O‘zbekiston | 21:14 / 26.04.2023
9718
23 daqiqa o‘qiladi

Energetika islohoti – kimdan o‘rnak olish kerak?

Energetika sohasi bo‘yicha xalqaro ekspert Ravshan Xo‘janov Kun.uz'ga taqdim etgan maqolasida Yevropa va O‘zbekiston energetika bozorlarini tahlil qiladi, elektr energiya iste’moli va aholi daromadlarini solishtiradi.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston hukumati energetika sohasini yaxshilash bo‘yicha ko‘plab to‘g‘ri qadamlar tashlamoqda: qayta tiklanadigan energiya ishlab chiqarish hajmini oshirish (bu bilan qazib olinadigan yoqilg‘iga qaramlikni kamaytirish, ekologik vaziyatni yaxshilash mumkin), energetika tizimlarining samaradorligini oshirish, energiya sarfini kamaytirish, aholi o‘rtasida energiyani tejash madaniyatini rivojlantirish, elektron hisoblagichlarini o‘rnatish (elektron hisoblagichlar energiya sarfini to‘g‘ri o‘lchash va to‘lovlarni qulay qilish, korrupsiya va tovlamachiliklardan xoli amalga oshirish imkonini beradi) – shular jumlasidan.

GDR va GFR birlashganda

Men Germaniyaning sobiq GDR hududida bir muddat yashaganman. Bir paytlar bu yerda IES tizimi sobiq sovet tizimiga o‘xshash edi, ikki Germaniya birlashgandan keyin energiya tizimi noldan yangilandi. 2022 yilda Germaniyaning umumiy elektr energiyasi iste’moli 483,9 mlrd kVt·soatni tashkil etdi, bu – dunyodagi beshinchi ko‘rsatkich. O‘zbekistonda esa umumiy elektr energiyasi iste’moli 65 mlrd kVt·soatni tashkil etgan (dunyodiga 61-ko‘rsatkich), Germaniya O‘zbekistondan 7,4 baravar ko‘proq elektr energiya iste’mol qilgan.

Germaniyada va O‘zbekistonda elektr iste’moli

Germaniya va O‘zbekistonda elektr energiyasi iste’moli taqsimoti bir-biridan farq qiladi. Germaniyada iste’molning eng katta ulushiga ishlab chiqarish va sanoat (42%), shuningdek, uy xo‘jaliklari (27%) to‘g‘ri keladi. O‘zbekistonda elektr energiyasi iste’molining eng katta ulushini ishlab chiqarish (44%) va transport (27%) egallaydi.

2022 yil holatiga ko‘ra, Germaniya aholisi 84,3 millionga yaqin, O‘zbekistonda esa 36 milliondan oshib ketdi. Garchi, O‘zbekistonda aholi soni kamroq bo‘lsa-da, Germaniyada aholi jon boshiga energiya iste’moli va to‘lovi O‘zbekistonga qaraganda sezilarli darajada yuqori. Germaniyada elektr energiyasi va ish haqi o‘rtasidagi farq O‘zbekiston bilan solishtirganda sezilarsiz ekaniga bir qancha omillar mavjud. Bu ikki davlatning iqtisodiy rivojlanishi, texnologik darajasi va infratuzilmasidagi farqlar bilan bog‘liq. Germaniyada o‘rtacha ish haqi esa O‘zbekistonnikidan ancha yuqori, bu esa qo‘shimcha elektr xarajatlarini qoplashi mumkin. Ammo ikki davlatdagi iqtisodiy vaziyatni to‘liq taqqoslash uchun ishsizlik, inflatsiya, ijtimoiy nafaqalar va boshqalar kabi boshqa omillarni ham hisobga olish zarur.

Germaniyada maishiy iste’molchilar uchun elektr energiya narxi O‘zbekistonnikidan sezilarli darajada yuqori. O‘tgan yili Germaniyada maishiy iste’molchilar uchun elektr energiyaning o‘rtacha narxi 1 kV·soat uchun o‘rtacha 0,35 yevroni, O‘zbekistonda bu esa o‘rtacha 0,035 yevroni tashkil qilgan.

