21:46 / 13.05.2023
33736

Fashistlar Germaniyasining 25 kunlik reyxprezidenti - Hitlerning vorisi haqida nimalar ma’lum?

Insoniyat tarixidagi eng dahshatli urushni boshlagan fashistlar Germaniyasining intihosi ko‘p hollarda Adolf Hitler o‘z joniga qasd qilgan sana va so‘zsiz taslim bo‘lish bo‘yicha hujjat imzolangan 8 may bilan bog‘lanadi. Ammo bu natsistlar davlatining eng so‘nggi lahzalari emasdi.

Karl Dyonits va Adolf Hitler

Hitler uni o‘zining vorisi deya e’lon qilgan

Tarixiy hujjatlarga ko‘ra, 1945 yil 29 aprel kuni fyurer bunkerda muhim siyosiy kengash o‘tkazadi. Unda hokimiyat Karl Dyonitsga topshiriladi. Dyonits armiya bosh qo‘mondoni va reyxprezident etib tayinlanadi, boshqaruv vakolatlari to‘liq unga o‘tadi, rasman Adolf Hitlerning izdoshiga aylanadi. Germaniya shimolidagi Flensburg shahrida yangi hukumat tuziladi.

Bu vaqtda Uchinchi reyx qo‘l ostida Germaniya shimolidagi yerlar, Daniya kabi kichik hududlar qolgandi. 2 may kuni Dyonits “nemis halqiga murojaati”ni e’lon qiladi. Murojaatda mamlakatga yangi rahbariyat kelgani, Hitler o‘z joniga qasd qilib qahramonlarcha (!) halok bo‘lgani ochiqlangandi.

Garchi bundan buyog‘iga qarshilik ko‘rsatish bo‘sh qopni tik qo‘yishga urinishday besamar bo‘lsa-da, yangi rahbar taslim bo‘lishga shoshilmasdi. Balki, uning ko‘ngliga vaziyatni o‘nglash va qudrati so‘ngan reyxning yangi hukmdorligiga o‘rnashish rejasi kelgandir. Ammo yakunda hammasi pufakdek yorilib ketadi.

Taslim bo‘lishdan boshqa yo‘lni ko‘rmagan Dyonits imkon qadar SSSRning g‘arbdagi ittifoqchilari bilan kelishishga urina boshladi: barcha natsistlar qatori u ham kommunistlarning ayovsiz qasos olishidan xavfsirardi. Nihoyat 7 may kuni Dyonitsning vakillari Reymsda taslim bo‘lish haqida aktni imzolaydilar.

Ammo mazkur kelishuvdan urushda eng ko‘p talafot bergan o‘jar bolsheviklarning ko‘ngli to‘lmaydi. Bir kun o‘tib Berlindagi Karlxorstda fon Keytel yana bir bor so‘zsiz taslim to‘g‘risidagi aktga imzo qo‘yadi.

Karl Dyonits 

Dyonits kim edi?

Ko‘pchilik tahlilchilarning fikricha, Dyonitsning Hitlerga ta’siri va natsistlar elitasi orasida obro‘si uncha katta bo‘lmagan, jumladan, uning qudratini SS rahbari Gimmler va vitse-fyurer Gering bilan mutlaqo solishtirib bo‘lmasdi.

Dyonits 1891 yil, Germaniya imperiyasida dunyoga kelgan. Birinchi jahon urushida german harbiy flotida xizmat qilgan va urush oxirida inglizlarga asir tushgan. Peshonasiga natsistlar Germaniyasini so‘nggi lahzalarda boshqarish yozilgan ushbu harbiy Hitler hokimiyati davrida mansab pillapoyalaridan shiddat bilan ko‘tarila boshlaydi.

Jumladan Dyonits 1942 yil admiral, 1943 yilda grossadmiral unvonlariga sazovor bo‘ladi.

1945 yil 6 mayda Dyonits tinch aholini evakuatsiya qilish haqida buyruq chiqardi va evakuatsiya ehtiyojlari uchun suvosti yoqilg‘i zaxirasini berdi. Chunki bu paytga kelib transport kemalari yoqilg‘isiz qolgan edi. 2 kun ichida 120 mingga yaqin odam evakuatsiya qilindi. Umuman olganda Dyonits boshchiligida 1945 yil 23 yanvardan 1 maygacha taxminan 800 ming qochqin, 355 ming yarador va 215 ming askar evakuatsiya qilindi.

U boshchiligidagi hukumat 1945 yilning 23 may kuniga qadar yashaydi. Shu kuni Dyonits boshchiligidagi qolgan-qutgan fashistlar amerikaliklar tomonidan hibsga olinadi.

Afsuski, yillar davomida fashizm mafkurasi xalq miyasiga shu darajada ustalik bilan quyilgan ediki, Hitler o‘lgach amalda qo‘lida hech qanday hokimiyat bo‘lmagan rahbariyatga ham ishonuvchilar topiladi. Naqadar yovuz bo‘lmasin, natsistlar propagandani a’lo darajada olib borganini qayd etmasdan iloj yo‘q.

Favqulodda yengil jazo

Millatchilar sud qilingan Nyurenberg jarayonida Dyonitsga omad kulib boqadi: insoniyat oldidagi jinoyatlari uchun unga 10 yil qamoq jazosi tayinlanadi.

Vaholanki, fyurerning “erkatoylari” – Gering, Kaltenbruner, Yodl, Keytel, Rozenberg, Ribbentroplar otuvga hukm qilingandi. Hatto Gering qamoqxonada o‘zini zaharlab, sharmandali o‘lim topadi.

Oradan o‘n yil o‘tadi...

Ikkinchi jahon urushi tugaganidan o‘n bir yil o‘tib, natsistlar Germaniyasining oxirgi rahbari ozodlik havosidan nafas olayotgandi. Ammo bu vaqtga kelib Germaniya tarixdan achchiq xulosalarini chiqarib bo‘lgan va jamiyatga Dyonitsga o‘xshagan insonlar mutlaqo kerak emasdi. Joni foydaga qolganidan suyungan sobiq rahbar shimoldagi Aumyule nomli mo‘’jaz va osuda qishloqchaga jo‘naydi hamda hayotining qolgan qismini o‘sha yerda o‘tkazadi. GFR hukumati unga admiral unvoni bo‘yicha nafaqa to‘lashdan bosh tortadi.

Karl Dyonits bir necha memuarlar muallifi sanaladi. Jumladan u “O‘n yil va yigirma kun” nomli kitob ham yozgan. Ushbu kitobda Dyonits natsizm o‘z davri mahsuli va talabi ekanini iddao qiladi. Shuningdek, o‘zining siyosatchi emas, harbiy ekanligini ta’kidlab, insoniyatga qarshi jinoyatlarda aybdor emasligini tirkab o‘tadi.

Uchinchi reyxning so‘nggi reyxprezidenti hayotiga 1980 yilda yurak xuruji nuqta qo‘yadi. Dyonitsning dafn marosimi ortiqcha dabdabalarsiz va tinch o‘tgan. Chunki Germaniya federativ respublikasi hukumati uni so‘nggi manzilga kuzatishga kelganlarda harbiycha mulozamat va dabdabani taqiqlab qo‘ygandi. Dafn marosimiga kelgan yuqori lavozimli mahalliy va xorijiy mehmonlar fuqaro kiyimida tashrif buyurishga majbur bo‘lishadi.

Butun dunyoni ag‘dar-to‘ntar qilgan, ellik milliondan oshiq odamning umriga zomin bo‘lgan natsistlar davlatining so‘nggi rasmiy rahbari hayoti shu tariqa poyoniga yetadi.

Abror Zohidov

Top