Sport | 15:00 / 14.06.2023
31315
9 daqiqa o‘qiladi

Favoritlar muvaffaqiyatsizligi, Isroil sensatsiyasi, Urugvay g‘alabasi. Yoshlar o‘rtasidagi mundial yakunlari

Turnir qator yosh yulduzlarni kashf qildi.

Foto: Reuters

Argentinadagi yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionati Italiya va Urugvay o‘rtasidagi triller o‘yin bilan yakunlandi. Bir oy davomida muxlislar qator qiziqarli jamoalar va futbolchilar bilan tanishishdi. Quyida bu turnirda ishtirok etganlardan kimlar yaqin kelajakda top darajaga chiqishi mumkinligi haqida.

Argentina va Braziliyaning kutilmagan muvaffaqiyatsizligi

Janubiy Amerikadagi bu ikki jamoa uchun finalga chiqmasdan turnirni tark etish katta muvaffaqiyatsizlik sanaladi. Turnir avvalida ular inglizlar bilan birgalikda g‘oliblik uchun asosiy da’vogarlar sifatida ko‘rilayotgandi.

Argentinaliklar guruh bosqichini kuchli o‘tkazib, uch o‘yinda uch g‘alabaga erishdi (to‘plar nisbati 10:1). Ammo pley-offning birinchi bosqichida Nigeriyaga ro‘baro‘ kelishdi va afrikalik yoshlar kattalar jamoasining 2014 va 2018 yillardagi jahon chempionatlaridagi mag‘lubiyati uchun o‘ch olib berishdi. Final hushtagi chalinganidan keyin afrikalik futbolchilar tomoqqa tig‘ tortishni ifodalovchi jyestni namoyish etgan holda g‘alabani jo‘shqinlik bilan nishonlashdi. Parallel tarzda brazillar Afrikaning boshqa bir jamoasi — Tunisni turnirdan chiqarib yubordi, ammo chorakfinalda ikki bor hisobda oldinda borishganiga qaramay, isroilliklarga mag‘lub bo‘lishdi.

Fiaskodan keyin murabbiylar haqli ravishda tanqidga uchradi: ularni jamoalarning taktik tayyorgarligini yetarli darajaga yetkazmaganlikda ayblashdi. Ayniqsa Maskerano qattiq dashnom eshitdi: u saralash turniridan o‘ta olmagan va uning jamoasi turnirda qatnashmasligi kerak edi, ammo aprel oyida FIFA turnirni Indoneziyadan Argentinaga ko‘chirdi va jamoa mezbon sifatida JChda ishtirok etadigan bo‘ldi.

Ko‘ngilsiz natijadan so‘ng OAV Xaviyer iste’foga chiqarilishini kutgandi, ammo Argentina futbol federatsiyasi buning o‘rniga u bilan shartnomani 2026 yilga qadar uzaytirdi. Mahalliy muxlislarning nafratiga uchraganiga qaramay, Maskerano olimpiya jamoasini ham 2024 yilgi turnirga tayyorlaydi.

Italiya yoshlar jamoasi futbolchilari. Foto: Reuters

Italiya yutqazgan yana bir final

May oyi boshidayoq Fabio Kapello va boshqalar kalcho qaytgani haqida e’lon qilishgan, italyanlarni yana qudratli raqib sifatida qabul qila boshlashgandi. Ammo hozirga kelib italyanlarga yakunlangan mavsum uchun baho berish qiyin. Bir tomondan Italiya jamoalari uchta yevrokubok finalida ishtirok etishdi. Boshqa tomondan — barcha finallarda mag‘lub bo‘lishdi.

Bunga yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatida Urugvaydan uchralgan mag‘lubiyat ham qo‘shildi. Turnir davomida Italiya Angliya, Braziliya va Janubiy Koreya (amaldagi vitse-chempion) kabi favoritlarni mag‘lub etishdi. Ammo so‘nggi o‘yinda muvaffaqiyatni takrorlay olishmadi.

Ancha qiziq holat: finalda Italiya safida forvard Franchesko Pio Espozito o‘ynadi, shu kuni uning akalari Salvatore va Sebastyan A seriya yo‘llanmasi uchun kurashishdi. Salvatore — «Spetsiya» safida «Verona»ga qarshi o‘tish o‘yinida maydonga tushdi, Sebastyan — «Bari» safida B seriyadan yuqori divizionga o‘tish uchun «Kalyari»ga qarshi o‘ynadi. Yakunda ularning barchasi yutqazdi.

Shunga qaramay, italyanlarda individual mahorati yuksak bo‘lgan futbolchilardan iborat juda kuchli avlod yetishib chiqmoqda. Yarimhimoyachi Chezare Kasadei turnirning eng yaxshi futbolchisi va eng yaxshi to‘purari bo‘ldi (yetti o‘yinda 7+1), Sebastyano Deplansh — eng yaxshi darvozabon deb topildi. Shuningdek, Tommazo Baldansi, Jakomo Fatikanti va boshqa yulduzlarni ham unutmaslik kerak.

