Jahon | 17:15 / 11.06.2023
43147
4 daqiqa o‘qiladi

Terrorchi Ted Kachinskiy Amerika qamoqxonasida vafot etdi - Hollivudda u haqda ko‘plab filmlar ishlangandi

Pochta orqali bomba jo‘natgani bilan «tanilgan» amerikalik Teodor Kachinskiy qamoqda 27 yil o‘tirdi.

Foto: Reuters

Unabomber (Unabomber — «University and airline bomber» so‘zlaridan yasalgan qisqartma) laqabi bilan tanilgan amerikalik Ted Kachinskiy qamoqxonadagi kamerasida jonsiz holda topildi. Bu haqda Amerika nashrlari Shimoliy Karolinadagi qamoqxona shifoxonasi xodimlariga tayanib xabar bergan.

U uzoq vaqt davomida Qo‘shma Shtatlardagi eng ko‘p qidirilgan jinoyatchi bo‘lgan.

Kachinskiy 1996 yilda, qariyb 20 yil mobaynida qochib yurganidan keyin qo‘lga olinib sud qilingan va umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan, shundan buyon qamoqda qolayotgandi.

1998 yildan 2021 yilga qadar u Koloradodagi alohida rejimli qamoqxonada (Supermax) saqlanadi, shundan so‘ng sog‘ligi yomonlashib Shimoliy Karolinaga o‘tkaziladi.

Vunderkind

Ted Kachinskiy ko‘p vaqt davomida amerikaliklar e’tiborini o‘ziga jalb etgan favqulodda shaxs edi. U ko‘plab televizion hujjatli filmlar qahramoni bo‘lgan, uning tarixi Hollivud detektiv kartinalariga asos bo‘lgan.

Bolaligida uni vunderkind deb atashgan, 16 yoshida Kachinskiy Harvardga o‘qishga kirgan, keyinroq Michigan universitetida matematika fanlari doktori darajasini olgan.

U matematika sohasida shunchalik mubham ishlaganki, hamkasblari aytishicha, mamlakatda faqat bir necha o‘n kishi u nimani o‘rganayotganini tushungan.

25 yoshida u Kaliforniyadagi nufuzli Berkli universitetida matematik tahlil va geometriyadan dars bera boshlaydi.

O‘tgan asrning 70-yillarida uning hayoti keskin o‘zgaradi: Kachinskiy Montanaga ko‘chib o‘tadi, elektr va suv bo‘lmagan kulbada tanho yashab, quyon va boshqa ovlangan jonzotlarni yeb kun ko‘rib, shunday sharoitda omon qolish ko‘nikmalarini o‘rganishni boshlaydi.

Ko‘p o‘tmay u bunday yolg‘iz ibtidoiy hayot kechirib bo‘lmasligi haqida xulosaga keladi va yovvoyi tabiat yo‘q bo‘lib borishida sanoat va qurilishlarni ayblaydi.

1978 yildan 1995 yilgacha u pochta orqali universitet va aviakompaniyalarga bomba solingan 16 ta jo‘natma yuboradi. Posilkalar portlashi oqibatida 3 kishi halok bo‘ldi, yana 23 kishi yaralandi.

«Unabomber manifesti»

Kachinskiyni qo‘lga olish uchun 1 million dollar mukofot taklif e’lon qilinadi. Ammo uni uzoq vaqtgacha ushlashning iloji bo‘lmaydi.

Ted Kachinskiy 1996 yilda hibsga olinadi. Foto: Getty images

Uning jinoyatlari Kachinskiy yangi qotilliklar bilan tahdid qilib, Washington Post va New York Times gazetalarini «Sanoyat jamiyati va uning kelajagi» nomli telbavor anarxo-primitiv manifestni (shuningdek, «Unabomber manifesti» sifatida ma’lum) chop ettirganidan keyin (nashrlar Federal qidiruv byurosi va AQSh bosh prokurori roziligini olgan) fosh qilinadi.

35 ming so‘zdan iborat anonim hujjatda yangi texnologiyalar amerikaliklar begonalashish va kuchsizlashishdan jabr chekishiga olib kelayotgani aytiladi.

Uning sanoat inqilobi va uning oqibatlari insoniyat uchun falokatli ekaniga ishonchi komil edi.

Manifestni gazetalarda o‘qigach, Kachinskiyning ukasi va qallig‘i uning o‘ziga xos uslubidan tanib olishadi va uni ko‘p yillardan buyon qidirayotgan FQBga xabar beradi.

Uning kulbasini topgan FQB agentlari u yerda behisob jurnallar, shifrlangan kundalik, portlovchi qurilma va foydalanishga tayyor bo‘lgan ikkita bombani uchratishadi.

«Manifest»ning telbavorligiga qaramay, Kachinskiy o‘zini aqldan ozgan deb hisoblamaydi va advokatlarining o‘lim jazosidan olib qolish uchun uni ruhiy kasal deb tan oldirishga bo‘lgan urinishlariga qarshi chiqadi.

Yakunda Kachinskiyni aqli raso deb topishadi, u o‘z aybiga iqror bo‘ladi va umrbod qamoq jazosiga hukm qilinadi.

Mavzuga oid