Jamiyat | 18:39 / 27.05.2023
50211
11 daqiqa o‘qiladi

Elektrosamokatlar: tirbandlikdan qutqaruvchimi yo piyodalarga yangi xavf?

Katta shaharlarga elektrosamokatlar qanchalik kerak? Nega ayrim davlatda bu transport vositasi ijarasiga cheklovlar qo‘yilyapti? Toshkentda elektrosamokatlarning ommalashib borayotgan hozirgi payt – shu kabi savollarni muhokama qilishning ayni mavridi.

Co‘nggi ikki yilda Italiyada 17 kishi, 2021 yilda Buyuk Britaniyada 10 kishi vafot etgan, 331 nafar odam og‘ir jarohat olgan. 2022 yilda esa Fransiyada 27 kishi, xususan, Parijda 3 kishi hayotdan ko‘z yumgan, 459 kishi jarohatlangan. Xuddi shu yilning o‘zida Germaniyada jami 442 ta baxtsiz hodisa ro‘y bergan.

Bu statistik raqamlar – elektrosamokatlar ishtirokidagi YTHlar haqida.

So‘nggi vaqtlarda Toshkentda ham elektrosamokatlarni ijaraga olish, ya’ni kikshering xizmatidan foydalanish ommalashyapti. Poytaxtda bu xizmat 2022 yilning aprel oyidan yo‘lga qo‘yilgan, qisqa vaqt ichida uning foydalanuvchilari soni ancha ko‘paydi. Buni ko‘chalarda shu transport vositasini haydab ketayotgan odamlar yoki tashlab ketilgan elektrosamokatlar soni ortib borayotganidan ham bilish mumkin.

Xo‘sh, boshkentimiz aholisi uchun elektrosamokat aynan qanday vazifani bajarmoqda: manzilga yetib olish uchun qulay qurilmami yoki shunchaki ko‘ngilochar dam olish vositasi? Uning afzalliklari va kamchiliklari nimada? Odamlarning mobillashuvida elektrosamokatlarning o‘rni qanday?

Elektrosamokatlar haqida qisqacha

Elektrosamokatlar tashqi ko‘rinishi va konfiguratsiyasidan an’anaviy samokatga o‘xshaydi, yagona farqli jihati – uning elektr motor orqali harakatlanishi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, elektrda ishlaydigan yengil transportlar, xususan, elektrosamokatlarni yaratish 1910 yildan boshlangan. 1915 yilda 1,5 ot kuchiga ega birinchi elektr samokatdan foydalanishgan. Ammo bu shakldagi qurilmalarning ommalashishi yaqindan, bir necha yil oldin boshlandi xolos.

Xo‘sh, uning afzalliklari va kamchiliklari nimada?

Birinchidan, elektrosamokatlar elektrda harakatlangani uchun ham ekologik foydali qurilmadir. Bu kabi transport vositalari atmosferaga zaharli gaz chiqarmaydi, tabiatni, toza havoni asrashda samarali hisoblanadi.

Ikkinchidan, ixchamgina qurilmalar qisqa vaqt ichida biror manzilga tirbandlik hosil qilmasdan yetib borish imkonini beradi.

Toshkentning ayni vaqtdagi holatini hisobga olsak, elektrosamokatlar inson kayfiyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishini ham qo‘shimcha qilish mumkin. Ya’ni avtomobillar soni ko‘p va doimiy tirbandlik yuzaga keladigan yo‘llardan tezroq o‘tib, manzilga yetib olish turli asabbuzarliklar, stresslarning oldini oladi.

Uchinchidan esa samokatlar taksi xizmatlariga qaraganda ancha arzonligi ham alohida qayd etilmoqda. Lekin bu jihatga sal keyinroq va batafsilroq to‘xtalamiz.

Ana endi samokatlarning noqulayliklari, kamchiliklariga to‘xtalsak. Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti o‘rganishlariga ko‘ra, hozirda bu transport vositalarining betartib harakatlanishi piyodalar, velosipedchilar va avtomashinalar uchun qator muammolarni yuzaga keltiryapti.

Ularning aytishicha, samokatlarning avtomobil yo‘lidagi betartib harakati haydovchilarda stressni keltirib chiqaradi. Piyodalar yo‘lagida kimo‘zarga o‘ynash qariyalar, bolalar va nogironlar uchun xavf tug‘diradi, elektr samokatlarning yo‘llarda betartib qoldirib ketilishi piyoda va avtomobillar harakatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, voyaga yetmaganlar va mast holdagi kishilarning bu qurilmalarni ijaraga olishi esa YTH yuzaga kelishiga sabab bo‘ladi.

