O‘zbekiston | 14:21 / 19.05.2023
4028
5 daqiqa o‘qiladi

Markaziy Osiyo va Xitoy Ishbilarmonlar kengashini tashkil etish rejalashtirilyapti

Markaziy Osiyo va Xitoy Ishbilarmonlar kengashini tashkil etish mo‘ljallanmoqda. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Markaziy Osiyo – Xitoy” sammitida ma’lum qildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

“Mintaqaviy hamkorlik bilan bog‘liq eng dolzarb masalalar bo‘yicha bizning qarashlarimiz haqida alohida to‘xtalib o‘tmoqchiman.

Eng avvalo, bu – mamlakatlarimiz va butun mintaqaning barqaror rivojlanishi uchun zarur sharoitlarni shakllantirishdan iborat. Bu masalada biz aholi turmush darajasini oshirish va kambag‘allikka qarshi samarali kurashishga ustuvor ahamiyat beramiz.

Shu borada tegishli milliy dasturlarni amalga oshirishda Xitoyning ilg‘or tajribasidan faol foydalangan holda, faqatgina so‘nggi bir yilda bir milliondan ortiq fuqarolarimizni ehtiyojmandlar toifasidan chiqarishga erishdik.

Biz kecha muhtaram Xitoy Xalq Respublikasining Raisi bilan Global taraqqiyot tashabbuslarining bosh maqsadiga erishish uchun birgalikdagi ishlarimizni davom ettirishga kelishib oldik.

Ishonchim komil, aholi hayot darajasini oshirish va hududlarni, eng avvalo, qishloq tumanlarini rivojlantirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilangan qo‘shma dasturni qabul qilish va amalga oshirish xalqlarimiz tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi hamda bu 2030 yilgacha bo‘lgan Kun tartibidagi maqsadlarga erishish yo‘lida umumiy hissamiz bo‘ladi.

Biz yangi iqtisodiy muloqotni shakllantirish va mamlakatlarimiz o‘zaro bog‘liqligini kuchaytirish tarafdorimiz”, dedi prezident.

Ta’kidlanishicha, mintaqa mamlakatlari tomonidan 2030 yilgacha Xitoy bilan tovar aylanmasi hajmini ikki barobar oshirishga bemalol erishish mumkin. Bunga birinchi navbatda sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini o‘zaro yetkazib berishning mutanosib o‘sishi, samarali savdo-logistika infratuzilmalari va zamonaviy ulgurji-taqsimlash tarmoqlarini shakllantirish, “yashil” va ekspress-yo‘laklar tizimini joriy etish, elektron tijoratning umumiy platformasini yaratish hisobidan erishiladi.

“Mamlakatlarimizda eksport va import ko‘rgazmalari, biznes va investitsiya forumlarini har yili o‘tkazib borish, Markaziy Osiyo va Xitoy Ishbilarmonlar kengashini tashkil etish muhimligini ta’kidlaymiz.

Qulay shart-sharoitlar va zaruriy huquqiy bazani shakllantirish uchun O‘zaro savdoga ko‘maklashish va investitsiyalarni rag‘batlantirish to‘g‘risida ko‘p tomonlama bitimni qabul qilish imkoniyatini ko‘rib chiqishni taklif etamiz.

Sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish, raqamli texnologiyalarni jalb etish va innovatsiyalarni, ayniqsa, qishloq xo‘jaligiga keng joriy etish masalalari Xitoyning provinsiyalari bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri hududlararo muloqotlar doirasida samarali hal etilishi mumkin.

Amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, birodarlik va sheriklik munosabatlarini mustahkamlash uchun bu yil O‘zbekistonda mamlakatlarimiz shaharlari va mintaqalarining forumi va ko‘rgazmasini o‘tkazishni taklif etaman”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ma’lum qilinishicha, xavfsiz, qisqa va qulay transport koridorlarini rivojlantirish strategik ahamiyatga ega. Ular Xitoyni mintaqa bilan bog‘lab, Yevropa, Yaqin Sharq va Janubiy Osiyo bozorlariga chiqish imkoniyatini beradi.

Trans-Yevrosiyo magistrali Buyuk ipak yo‘lini tiklash bo‘yicha ustuvor loyiha hisoblanadi. Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston avtomobil va temiryo‘li ushbu magistralning muhim tarkibiy bo‘g‘inidir. Xitoy va Qirg‘iziston bilan birgalikda bu borada amaliy ishlar bosqichiga o‘tilmoqda.

Istiqbolda ushbu loyihaning amalga oshirilishi va Transafg‘on koridorining qurilishi “Bir makon va bir yo‘l” tashabbusi doirasida Xitoyni Janubiy Osiyo mamlakatlari bilan muqobil yo‘llar orqali bog‘lash imkonini beradi.

“Shuningdek, transport kommunikatsiyalarini rivojlantirish bo‘yicha milliy dasturlarning uyg‘unligini ta’minlash va shu asosda uzoq muddatga mo‘ljallangan yagona strategiyani ishlab chiqishni birinchi galdagi vazifa, deb hisoblaymiz.

Iqlim o‘zgarishi va “yashil energetika” bo‘yicha hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratishni taklif etaman.

Afsuski, Markaziy Osiyodagi energetika infratuzilmalarini rivojlantirish sur’atlari sanoatlashish va urbanizatsiya jarayonlaridan, shuningdek, aholi o‘sishidan ortda qolmoqda. Bu esa mamlakatlarimizning uzoq muddatli barqaror taraqqiyoti uchun chindan ham jiddiy tahdiddir.

Xitoyning quyosh, shamol va gidro-energetika, shuningdek, loyihalarni qo‘llab-quvvatlashning moliyaviy vositalari sohasida texnologik jihatdan yetakchi ekanini hisobga olib, muqobil energetika bo‘yicha yaqin ilmiy-amaliy sheriklikni kengaytirish zarur, deb hisoblaymiz.

Orolbo‘yidagi ekologik muammolarni hal etish, bioxilma-xillikni himoya qilish, muzliklar va tuproq hosildorligini saqlash, suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishda ham samarali hamkorlikka tayyormiz”, dedi O‘zbekiston rahbari.

Mavzuga oid