Isroil yoshlar jamoasi futbolchilari. Foto: Reuters

Sensatsiya ko‘targan Isroil

Turnirdagi qora toychoq rolini Isroil jamoasi bajardi. Ular pley-offning birinchi o‘yinida O‘zbekistonga qarshi o‘yinning 90+7-daqiqasida g‘alaba golini urishdi, chorakfinalda brazillarni mag‘lub etishdi (3:2), lekin yarimfinal o‘yinida Urugvayga yutqazishdi (0:1), uchinchi o‘rin uchun kechgan bahsda Janubiy Koreyani yengib (3:1), bronza medallarga ega bo‘lishdi. Bu Isroil sporti tarixidagi eng yuqori natijalardan biriga aylandi.

Holbuki Isroil bu turnirda qatnashmasligi ham mumkin edi. Chempionat Indoneziyada o‘tkazilishi belgilangandi, bu davlat esa Isroil bilan rasmiy diplomatik aloqalarga ega emas. Mart oyida mamlakatda isroilliklar jamoasini turnirga qo‘ymaslikka chaqirilgan namoyishlar ham bo‘lib o‘tdi. Yakunda FIFA turnirni Argentinaga ko‘chirishga qaror qilgandi.

Keyin esa futbolchilar o‘zlariga muammo yaratishdi — dastlabki ikki turda atigi bir ochko jamg‘arildi va pley-offdan umid yo‘q  edi. Ammo 3-turda Yaponiyaga qarshi o‘yinda hisobda ortda borayotib bir kishi kam bo‘lib qolishdi, ammo qolgan vaqt davomida iroda ko‘rsatib, 91-daqiqada urilgan gol evaziga g‘alabaga erishdi (2:1). Shundan keyin futbolchilar vatandoshlari qalbini zabt eta boshladi. Urugvay bilan yarimfinal o‘yini 23 foiz darajasida televizion reyting yig‘di va shu kechaning eng ko‘p odam tomosha qilgan dasturiga aylandi.

Lusiano Rodrigesning Italiya darvozasiga urgan «oltin» goli. Foto: Reuters

Urugvaylar triumfi

Urugvayning yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatidagi g‘alabasini butun Janubiy Amerika futboli g‘alabasi sifatida qabul qilishdi. Kilian Mbappega uning bir yil oldin Yevropadan tashqarida futbol rivojlanmagani to‘g‘risida aytgan gaplarini eslatib qo‘yishdi. O‘tgan vaqt ichida Argentina kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatida, Urugvay — yoshlar o‘rtasidagi, Braziliya — o‘smirlar o‘rtasidagi mundiallarda g‘olib bo‘ldi.

Endi urugvaylik yoshlar asosiy jamoada debyut qilishga tayyorlanishi mumkin. Yaqinda bosh jamoaga tayinlangan Marselo Biyelsa yoshlarni va ularning ustozini maqtadi: «Urugvay va boshqalar o‘rtasidagi asosiy farq jamoaviy izchillikda edi. Ularning barchasini yuqori darajada rivojlangan jamoaviy g‘oya birlashtirgan. Urugvay nima uchun o‘ynashini juda yaxshi bilardi».

Shu bilan birga, urugvayliklar kutilmagan jarohatlar, asosiy futbolchilar yo‘qligi (masalan, «Real» yosh hujumchisi Alvaro Rodrigesni qo‘yib yubormadi) va diskvalifikatsiyadan aziyat chekdi. Shu tufayli ko‘plab futbolchilar o‘ziga tanish bo‘lmagan pozitsiyalarda o‘ynashiga to‘g‘ri keldi (turnirning ikkinchi eng yaxshi futbolchisi sifatida taqdirlangan Alan Matturro markaziy himoyachi bo‘laturib, chap qanot himoyasida o‘ynadi), ammo Urugvayning jamoaviy ruhi ustun keldi. Hatto jarohatlangan va zayavkaga kiritilmagan futbolchilar ham murabbiy istagi bilan zaxira o‘rindig‘ida o‘tirishdi — bir jamoa ekanliklarini ko‘rsatish uchun.

Italiya yoshlar jamoasi yarimhimoyachisi Chezare Kazadei eng yaxshi to‘purar (7) va turnirning eng yaxshi futbolchisi bo‘ldi. Eng yaxshi futbolchilar uchligini urugvaylik Alan Matturo va janubiy koreyalik Li Sin Von to‘ldirishdi. Foto: AFP

Urugvay butun turnir mobaynida faqat bir jamoadan — Angliyadan gol o‘tkazib yubordi (2:1). Sakkiz o‘yindan yettitasida Rendall Rodriges qo‘riqlagan darvoza daxlsiz qoldi, ammo u «Oltin qo‘lqop»ga ega chiqa olmadi. Urugvayliklar bu adolatsizlikdan ranjishgani yo‘q.

Italiyalik Sebastiano Desplansh turnirning eng yaxshi darvozaboni sifatida taqdirlandi. Foto: AFP

«Quvonchim ko‘ksimga sig‘mayapti. Men bu quvonchni butun Urugvay bilan bo‘lishishni istayman. O‘ylaymanki, qandaydir go‘zallik tug‘ildi, biz butun energiyani o‘shandan olyapmiz. Bu barchaga tegishli», — degan jamoa bosh murabbiyi Marselo Broli.

Mavzuga oid