Odamlar bu vositadan nima maqsadda, qanday foydalanmoqda?

Elektrosamokatlar haqida odamlarning fikrini bilish uchun kichik so‘rovnoma o‘tkazdik. Unda ham piyodalar, ham haydovchilar qatnashdi. So‘rovnoma davomida bir narsa aniq bo‘ldiki, aholi elektrosamokatlardan manzildan manzilga yetib olish uchun emas, balki ko‘proq ko‘ngilochar maqsadlarda foydalanadi.

“Kursdoshlarimiz bilan darsdan chiqib elektrosamokat uchish uchun keldik. Yarim, 1 soat ko‘ngil ochib, aylanib ketmoqchimiz. Elektrosamokatdan manzilga yetib olish uchun foydalanmayman, chunki o‘zimning shaxsiy avtomobilim bor”, – deydi bir fuqaro.

Savol-javobda qatnashgan yana bir inson esa elektrosamokatlarning avtomobil yo‘llarida yurishi haydovchilarga noqulaylik tug‘dirayotganini, buning oqibatida YTHlar ham sodir bo‘layotganini aytdi.

“Ko‘z o‘ngimda katta yo‘l chorrahasidan kelayotgan elektrosamokatni “Damas” rusumli avtomobil urib yubordi. Iloji boricha elektrosamokat haydayotganlar mashinalar yo‘liga chiqib ketmasligi kerak.

Bundan tashqari, elektrosamokatlar trotuardan yurganida piyodalarni urib yuborishi ham mumkin. 20 km/soat tezlikda insonga bemalol jarohat yetkazish mumkin, o‘zim shifokor bo‘lganim uchun buni yaxshi bilaman”, – deydi u.

Avtomobil boshqaruvchisi ham yuqoridagi gaplarni tasdiqlab, elektrosamokatlr uchun alohida yo‘laklar qilinishini taklif qildi.

“Gohida elektrosamokatlar avtomobil yo‘llariga chiqib turishadi yoki piyodalar o‘tish yo‘lagidan uchib o‘tishadi. Shunda ko‘rinmay qolishadi. Men doim uchib emas, yurib o‘tishlarini aytaman, bo‘lmasa urib yuborish xavfi bo‘ladi.

Aslini olganda odamlar o‘ziga xavf solyapti, o‘zini jarohatlayapti. Ba’zilar ucha oladi, ba’zilari ucha olmaydi. Bir-ikkita vaziyatlarda yosh bolalarning yiqilib tushganini, oqibatda burni jarohatlanganini, dahani yorilganini ham ko‘rdim. Elektromsamokatlar uchadigan alohida yo‘laklari bo‘lishi kerak, shunday yo‘lakcha bo‘lsa, undan foydalanishsa yaxshi bo‘lardi”, – deydi haydovchi.

Shuningdek, yana bir qancha elektrosamokat foydalanuvchilari poytaxtning aksariyat ko‘chalarida bu qurilma uchun moslashmaganini, harakatlanish juda noqulay ekanini ta’kidlashdi. Shu sabab yengil transport turini faqatgina qisqa masofalarda ishlatish mumkinligi aytildi.

Toshkent infratuzilmasi samokatlar uchun moslashmagan

Yuqori tezlikda piyodalarni urib yuborish xavfi bo‘lgani uchun elektrosamokatlar odamlar yuradigan yo‘laklardan emas, velosipedlar uchun ajratilgan yo‘lakdan harakatlangani ma’qul. Veloyo‘laklar esa kamligi, borligi ham qay ahvolda ekani ko‘pchilikka ma’lum.

Toshkent shahar hokimligining Kun.uz'ga bergan ma’lumotlariga ko‘ra, poytaxtda 366 ta markaziy ko‘cha bo‘lib, uning jami uzunligi 722,4 kmni tashkil etadi. Hozirda mavjud veloyo‘laklarning uzunligi 460 km, yana 253 ta ko‘chada shunday veloyo‘laklar yotqizilmagani aytilmoqda.

Demak, shuncha ko‘chalarimizda mobillashuv uchun sharoit yo‘q. Hokimiyatga ko‘ra, 2023 yil davomida yana 225 km uzunlikda velosiped uchun yo‘laklar qurilishi reja qilingan.

Albatta, yuqoridagi raqamlar butun poytaxt ko‘chalari veloyo‘laklar bilan ta’minlanmaganini anglatadi. Bundan tashqari, mavjud yap-yangi veloyo‘laklarni loyihalashtirish va qurishdagi xatoliklar sabab undan odamlar foydalanmayotgani ham bor gap.