Germaniya va O‘zbekistonda minimal daromad

Germaniyada ish beruvchilar o‘z xodimlariga to‘lashlari kerak bo‘lgan eng kam ish haqi bor. 2023 yildan boshlab Germaniyada eng kam ish haqi soatiga 12 yevroni tashkil qilib, to‘liq ish kuni (kuniga 8 soat) ishlaydigan xodim oyiga kamida 1920 yevro olishi kerak. O‘zbekistonda esa taxminan 100 yevroni tashkil etadi. Nega 100 yevro deyapman? Chunki O‘zbekistonda ko‘pchilikning qo‘shimcha daromadi bor.

Bir qancha omillarni hisobga olganda, xarajatlardan keyingi qolgan summa ikki davlatda bir-biriga yaqinlashib qolishi mumkin. Zero Germaniyada O‘zbekistonga qaraganda juda katta sarf-xarajatlar bor: deyarli barcha ijarada turadi, kommunal va elektr va issiqlik energiya xarajatlari mavjud yuqori. Germaniyada 1 xonali ijara narxi eng yuqori bo‘lgan shaharlar – Myunxen (1280€), Frankfurt (1035€), Berlin (960€). Eng past ijara narxlari Bremen (690€) va Laypsigda (590€).

Germaniyada turmush darajasi dunyodagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan biri bo‘lib, yashash narxi boshqa Yevropa mamlakatlariga qaraganda o‘rtachadan past. Germaniyada o‘rtacha oila oyiga taxminan 2500€ sarflaydi, shundan taxminan 920€ kommunal to‘lovlar uchun, taxminan 390€ oziq-ovqat uchun, 325€ transport uchun va 240€ dam olish uchun va taxminan 630€ boshqa xarajatlar uchun ajratiladi.

Germaniyada ijtimoiy himoya

Germaniyada yiliga 14 109€dan kam maosh oladigan aholi kam daromadli guruhga kiradi (bu guruhga aholining taxminan 15% kiradi). Ayollar erkaklarga qaraganda kambag‘allik chegarasidan biroz ko‘proq daromad olishadi. Qashshoqlik chegarasidan past daromadga ega bo‘lgan boshqa ijtimoiy guruhlarga yolg‘iz ota-onalar (27%), ishsizlar (74%) va ta’lim darajasi past odamlar (25%) kiradi.

Energiya iste’moliga chuqurroq nazar

Germaniyada elektr energiyasining asosiy iste’molini sanoat (42%), uy xo‘jaliklari (29%), transport va ko‘chalarni yoritish kabi boshqa maqsadlar (29%) tashkil etadi.

O‘zbekistonda elektr energiyaning asosiy iste’molchilari sanoat (45%), uy-joy kommunal sektori (31%), qishloq xo‘jaligi (9%) va boshqa maqsadlar (15%) hisoblanadi. Har ikki davlatda sanoat elektr energiyasining asosiy iste’molchisi hisoblanadi. Biroq O‘zbekistonda uy-joy kommunal sektori va qishloq xo‘jaligi ham elektr energiyasining salmoqli qismini iste’mol qiladi.

Federal tarmoq agentligi (Bundesnetzagentur) ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yil may holatiga ko‘ra, Germaniyada ishlab chiqarish manbalarining umumiy o‘rnatilgan sof quvvati 232 GVtni, shu jumladan ekspluatatsiya 218 GVtni tashkil etgan.

Ta’kidlash joizki, mavjud elektr stansiyalarining o‘rnatilgan quvvatlari tarkibida (218 GVt – diagrammaga qarang): 61,8% muqobil energiya manbalari, jumladan, shamol, quyosh, geotermal elektr stansiyalari, biomassa va chiqindilarni yoquvchi elektr stansiyalari; 6,7% GES va GAES tashkil etadi. Shundan ko‘rinadiki, muqobil energiyaning umumiy ulushi 68,5% ni tashkil qiladi. Organik yoqilg‘ilarni (jami 27,9%) yoquvchi IESlarning sof o‘rnatilgan quvvatlar tarkibida 50,2 foizini ko‘mir, 45,1 foizini tabiiy gaz va 4,8 foizini suyuq yoqilg‘i tashkil etadi. Atom energetikasining ulushi (uchta reaktor) 1,9% ni tashkil qiladi.

