Butunjahon Yer kunida sayyoramiz muammolari haqida
Har yili 22 aprel – Butunjahon Yer kuni sifatida nishonlanadi. Yarim asrdan beri nishonlanayotgan bu sanada har yili milliarddan oshiq odam sayyoramizni qiynayotgan muammolar haqida bong uradi.
Butunjahon Yer kunini nishonlash qanday boshlangan?
Butunjahon Yer kuni 1970 yildan AQShda nishonlana boshlangan. Bu paytda AQShda odamlar hali ekologiya zarar ko‘rayotgani haqida o‘ylashmagan, atrof-muhit ifloslanishi inson sog‘ligiga qanday ta’sir qilishi mumkinligi haqida ham qayg‘urmagan. Aksincha, zavodlardan ko‘p tutun chiqar, mashinalardan zararli gazlar ajralib chiqardi. Havo ifloslanishi hatto farovonlik hidi sifatida qabul qilingan.
1962 yilda yozuvchi Reycher Karsonning "Soqov bahor" besselleri sotuvga chiqqach, odamlar tabiatga yetkazilayotgan zarar haqida o‘ylay boshlashdi. Kitob atrof-muhit va ifloslanishning jamoat sog‘lig‘iga ta’siri haqida edi.
Keyinroq esa tabiat muammolari haqida Viskonsin shtatidan chiqqan senator Geylord Nelson qayg‘ura boshladi. U 1969 yilda Santa-Barbara shahridagi yirik neft to‘kilishi oqibatida yuzaga kelgan vayronagarchiliklarga guvoh bo‘ladi va nimadir qilish kerak deb o‘ylaydi. Talabalar energiyasini bilgan Nelson odamlarning ogohligini oshirish uchun ulardan foydalanish kerakligini tushunadi va ular ishtirokida namoyishlar o‘tkazishni rejalashtiradi.
Talabalar ishtirokida o‘tkazilishi kerak bo‘lgan namoyish ular maksimal darajada ko‘p ishtirok etishi uchun bahorgi ta’til va yakuniy imtihonlar oralig‘idagi ish kuniga – 22 aprelga mo‘ljallanadi. Butun mamlakatni ilhomlantirgan namoyishlarda jami 20 mln amerikalik qatnashadi. Bu o‘sha paytdagi Amerika aholisining 10 foizini tashkil qilardi. Ko‘plab kollej va universitetlar atrof-muhit yomonlashuviga qarshi namoyishlar o‘tkazishdi, shaharlar, qishloqlar, mahallalarda ham ommaviy mitinglar bo‘lib turdi.
Turli muammolar: neft to‘kilishi, zavod va elektrostansiyalarning ifloslantiruvchi ta’siri, kanalizatsiya, zaharli chiqindilar, pestitsidlar, yovvoyi tabiatning yo‘q bo‘lib ketayotganiga qarshi turli ko‘rinishda kurash olib borayotganlar 1970 yildan Yer kuni tufayli birlasha boshlashdi. Sababi ularning maqsadlari o‘xshash edi. Shu sabab Yer kuni Qo‘shma shtatlarda kamdan kam ro‘y beradigan siyosiy uyg‘unlikni yaratdi. Bitta g‘oya respublikachilar, demokratlar tomonidan ham, shaharlik, qishloqliklar tomonidan ham quvvatlandi. Natijada 1970 yil oxirigacha AQSh Tabiatni muhofaza qilish agentligi tuzildi va ekologiyaga oid qonunlar qabul qilina boshlandi.
Xalqaro daraja
1990 yilda esa Yer kuni xalqaro darajada ommalashdi va shu kuni 141 davlatdan 200 mlndan oshiq odam atrof-muhit muammolari haqida qayg‘urishini ko‘rsatdi. 90 yilgi Yer kuni dunyo bo‘ylab qayta ishlash tushunchasi ommalashishiga va 1992 yilda Rio-de-Janeroda Yer sammiti o‘tkazilishiga turtki bo‘ldi. AQSh prezidenti Bill Klinton senator Nelsonni Er kuni asoschisi sifatidagi roli uchun Qo‘shma Shtatlarda tinch aholiga beriladigan eng oliy mukofot – Prezidentning Ozodlik medali bilan taqdirladi.
2000 yilga kelib Butunjahon Yer kunida dunyo liderlariga ekofaollarning qat’iy pozitsiyasi bildirildi: dunyo bo‘ylab odamlar muqobil energiya va iqlim isishi borasida tezkor harakatlarni talab qildi.
Hozirgi kunda EARTHDAY.ORG tashkiloti tuzilgan bo‘lib, har yili Butunjahon Yer kunida 193 dan ortiq davlatdan bir milliarddan oshiq odam ekologik harakatlarda qatnashadi.
Butunjahon Yer kuni dunyodagi eng yirik dunyoviy bayram sifatida e’tirof etilgan. Bu sananing ahamiyati, toza atrof-muhit uchun kurashish ishtiyoqi esa kundan kunga ortib boryapti: sababi iqlim o‘zgarishining vayronagarchiliklari ham yaqqolroq namoyon bo‘lib boryapti.
EARTHDAY.ORG sayti orqali fuqarolar turli ko‘rinishda bu sanani nishonlashga o‘z hissasini qo‘shishlari mumkin:
2023 yilgi Butunjahon Yer kunida men...
- iqlim savodxonligimni oshiraman;
- daraxt ekaman;
- Yer uchun ovoz beraman;
- plastikli ifloslanishni tugatishga hissa qo‘shaman.
Yerda mavjud eng katta muammolar nimalar?