Holatni tasvirlarda jonliroq ko‘rsatish uchun o‘zimiz ham elektrosamokatni ijaraga olib bir nechta ko‘chalarni aylanib ko‘rdik. Yo‘llardagi o‘nqir-cho‘nqirliklar, veloyo‘laklar yo‘qligi, borlari esa uvalanib ketgani, piyodalar yo‘lagi esa ko‘p joylarda tugab qolgani uchun harakatlanish juda mushkul bo‘ldi. Ba’zi holatlarda xavfli bo‘lsa ham avtomobil yo‘llarida harakatlanishga to‘g‘ri keldi.

Bu borada xorij tajribasi qanday?

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar institutining o‘rganishlariga ko‘ra, qator xorij davlatlarida elektrosamokatlarning harakatlanishiga taqiqlar qo‘yilgan yoki qo‘yilmoqda. Bunga aynan samokatlar bilan bog‘liq YTHlar va buning oqibatida qurbonlar soni ko‘paygani sabab bo‘lyapti. Ya’ni infratuzilmasida minimal talablarga javob beradigan sharoit bor mamlakatlarda ham yangi tajribani qo‘llashga erta ekani, buning uchun avvalo tartib ishlab chiqish kerakligi aytilmoqda.

Masalan, shu yilning aprel oyida Parijda o‘tkazilgan referendumda ishtirok etganlarning 90 foizi bu transport vositalari ijarasini taqiqlash tarafdori ekanini bildirgan.

2022 yilda Helsinkida dam olish kunlari yarim tundan keyin elektr samokatlarni ijaraga olish taqiqlangan. Shuningdek, Finlandiyada mast holda elektrosamokat boshqarganlarni jarimaga tortish, noto‘g‘ri “parkovka” uchun jarimaga tortish takliflari ham bildirildi.

Yaponiyada elektrocamokatda davlat raqami va yon oynalari bo‘lishi kerak, shuningdek, ularning piyodalar yo‘lagida harakatlanishi ham taqiqlangan.

Buyuk Britaniyada esa elektrosamokatdan foydalanuvchida “Q” toifali haydovchilik guvohnomasi bo‘lishi darkor.

Daniya, Ispaniya va Norvegiyada maxsus dubulg‘a kiyish 2022 yildan boshlab minimal texnik standart sifatida joriy qilingan.

Rossiyada 2023 yildan elektrosamokatlardan foydalanuvchilarning yuk va boshqa yo‘lovchilarni tashishi taqiqlangan.

O‘zbekiston sharoitida nima qilish kerak?

Asosiy masala – shaharlarda veloyo‘laklar qurilishini ko‘paytirish, ularning sifati ustidan nazoratni ta’minlash. Bu – piyodalar, haydovchilar, velosipedchilar va elektrosamokatchilarning xavfsizligi uchun eng birlamchi talab.

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar institutga ko‘ra, qonunchilikni takomillashtirish va texnologik choralarni joriy qilish ham kerak bo‘ladi. Xususan:

  • yo‘l harakati qoidalariga “elektrosamokat” tushunchasini kiritish va ulardan foydalanishning tartibini belgilash;
  • piyodalar serqatnov hududlarda tezlikni avtomatik pasaytirish texnologiyasini qo‘llash;
  • qurilmadan bir vaqtning o‘zida ikki kishining foydalanishi, shuningdek, mast holatda boshqarishning oldini olish mexanizmini ishlab chiqish;
  • qurilmalardan foydalanishda yosh chegarasini joriy etish, bunda Face-ID texnologiyasini ham qo‘llash mumkin;
  • elektrosamokatlarni tunda ijaraga olishni cheklash;
  • elektrosamokatlar turadigan maxsus joylarni tashkil etish zarur.

Bu chora-tadbirlar elektrosamokatlardan foydalanishda xavfsizlikni oshirish, noxush hodisalar sodir bo‘lishi hamda aholi o‘rtasida bu ekologik va qulay transport turiga nisbatan salbiy fikr uyg‘onishining oldini olishga xizmat qiladi.

Umuman olganda, hozirgi kunda odamlarning velosiped, elektrosamokat kabi yengil qurilmalardan foydalanishi, mobillashuvi juda katta ahamiyatga ega, bu tobora ehtiyojga aylanib bormoqda. Lekin bundan oldin ularning shaharda xavfsiz harakatlanishi uchun sharoit yaratilishi birlamchi zarurat bo‘lib qolaveradi.

Dilshoda Shomirzayeva tayyorladi,
Tasvirchilar: Nuriddin Nursaidov, Javohir G‘ayratov,
Montaj ustasi: Nuriddin Nursaidov.

Mavzuga oid