O‘zbekiston | 17:28 / 29.05.2023
27498
6 daqiqa o‘qiladi

Odamlarni “sindirish”ning yashnobodcha usuli: aybdor “jabrlanuvchi”ga, jabrdiydalar esa aybdorga aylandi

Poytaxtning Yashnobod tumanida aholi va hokimlik xodimi o‘rtasida janjal yuz berdi. Fuqarolar taqiqlangan yo‘l belgisi bo‘lsa ham ko‘chasidan o‘tib-qaytavergan yuk mashinalariga chora ko‘rish maqsadida o‘zlari arka yasab, o‘rnatib qo‘yishadi. Tadbirkorning murojaatidan so‘ng arkani buzib tashlash uchun tuman hokimligi mas’ullari yetib kelishgan. Vaziyatda fuqarolarning huquqlarini himoya qilishi kerak bo‘lgan organlar ularga qarshi ish tutishmoqda.

Yashnobod tumani, Yangi davr mahallasining Farg‘ona yo‘li 3-tor ko‘chasida katta omborxona va ishlab chiqarish hududi joylashgan. Bu yerga Jarqo‘rg‘on ko‘chasidan yuk mashinalari kirib borishi mumkin bo‘lgan bir nechta yo‘l mavjud. Biroq ular negadir ishlab chiqarish sub’yektlari tomonidan o‘z hududi sifatida o‘rab olingan. Shu tufayli haydovchilar omborxona va ishlab chiqarish hududiga kirib-chiqishda garchi yuk mashinalari harakati taqiqlangan bo‘lsa-da, Farg‘ona yo‘li 3-tor ko‘chasidan harakatlanib kelishgan.

Kichik va tor ko‘chadan yuk mashinalarining o‘tib-qaytaverishidan bezor bo‘lgan hudud aholisi tegishli joylarga murojaat qilgan. Toshkent shahar IIBB YHXB murojaatga javoban hudud nazoratga olinishini bildirgan. Biroq natija bo‘lmagan: yuk mashinalari kirib-chiqishi davom etgan.

Murojaatlardan ish chiqishiga ko‘zi yetmagan aholi oxir-oqibat qo‘lbola usulda sun’iy arka yasab, ko‘chaga o‘rnatib qo‘yishgan. Fuqarolarning bu ishi esa o‘z-o‘zidan omborxona va ishlab chiqarish hududi rahbariga yoqmagan hamda u ham tegishli organlarga murojaat qilgan. Qizig‘i, aholining murojaati “koptok” qilingan va ijrosi ta’minlanmagan bir vaziyatda tadbirkorning murojaati yashin tezligida hal qilishga kirishilgan.

Masalan, omborxona va ishlab chiqarish hududi rahbarining Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga yo‘llagan murojaati Yashnobod tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limi tomonidan o‘rganib chiqiladi. O‘rganish natijasi yuzasidan Yangi davr mahallasi raisiga aniqlangan kamchilikni 5 kunda bartaraf qilish bo‘yicha taqdimnoma kiritilgan.

Masalaning mantiqiy qismi biroz “kelishmagan” nuqtasi shuki, ko‘chadagi sun’iy to‘siqni olib tashlash yuzasidan Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga aynan yuk mashinalari kirib-chiqadigan omborxona va ishlab chiqarish hududi rahbari murojaat qilgan. Ko‘cha boshida esa ko‘chaga yuk mashinalari kirishi taqiqlangani haqidagi yo‘l belgisi turibdi.

14 aprel kuni hokimlik va boshqa tashkilotlar mas’ullari arkani buzib tashlash uchun hududga texnika va zarur anjomlar bilan yetib kelishadi. Buzuvchilarga shu ko‘chada yashovchi koreys millatiga mansub bir oilaning uch vakili – keksa ayol va uning ikki qizi qarshi chiqishadi.

Shu tariqa, uch ayol va bir guruh erkaklar o‘rtasida janjal kelib chiqqan. E’tiborlisi, ushbu janjalda “hokimlik jamoasi”ga Yashnobod tuman hokimligining qurilish bo‘limi bosh mutaxassisi Mahmud Rahimjonov rahbarlik qilgan.

Bo‘lib o‘tgan dahanaki janjaldan keyin uch nafar ayolga “delo” ochiladi. Tergov organining bir oila a’zolari bo‘lgan uch ayolni gumonlanuvchi deb e’lon qilish haqidagi qaroridan ko‘rinishicha, zabardast erkak “chap qo‘l va chap kaftning shilinishi, chap quloq orqa tomonning shilinishi hamda yumshoq to‘qimalarining lat yeyishi” kabi “tan jarohati” olibdi.

Ammo holat bo‘yicha mavjud videolavhalarga e’tibor qaratilsa, Mahmud Rahimjonovga jarohatlar ayollardan zarba qabul qilib olishi oqibatida emas, sun’iy to‘siqni olib tashlash jarayonidagi jonbozligi natijasida yetgan bo‘lishi ham mumkinligi ko‘rinadi. Qolaversa, videolavhalarda, aksincha, Mahmud Rahimjonov ayollarning yuziga tosh bilan zarba berganini ko‘rish mumkin. Buning oqibatida ayollardan biri, 1955 yilda tug‘ilgan A.Lem yopiq miya jarohati, miya chayqalishi hamda ko‘krak qafasi yumshoq to‘qimalarining shikastlanishi kabi jarohatlarni olgan.

Vakolatli organlar ayollar qolib, zabardast erkag-u aholi noroziligiga sabab bo‘layotgan tadbirkorning huquqini himoya qilayotgani g‘oyat kulgili. Ular aslida masalani chuqurroq o‘rganib ko‘rgan holda omborxona va ishlab chiqarish hududiga yuk mashinalari kirib-chiqishi uchun mavjud bo‘lgan, biroq yopib qo‘yilgan 4-5 ta yo‘lni ochib berish choralarini ko‘rish kerak emasmidi?

Voqealar ketma-ketligiga e’tibor qaratilsa, bu ishdan bosim, tazyiq va ta’qibning “isi” kelayotganini sezish qiyin emas: ko‘chasini xavfdan himoya qilmoqchi bo‘lgan ayollarning o‘zi aybdorga chiqarilgan, ishdagi uchinchi tomon – omborxona va ishlab chiqarish hududi rahbari esa chetda qolgan. Go‘yoki, shu yo‘l bilan hudud aholisining “og‘zi yopilgan” bo‘lishi mumkin.

Ayollarning xatti-harakatlarini ham oqlab bo‘lmaydi. Nega o‘zlarini bunday tutganliklarini so‘raganimizda, o‘sha kungi hodisa va vaziyat ularni quyushqondan chiqarib yuborganligini, yillar davomida idorama-idora yurib, yordam so‘raganlarida hech kim ularni tinglamaganligi, o‘zlari pul sarflab qurgan arka tadbirkorning birgina murojaati bilan hokimlik tomonidan buzib tashlanishi alam qilganini aytishdi.

Shaharning yangi hokimi Shavkat Umrzoqov bu masalaga shaxsan e’tibor qaratib, qo‘l ostidagilarni tiyib qo‘ymasa, o‘z uyi va o‘z xavfsizligi uchun kurashgan himoyasiz ayollarning huquqlari uzoq vaqt toptalishda davom etishi tayin. 

Mavzuga oid