Germaniya energetika bozorining katta qismi xususiy kompaniyalar qo‘lida bo‘lib, yirik sanoat korxonalari Energetika vazirligidan elektr energiyasini sotib oladi. O‘z navbatida, aholi energiyani kichik xususiy firmalardan oladi. Elektr energiyasi uchun tariflarning soni ko‘p, ular oddiy aholi uchun mo‘ljallangan.

Germaniya energiya bozori 900 ga yaqin ishtirokchini o‘z ichiga oladi. Ammo yaqindan beri yirik korporatsiyalar va kompaniyalarni birlashtirish tendensiyasi kuzatilib kelinadi. Germaniyaning 8 ta yirik energetika kompaniyasidan ikkitasi – Viad va Veba birlashish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda.

Ilgari O‘zbekistonda elektr energiya iste’moli uchun to‘lovlarni aholidan undirishda qiyinchiliklar bo‘lgan bo‘lsa, elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi (ASKUE) loyihasi amalga oshirilgach, to‘lov hajmi 80-90 foizga yetdi.

Germaniyada pul undirmalari aholining bank hisobidan avtomatik tarzda yechib olinadi. Oldindan bir yil uchun to‘lagan iste’molchilar uchun chegirmalar mavjud bo‘lib, masalan, agar besh kishilik oila bir yil uchun oldindan 6000 kVt to‘lovni amalga oshirsa, ularga to‘langan summaning 15 foizgacha chegirma yoki 300 yevro bonus berilishi mumkin. Ammo oldindan sotib olingan limitidan oshib ketgan taqdirda elektr energiya iste’moli uchun ikki baravar ko‘proq to‘lashga to‘g‘ri keladi.

Oilam bilan Germaniyaga ilk bor kelganimda Drezden markazida 3 xonali kvartira ijaraga olgan edik. Elektr va hokazolar uchun har doim mening bank hisobimdan belgilangan miqdor yechilgan. Yil oxirida men bir yil uchun taxminan 800 yevro qo‘shimcha to‘lashim kerak bo‘lgan. Keyingi yil esa tejamkorligim sabab taxminan 150 yevro qaytarib berishdi yoki kelgusi oylar uchun to‘lovni mendan soqit qilishdi. Mazkur 10 qavatli uyda qariyb 6 yil yashaganimdan keyin, xuddi shu uyning xona ichidagi issiqlik yo‘qolishini oldini oluvchi izolyatsiya qilingan 5 xonali uyiga ko‘chdim (qiziq tomoni, sharqiy Germaniyadagi qurilgan uylar sobiq sovet davridagi uylar kabi qurilgan bo‘lib, O‘zbekistondagi qurilgan uylardan hecham farq qilmaydi).

Nemislar tejamkorlikka intiluvchi xalq bo‘lgani uchun, energiyani tejashni ham davlat, ham uylarni ijaraga beruvchi xususiy kompaniyalar qo‘llab-quvvatlaydi.

Avvalgi uyimda faslning sovuq va iliq kunlarida ham isitish tizimidan foydalangan bo‘lsam, izolyatsiya qilingan uyda qishning sovuqli kunlarida ham deyarli isitish tizimidan foydalanmadim. Binoning tashqi devorlari izolyatsiyasi sharofatidan yozning jazirama kunlarida ham uy ichi salqin bo‘ldi.

Germaniyada panelli uylarni issiqlik izolyatsiya qilish

Mana bu yerdan tarif hisob-kitobidan foydalangan holda xarajatlarni taxminiy baholash yoki elektr energiyasini yetkazib berish uchun maqbul tarifni topish mumkin.

Germaniyada elektr energiyasining o‘rtacha narxi mintaqa, provayder va tarif turi kabi ko‘plab omillarga bog‘liq. Uch kishilik oila yiliga o‘rtacha 2500 kVt·soat elektr energiya (0,34€) iste’mol qiladigan bo‘lsa, bu oyiga 200 kVt·soatni, yillik xarajat esa 850 yevroni tashkil qiladi.

