Jahon | 12:53 / 11.04.2023
7710
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh maxfiy ma’lumotlar sizib chiqqanidan keyin ittifoqchilarini tinchlantirishga urinyapti - OAV

Aprel oyi boshida internetda AQSh maxsus idoralarining Isroil, Janubiy Koreya va Ukrainadagi faoliyati haqidagi ma’lumotlar paydo bo‘ldi. Politico nashrining yozishicha, Vashington ittifoqchilarni tinchlantirishga harakat qilmoqda. 

Foto: AP

AQShning yuqori martabali amaldorlari Amerika maxsus idoralarining maxfiy ma’lumotlari sizib chiqqanidan so‘ng Yevropadan tortib Yaqin Sharqqacha «hafsalasi pir bo‘lgan va sarosimaga tushgan» ittifoqchilarini tinchlantirishga harakat qilmoqda. Bu haqda 10 aprel, dushanba kuni Politico nashri manbalarga tayangan holda xabar berdi.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, AQSh Davlat departamenti xodimlari ham, razvedka va Pentagon vakillari ham ma’lumotlar sizib chiqishi haqidagi ehtimoliy qo‘rquvni yo‘q qilishga urinmoqda. Politico suhbatdoshlaridan biri AQSh, Avstraliya, Kanada, Yangi Zelandiya va Buyuk Britaniyaning razvedka alyansi bo‘lgan «Besh ko‘z» vakillari Vashingtondan ushbu mavzu bo‘yicha brifing o‘tkazishni so‘rashganini aytdi, «lekin ular hali mazmunli javob olmagan».

«Besh ko‘z»dan tashqari, AQSh tomoniga London, Bryussel, Berlin, Dubay va Kiyevda ham ma’lumotlar sizib chiqishi sabablari haqida savollar berilmoqda, deb yozadi Politico. 10 aprel holatiga ko‘ra, prezident Jo Bayden ma’muriyati ittifoqchilarga ma’lumotlar sizib chiqish darajasi haligacha noma’lumligi va tergov davom etayotganini aytgan. 

Internetda e’lon qilingan hujjatlarning aksariyati Ukrainadagi mojaroga tegishli ekanligi alohida tashvish uyg‘otadi, deb yozadi Politico. Amerika razvedkasi sobiq tahlilchisining ta’kidlashicha, sizib chiqish usuli va uning mazmuni juda g‘ayrioddiy. «Ijtimoiy tarmoqlarda qachonlardir juda ko‘p ishonchli ma’lumotlar paydo bo‘lganini eslay olmayman», dedi u. 

Mavzuga oid