O‘zbekiston | 14:42 / 13.06.2023
9611
3 daqiqa o‘qiladi

“Shaharlar bosh rejalarini tuzishda yashil maydonlar kamida 30 foizni tashkil etishi kerak” – prezidentlikka nomzod Abdushukur Xamzayev

O‘zbekiston prezidentligiga O‘zbekiston Ekologik partiyasidan ko‘rsatilgan nomzod Abdushukur Hamzayev Navoiy viloyatidagi saylovchilar bilan uchrashdi.

Abdushukur Hamzayev

Abdushukur Hamzayev dastavval Navoiy viloyati haqida gapirib, bu hududda o‘zbek, qoraqalpoq, rus, ozarboyjon, tojik, tatar va boshqa ko‘plab millat vakillari o‘zaro ahil va hamjihatlikda hayot kechirayotganini ta’kidladi.

Uchrashuvda Abdushukur Xamzayev saylovoldi dasturida mamlakatda ekologik barqarorlikni ta’minlash hamda tabiiy resurslardan samarali va oqilona foydalanish, “yashil” iqtisodiyotga o‘tishni jadallashtirish orqali aholining qulay atrof-muhitga bo‘lgan huquqlarini ro‘yobga chiqarish, xalqimiz va kelajak avlod uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish hamda farovon jamiyatni barpo etish kabi takliflar ilgari surilayotgani haqida so‘z yuritgan.

Jumladan, prezidentlikka nomzod iqtisodiyotni isloh qilish bo‘yicha Pestitsidlardan foydalanishni voz kechishga yo‘naltirilgan “Yashil O‘zbekiston – 2030” dasturini ishlab chiqish, investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish maqsadida “Yashil viza” (“Green Visa”) dasturini joriy etish, tarmoqlar va hududlarning “yashil iqtisodiyotga o‘tish indeksi”ni ishlab chiqish, aholi yashash punktlarida badbo‘y hid chiqarayotgan, lokal oqova suv tozalash inshootlari bo‘lmagan korxonalar faoliyatini belgilangan talablarga javob beradigan texnologiyalar joriy etilmaguncha to‘xtatish tartibini kiritish, yuk tashishni yirik yuk mashinalaridan temir yo‘l transportlariga va atrof-muhitga kamroq ta’sir ko‘rsatadigan boshqa transport turlariga o‘zgartirishga alohida e’tibor qaratish lozimligini aytib o‘tgan.

Shuningdek, ijtimoiy soha bo‘yicha davlat stomatologik klinikalarini rivojlantirish, shaharlar bosh rejalarini tuzishda ularda yashil maydonlar kamida 30 foizni tashkil etishi talabini qonunchilikda belgilash, shaharsozlik faoliyatida jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilishda ularning atrof-muhitga ta’sirini baholash tizimini joriy etish, mamlakatda polietilen, poliamid tarkibli qadoqlash mahsulotlari, bir martalik ishlatiladigan plastik idishlardan foydalanishdan bosqichma-bosqich voz kechish, atmosfera havosiga chiqarilayotgan zararli gazlar miqdorini 2 barobarga kamaytirishga erishish nazarda tutilayotgani maqsad qilingani ta’kidlangan.

Mavzuga oid