Maishiy iste’molchilar uchun tariflar 2 turdan iborat:

iste’mol qilinadigan energiyaning 1 kVt·soat narxi (iste’molga bog‘liq) – elektr energiyasini ishlab chiqarish va uzatish uchun kompensatsiya sifatida xizmat qiladi;

yetkazib berish uchun o‘zgarmas to‘lov – elektr energiyadan foydalanish tarifi (iste’molga bog‘liq emas) va tarmoq kompaniyasining umumiy elektr tarmoqlariga ulash joylarini ishchi holda ushlab turish xizmatlarini qoplash, shuningdek, hisobga olish va ko‘rsatkichlarni olish asboblari bilan ta’minlash; yiliga o‘rtacha 50-100 yevroni tashkil etadi.

Germaniyada elektr energiya narxi so‘nggi yillarda keskin o‘sishda davom etmoqda. Germaniya Federal statistika boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yilda maishiy iste’molchilar uchun elektr energiyasining o‘rtacha narxi bir kVt·soat uchun 31,9 sentni tashkil etgan. Bu 2020 yilga nisbatan 5,5 foizga oshgan. 2022 yilning aprel, may va iyun oylari holatiga ko‘ra, Germaniyaning 826 ta yirik elektr ta’minotchilari elektr energiyasi narxlari oshishini e’lon qilgan. Verivox taqqoslash portali ma’lumotlariga ko‘ra, tariflar o‘rtacha 19,5 foizga oshdi, bu esa 13 millionga yaqin uy xo‘jaliklariga o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. Misol uchun, 2022 yil aprel oyida Germaniyada kommunal energiya provayderlari 1 kVt uchun 45-50 sent atrofida tariflarni taklif qilishgan edi. Bu qayta tiklanadigan manbalardan energiya ishlab chiqarish va taqsimlash narxining oshishi, shuningdek, energetika sektoriga soliq va yig‘imlarning oshishi kabi turli omillar bilan bog‘liq. Bundan tashqari, Germaniya va boshqa Yevropa davlatlari Rossiyadan tabiiy gaz importini kamaytirish siyosati gaz va elektr energiyasi narxining oshishiga olib keldi. Shunga qaramay, Germaniya hukumati elektr energiyasi narxining oshishini jilovlash, jumladan soliq siyosatini isloh qilish va samaraliroq energiya texnologiyalarini rivojlantirishni rag‘batlantirish yo‘li bilan choralar ko‘rmoqda.

O‘tgan yili Yevropa Ittifoqining statistika idorasi – Yevrostat birinchi marta Yevropa mamlakatlari uchun elektr energiyasi narxlarini e’lon qildi.

Jadvaldagi reytingga ko‘ra, YeI davlatlaridan elektr energiyasining eng past narxi Bolgariya bo‘lib, bir kVt·soat uchun 11 yevrosentni tashkil etadi, bu O‘zbekistonning turmush darajasiga yaqin bo‘lgan davlatdir.

Yevropa hukumatlari atom elektr stansiyalaridan qisman yoki to‘liq voz kechib, qayta tiklanadigan energiyani rivojlantirishni izchillik bilan qo‘llab-quvvatlamoqda. Aksariyat fuqarolarning roziligini olgan ushbu qo‘llab-quvvatlashning bir usuli – elektr energiyasi narxini oshirishdan iboratdir.

Hozirgi holatda Germaniya elektr energiya bozorida an’anaviy elektr stansiyalari uchun elektr energiyani ishlab chiqarishning joriy xarajatlari tegishli to‘liq yuklanish soatlari va yoqilg‘i hamda CO2 sertifikatlari uchun narxlar quyidagicha: 2018 yilda qurilgan qo‘ng‘ir ko‘mirli IESlarda 1 kVt·soat elektr energiyaning ishlab chiqarish tannarxi 4,59-7,98 sentgachani tashkil etadi. Yirik toshko‘mir IESlarida 6,27-9,86 sentgacha, gaz turbinali IESlarda esa eng yuqori narxga 12-29 sentga teng bo‘ldi. Biroq, so‘nggi voqealar ortidan 1 kVt·soat gaz narxi 20 sentgacha keskin oshib ketdi. Gaz va bug‘ turbinali (GBU) elektr stansiyalarida ishlab chiqarish tannarxi 1 kVt·soat uchun biroz yaxshiroq 8-13 sentni tashkil qilmoqda. Biroq, xarajatlar o‘tgan yilga nisbatan sezilarli darajada oshishi kutilmoqda. Bu xarajatlarni IESlarning yuqori samaradorligi bilan qoplab bo‘lmaydi. Oxirgi yillarda maishiy iste’molchilar va kichik biznes sub’yektlari uchun elektr energiyasi narxi 60 foizdan ortiq oshdi.

