O‘zbekiston | 10:56 / 13.06.2023
20053
4 daqiqa o‘qiladi

«Men prezident bo‘lganimda ham shunga o‘xshash yo‘nalish tanlagan bo‘lardim» – AQSh elchisi O‘zbekiston tashqi siyosati haqida

AQSh elchisi Rossiya va Markaziy Osiyo davlatlari munosabatlariga ham to‘xtalgan.

Foto: Videodan kadr

O‘zbekiston va AQSh munosabatlari yaxshilanishi ikki mamlakat fuqarolari va umuman mintaqa uchun foydali hisoblanadi. Bu haqda AQShning O‘zbekistondagi elchisi Jonatan Henik Alter Ego loyihasi uchun bergan intervyusida aytib o‘tdi. Elchi Markaziy Osiyo uchun tashqi kuchlarning kurashi va mintaqaning Rossiya bilan aloqalariga ham to‘xtalib o‘tgan.

«Markaziy Osiyoni faqat boshqalar ta’siri uchun kurashiladigan maydon, deya ta’riflash juda oddiy bo‘lardi. Markaziy Osiyo davlatlari, xususan, O‘zbekiston 30 yildan ortiq vaqtdan buyon mustaqil. Bular o‘zlari mustaqil qaror qabul qiladigan hukumatga ega davlatlardir.

O‘zbekiston hukumati o‘z xalqi manfaatlarini o‘ylab tashqi siyosat yuritayotgani kuzatish hayron qoldiradi. Ya’ni biror davlatga qarab qolmagan hamda barcha qo‘shnilari bilan yaxshi bo‘lishga urinayotgan tashqi siyosat. Xuddiki, Rossiya bilan ham, Xitoy bilan ham, YeI va AQSh bilan ham ijobiy va foydali munosabatda bo‘layotgandek tashqi siyosat. Agar men prezident bo‘lganimda ham tashqi siyosatda shunga o‘xshashroq yo‘nalish tanlagan bo‘lardim.

Men AQSh-O‘zbekiston munosabatlarining mustahkamlanishi va AQSh ta’sirining ortishi nimadir evaziga bo‘lishi kerakligiga qarshiman. Aslini olganda ikki tomonlama munosabatlarimiz yaxshilanishi o‘zbek xalqi, Amerika fuqarolari va umuman mintaqaning foydasi uchun», – degan elchi.

Jonatan Henik 2022 yil noyabr oyida Toshkentga kelib, O‘zbekistonni AQSh bilan hamkorlik qilishning oqibatlaridan ogohlantirgan Rossiya Davlat dumasi raisi Vyacheslav Volodinning so‘zlariga ham munosabat bildirdi.

«Menimcha janob Volodin o‘z manfaatlarini ilgari surgan. U O‘zbekiston manfaatlaridan kelib chiqmaydi, balki o‘zi va Moskvadagi hamkasblarining manfaatlaridan kelib chiqadi. Rossiya tarixiy sabablarga ko‘ra Markaziy Osiyo bilan yaqin aloqalarga ega. AQSh bundan norozi emas, lekin Rossiya O‘zbekiston boshqa davlatlar bilan ham mustahkamroq va muvozanatli aloqalarga egalini ko‘rmoqda. Ular bu munosabatlarning Rossiyaning mintaqadagi ta’siriga zarar yetkazadi, deb o‘ylaydi», – deydi u.

— Biz ko‘pincha tashqi kuchlar turli taraflarga tortayotganini ko‘rishimiz mumkin. O‘zbekiston qancha vaqt bunday muvozanatli tashqi siyosat yurita oladi, deb o‘ylaysiz?

— O‘zbekiston oxirgi yillarda katta o‘sishga erishdi, deb o‘ylayman. Biz bu mamlakat juda tez rivojlanayotganini ko‘rishimiz mumkin. Men oldin ishlagan davrimdagi O‘zbekiston va hozirgisi o‘rtasidagi farq sezilarli (u muqaddam Davlat departamentining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha byurosida matbuot va jamoatchilik diplomatiyasi bo‘yicha direktor bo‘lib ishlagan). Men O‘zbekiston iqtisodiy va siyosiy jihatdan o‘sishda davom etadi, deb o‘ylayman. O‘zbekiston rivojlangani sari o‘z kuchini muvozanatlashtirib turish kerak, degan fikrlar kamayib boradi. Men O‘zbekiston o‘z oyoqlarida tura olish uchun yetarli darajada kuchli, deb o‘ylayman.

Men Moskvadagi amaldorlarning miyasida nimalar bo‘layotganini bilmayman. Bizning o‘z qadriyatlarimiz va tashqi siyosiy manfaatlarimiz bor. Lekin, biz ularni boshqalarga o‘tkazishga urinmaymiz. O‘zbekiston o‘zining demokratik va iqtisodiy rivojlanish yo‘lini o‘zi tanlaydi. Agar kimdir Moskvadan yoki boshqa joydan «biz boshqa narsa qilayotganimiz»ni aytsa, ular shunchaki o‘z manfaatlarini yo‘lida aldayotgan bo‘ladi.

Mavzuga oid