O‘zbekiston | 18:35 / 18.10.2023
42320
2 daqiqa o‘qiladi

Muzokara davom etmoqda – AQSh elchisi Afg‘onistondan O‘zbekistonga o‘tgan harbiy aviatexnika haqida 

2021 yilda «Tolibon» harakati Kobulni egallaganda Afg‘onistonning bir qancha harbiy samolyot va vertolyotlari O‘zbekiston hududiga o‘tgan edi.

Foto: Alter Ego

2021 yil avgustida Afg‘onistondan O‘zbekiston hududiga uchib o‘tgan 22 ta harbiy samolyot va 24 ta vertolyot taqdiri hamon AQSh va O‘zbekiston rasmiylari tomonidan muhokama qilinmoqda. Bu haqda Qo‘shma Shtatlarning Toshkentdagi elchisi Jonatan Henik ma’lum qildi. 

Qayd qilinishicha, AQSh va uning ittifoqchilari Afg‘onistondagi 20 yillik harbiy kampaniya davomida afg‘on hukumatiga ko‘plab samolyot va vertolyotlar taqdim etgan. 2021 yilda «Tolibon» Kobulni egallagan kunlarda bortida 585 nafar afg‘onistonlik harbiy xizmatchi bo‘lgan 22 ta harbiy samolyot va 24 ta vertolyot (Embraer EMB 314 Super Tucano, UH-60 Black Hawk, MD-530, PC-12 va Mi-17) O‘zbekiston havo hududini kesib o‘tgan. 

«Biz O‘zbekiston hukumati bilan samolyotlarning yakuniy joylashuvi bo‘yicha ishlashni davom ettirmoqdamiz. Bu haqda e’lon beramiz», dedi elchi. Uning so‘zlariga ko‘ra, harbiy aviatexnikalar hamon Surxondaryo viloyatida qolmoqda. 

«Tolibon» ushbu havo kemalari Afg‘onistonning mulki ekani va ular qaytarilishi lozimligi haqida bir necha bor bayonot bergan. O‘zbekiston rasmiylari samolyot va vertolyotlar AQSh mulki ekanini va ularni qaytarib bo‘lmasligini bildirib kelmoqda. 

Pentagon rasmiy vakili Jon Kirbi ham O‘zbekiston aviatexnikalarni Afg‘onistonga qaytarmasligini aytgan. 

Mavzuga oid