Germaniya iste’molchilar uchun elektr energiya narxi bo‘yicha Yevropada Daniya va Belgiyadan keyin uchinchi o‘rinda turadi. Nemis oilasi sof daromadining taxminan 2 foizini elektr energiyasiga sarflaydi. Hisoblash quyidagicha amalga oshirildi: Germaniyada o‘rtacha daromad 2023 yilda 27.416 yevroni (farzandsiz, soliq sinfi 1) tashkil etadi (Manba: Statistisches Bundesamt – Destatis); kishi boshiga elektr energiyasi narxi ~ 500 evroga to‘g‘ri keladi, ya’ni 600€/27.416€=1,8% yoki sof ish haqining 2% dan sal ko‘proq, kuniga atigi 1,7 yevroni tashkil etadi.

Biroq, kuniga 1,7 yevro ham ko‘p oilalar uchun og‘ir yukdir. Regulyator – Federal tarmoq agentligining statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2021 yilda 235 ming xonadon uchun (2020 yilda 230 ming xonadon) elektr energiyasi to‘lanmaganligi sababli to‘xtatilgan. 2019 yilda 289 ming xonadon elektr energiyasidan uzilgan. 2021 yilda 4,0 mln iste’molchilarning qarzi 100 yevrodan ortiq bo‘lgani uchun va boshqa barcha qarzlarni undirish usullari (masalan, eslatma yoki ogohlantirish – Zahlungserinnerung, Mahnung) foyda bermagan taqdirdagina elektr energiya uzilishi haqida ogohlantirishlar yuborilgan. Bu Germaniyadagi barcha uy xo‘jaliklarining taxminan 10 foizni tashkil qiladi. Suv ta’minotidan farqli o‘laroq, elektr energiya ta’minotidan uzilishni sudda asoslash va texnik jihatdan amalga oshirish osonroq. Bundan tashqari, elektr energiya ta’minotining qayta tiklanishi qo‘shimcha 200 yevrodan ortiq xarajatlarga olib keladi.

Yevropada turmush darajasi va tariflar

Dunyodagi so‘nggi global voqealar inflatsiyaga olib keldi, bu o‘tgan yillarga qaraganda ancha yuqoridir. Ammo uning ortidan minimal stavkalarning oshishi kuzatildi.

Butun dunyo pandemiya va Ukrainada davom etayotgan urush oqibatlari bilan kurashmoqda. Inflatsiya esa rekordlarni yangilamoqda. Muammolarga qaramasdan, aksariyat davlatlar eng kam oylik ish haqini oshirish ijtimoiy-iqtisodiy siyosatning ajralmas qismi, hatto mana shunday og‘ir davrda ham buni e’tibordan chetda qoldirmaslik kerak degan fikrga kelgan.

Yevropada turmush darajasi O‘zbekiston bilan solishtirganda albatta sezilarli yuqori. Biroq oxirgi paytda bizning restoranlarimiz va kiyimlarimiz ularnikidan farq qilmay qolyapti. Yevropaliklarning katta qismi, masalan, qishda kvartirasini yetarlicha isitishga moliyaviy tomondan qodir bo‘lmay qolyapti, yilning sovuq kunlarida uy ichida issiq kiyim va paypoq kiyib yurishga majbur bo‘lishyapti.

O‘zbekistondagi markazlashtirilgan isitish tizimi aslida hashamatdir. Nemis professor ustozim yo‘lda yo‘qotiladigan issiqlik uchun ham pul to‘lashimiz kerak, shuning uchun issiqlikni tejash uchun uyda qalinroq kiyinib yurish kerak degan edi. Yevropada hamma narsa joy-joyiga qo‘yilgan, ammo evaziga har bir fuqaroga katta miqdorda soliq solinadi.

