi kerak. Buning uchun ularning barchasi, birinchi navbatda tanlanganlar klubining avtoritar a’zolari — Rossiya va Xitoy keskin o‘zgarishi kerak.

Mavzuga oid