Garchi atrof-muhitga oid juda ko‘p muammoli holatlar bo‘lsa-da, 2023 yil nuqtai nazaridan eng yiriklarini sanab o‘tish mumkin.
Iqlim isishi
Hozirgi kunda iqlim sanoatdan oldingi davrga qaraganda 1,15 daraja issiqroq. Lekin harorat ko‘tarilishi 1,5 darajadan oshib ketmasligi kerak.
Sayyoramizdagi karbonat angidrid miqdori oxirgi marta bundan 4 mln yil oldin xuddi hozirgidek yuqori ko‘rsatkichda bo‘lgan. Issiqxona gazlari chiqindilarining ko‘payishi global isishni tezlashtirdi. Bu esa, o‘z navbatida halokatli hodisalarga sabab bo‘lyapti: Avstraliya va AQShda misli ko‘rilmagan yirik o‘rmon yong‘inlari kuzatilyapti, chigirtkalar dunyo bo‘ylab ko‘payyapti. Osiyo, Yaqin Sharq va Osiyoda ekinlarning nobud bo‘lishi, Antarktida haroratining ilk marta 20 gradusdan oshishi kuzatildi.
Olimlar Yer sayyorasi uchun halokatli oqibatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan bir qancha pik chiziqlar kesib o‘tilgani haqida doimiy ogohlantirib kelishmoqda. Amazon o‘rmonlarining qisqarishi, Arktikadagi abadiy muzlarning erishi, Grenlandiya muz qatlamining misli ko‘rilmagan darajada erishi shular jumlasidan.
Siyosiy qarorlar qat’iy emasligi
Iqtisodchilar va ekofaollar siyosiy rahbarlarga issiqxona gazlarini chiqaruvchi faoliyat turlarini qimmatlashtirishni taklif qilib kelishadi. Issiqxona gazlari – muammolarning eng asosiylaridan biri hisoblanadi. Lekin bu boradagi sustkashlik karbonat angidrid iste’moli foizi past bo‘lgan innovatsiyalarning ham rag‘batlantirilishiga salbiy ta’sir qilyapti. Issiqxona gazlarini qisqartirish uchun esa nafaqat yashil energiya texnologiyalarini qo‘llab-quvvatlash, balki boshqa siyosatlarni amalga oshirishlari ham kerak bo‘ladi.
Ayni paytda 27 ta davlatda karbonat angidrid uchun milliy soliq joriy qilingan. Biroq 2019 yilga o‘rganishlarga ko‘ra, bu soliqlar yetarli darajada samarali emas deb topilgan.
Lekin, masalan, Shvetsiyada bu soliq samarali ishlaydi va natijada 1995 yildan buyon mamlakatda ifloslanish darajasi 25 foizga qisqargan. Shuning bilan birga mamlakat iqtisodi 75 foizga kengaygan.
Oziq-ovqat isrofi
Insoniyatning uchdan bir qismini boqish uchun yetadigan miqdordagi 1,3 mlrd tonna oziq-ovqat isrof qilinadi yoki yo‘q bo‘lmoqda. Buncha oziq-ovqat 3 mlrd odam uchun yetadi. Isrof bo‘lgan oziq-ovqatlaridan chiqadigan gazlar yillik issiqxona gazlarining uchdan bir qismini tashkil qiladi. Agar buni bir davlat chiqaradigan karbonat angidrid bilan tenglashtirish mumkin bo‘lsa, miqdor jihatdan Xitoy va AQShdan keyin uchinchi o‘rinni band qilgan bo‘lardi.
Isrof rivojlangan va rivojlanayotgan davlatlarda turli ko‘rinishda sodir bo‘ladi. Rivojlanayotgan davlatlarda oziq-ovqatning 40 foizi yig‘im-terim va undan keyingi qayta ishlash davrida nobud bo‘lsa, rivojlangan davlatlarda 40 foiz oziq-ovqat chakana savdo va iste’mol davrida yo‘qotiladi.
Xilma-xillikning yo‘qolishi
Oxirgi 50 yilda iste’moli oshishi, tug‘ilish ko‘payishi, global savdo va urbanizatsiya natijasida insoniyat Yer resurslarini shu qadar ko‘p ishlatdiki, miqdor o‘rnini to‘ldirish mumkin bo‘lganidan ham ko‘proq. Xalqaro Yovvoyi tabiat fondi ma’lumotiga ko‘ra, 1970–2016 yillarda sut emizuvchi, baliq, qush, sudralib yuruvchi va amfibiyalar soni 68 foizga qisqargan.
Tahlillarga ko‘ra, yovvoyi olamning oltinchi ommaviy qirg‘ini tezlashib bormoqda. 500 dan ortiq tur 20 yil ichida yo‘q bo‘lib ketishi mumkin. Agar insoniyat tabiat buzg‘unchiligida faol bo‘lmaganda edi, bu qirg‘in muddati kelguncha minglab yillar kerak bo‘lar edi.
Bundan tashqari, plastik chiqindilarning ko‘pligi, o‘rmonlarning kamayib borayotgani, havoning ifloslanishi, muzlarning erishi va dengiz sathining ko‘tarilayotgani, suv va oziq-ovqat xavfsizligining xavfda qolayotgani kabi muammolar ham Yer sayyorasini qiynayapti.
Mavzuga oid
10:56 / 03.11.2024
Toshkent shahri havosida rekord darajada ifloslanish qayd etildi
21:13 / 31.10.2024
Tipratikan yo‘qolib ketish arafasidagi tur sifatida Qizil kitobga kiritildi
15:30 / 31.10.2024
Qozog‘iston parlamenti Qozog‘iston va O‘zbekistonning ekologik tashabbuslari to‘g‘risidagi hujjatni ma’qulladi
16:27 / 29.10.2024