Eng malakasiz yevropaliklar soliqlardan keyin qancha maosh olishlarini solishtirish juda qiziq.

Dunyo mamlakatlaridagi eng kam ish haqi (soliq to‘lagandan keyin ham) siz xavotirsiz sarflashingiz mumkin bo‘lgan pul miqdori aniq emas. Birinchidan, siz ijara (yoki ipoteka), sog‘liq sug‘urtasi, bola uchun bog‘cha-maktab uchun to‘lashingiz kerak bo‘ladi. Shundan keyingina oziq-ovqat uchun biror narsa qoladi, bu ham qimmat do‘konlarida xarid qilish uchun emas.

Quyida Yevropaning alohida davlatlari uchun eng kam ish haqi keltirilgan (2023):

Izoh: Yuqoridagi eng kam oylik ish haqlarini solishtirganda shuni hisobga olish kerakki, mamlakatda ish haqi darajasi bir qancha muhim omillardan iborat. Ishsizlik darajasi, YaIM, hayot darajasi va milliy iqtisodiyotning holati shular jumlasidan.

Yana shuni unutmaslik kerakki, yuqori daromadlar odatda yuqori soliqlarga olib keladi. Shunday qilib, har bir narsaning afzalliklari va kamchiliklari bor.

Ruminiya elektr energiya narxi oshishi darajasi bo‘yicha YeIda ikkinchi o‘rinda turadi. Yevropa statistika byurosi boshqa mamlakatlarda ham narxlar oshganini e’lon qildi. Chexiyada maishiy iste’molchilar uchun elektr energiyasi narxi 2022 yilning birinchi yarmida 2021 yilning ikkinchi yarmiga nisbatan 38 foizga, Ruminiyada esa 32 foizga oshdi. Bu bilan o‘sish 11,6 foizni tashkil etgan qo‘shni Kipr davlatini ortda qoldirdi. Ruminiyadan keyin safda Gretsiya, Avstriya va Latviya turadi.

Ruminiyada elektr energiya narxining o‘sish reytingida ikkinchi o‘rinda bo‘lishiga qaramay, ruminiyaliklar 2017 yilda elektr energiyasi uchun YeIdagi eng past tariflardan birini to‘lashgan. 100 kVt·soatning narxi 12,5 yevroni tashkil etgan. Bolgarlar kamroq (atigi 9,8 yevro) to‘lagan bo‘lsa, ikkinchi o‘rinda litvaliklar, vengerlar va xorvatlar turibdi. Ammo sotib olish qobiliyatini hisobga oladigan bo‘lsak, vengerlar qo‘shni Daniya, Belgiya va Germaniyadan keyin YeIdagi eng qimmat energiyadan birini iste’mol qiladilar. Ruminiyada 2021-2022 yillarda o‘rtacha ish haqi 660 yevro atrofida.

Boltiqbo‘yi

O‘tgan yili iyun oyida Boltiqbo‘yining barcha uchta davlatida: Latviya, Litva va Estoniyada elektr energiya qimmatlashdi. Elektr energiya narxi 1 kVt·soat uchun Litvada 35%ga, Latviyada 33%ga, Estoniyada 15% ga – 76,91 yevrogacha oshdi. Narxning oshishi birinchi navbatda energiya mahsulotlari narxining oshishi bilan bog‘liq.

Shuningdek, Boltiqbo‘yi mamlakatlarida elektr energiyasi iste’moli 5 foizga, ya’ni 529 GVt·soatgacha oshgan. Estoniyada u 8 foizga, 1173 GVt soatgacha oshgan. Litvada va Latviyada – 3 foizga -225 GVt soatgacha va 131 Gvtgacha oshgan.

Boltiqbo‘yi davlatlarida joriy yilning mart oyi oxirida elektr energiyasi ishlab chiqarish 3 foizga oshib, 378 GVt·soatni tashkil etdi. Litvada ishlab chiqarish hajmi 14% ga kamayib, 199 GVt·soat tashkil etdi. Latviyada ishlab chiqarish 38 foizga oshib, 209 GVt·soatni tashkil etgan bo‘lsa, Estoniyada 29 foizga kamayib, 98 GVt·soatni tashkil qildi.

O‘tgan yilning butun yozi davomida Boltiqbo‘yi mamlakatlarida elektr energiyasi narxi oshgan bo‘lib, so‘nggi yillardagi bir nechta rekordlar o‘rnatildi. Issiq ob-havo elektr energiyasiga bo‘lgan talabning oshishiga olib keldi. Shu bilan birga, qurg‘oqchilik tufayli GESlar suv omborlarida suv sathining pasayishi kuzatilgan. Rossiyaning energiya resurslari bu mamlakatlarga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatmasdan qolmadi.

So‘nggi ikki yilda Bolgariyada inflatsiya darajasi pasayib bormoqda: 2019 yildagi 2,5 foizdan 2020 yilda 1,2 foizgacha; 2021 yil uchun bu daraja biroz yuqori bo‘ldi – 2,8%. Bolgariyada maoshlar butun Yevropaga qaraganda ancha past. 10 baravar farq aholi turmush darajasidagi katta tafovutdir. Shu yilning birinchi choragida Bolgariyada eng kam ish haqi 399 yevro yoki 435 dollar, 2022 yilda esa 363 yevroga yetgan.

Latviyada eng kam ish haqi 620 yevroni, Litvada esa oyiga taxminan 840 yevroni tashkil etadi. Agar biror kishi oyiga ming yevrodan ko‘proq maosh topsa, bu juda yaxshi ko‘rsatkich hisoblanadi. Mamlakatda 2022 yilda eng kam ish haqi 549 yevroni tashkil qilgan.

Turkiyada elektr energiyaning narxi doimo o‘zgaruvchan bo‘lib, bir xilda ushlab turish imkoniyati yo‘q. Bu (shaxsiy ehtiyojlar yoki ishlab chiqarish uchun) kunning vaqti, iste’mol hajmiga bog‘liq. Biroq, o‘rtacha narxni hisoblab chiqish mumkin. Oddiy aholi uchun bu 1 kVt·soat uchun taxminan 9 yevrosentni tashkil qiladi. Turkiya tahliliy agentliklari ma’lumotlariga ko‘ra, Turkiyada 2023 yil aprel oyida o‘rtacha ish haqi 475 yevroni tashkil qilgan.

Solishtirganda

Yuqoridagilardan kelib shuni xulosa qilish mumkinki, O‘zbekistondagi yirik shaharlar bilan ba’zi Yevropa davlatlaridagi aholi ish haqi darajasi va energiya xarajatlarida farq juda katta emas. Biroq solishtirganda bizda elektr energiya tarifi juda past.

Elektr energiya tariflarini oshirish O‘zbekiston energetika sanoati daromadlarini oshirish va xorijiy investorlarni jalb qilish hamda erkin bozor yaratilishiga zamin bo‘lishi mumkin. Bunda aholi daromadlari darajasi, energiya bozoridagi raqobat, energetika infratuzilmasi holati va boshqalar kabi ko‘plab omillarni hisobga olish kerak. Muqobil energiya manbalaridan foydalanish uzoq muddatli maqsadlarda tejamkorroq bo‘lishi mumkin.

Qilinadigan ishlar: adolatli eng kam ish haqini belgilash, aholining kam ta’minlangan qatlamiga elektr energiyasidan arzonroq foydalanishni ta’minlash uchun subsidiyalar ajratish, yangi zamonaviy yuqori va past kuchlanishli elektr uzatish liniyalarini barpo qilishni davom ettirish, elektr energiyasi narxlarini tartibga solish, soliq siyosati va boshqa choralar.

Sohada islohotlarning amalga oshirilishi nafaqat iqtisodiyotda, balki aholining elektr energiya iste’moli sohasida turmush darajasini yaxshilash, barcha qatlamlar uchun ishonchli, samarali va arzon energiyadan foydalanish imkonini beradi.

Ravshan Xo‘janov,
xalqaro energetik-ekspert, Germaniya quyosh energiyasi assotsiatsiyasi va Aleksandr Gumboldt jamg‘armasi a’zosi.

Mavzuga oid