Jahon | 16:17 / 20.06.2023
11349
3 daqiqa o‘qiladi

Sheremetevoda yonib ketgan SSJ-100 uchuvchisi 6 yilga qamaldi

Foto: AP

Sud Denis Yevdokimovni ikki yoki undan ortiq kishining o‘limiga sabab bo‘lgan harakat xavfsizligi qoidalarini buzganlikda aybdor deb topdi. Uchuvchiga aynan prokuratura talab qilgan jazo berildi

Moskva viloyatining Ximki shahar sudi 2019 yilda Sheremetevo aeroportiga favqulodda qo‘nish chog‘ida yonib ketgan Sukhoi Superjet 100 samolyoti komandiri Denis Yevdokimovni olti yil koloniya jazosiga hukm qildi, deb xabar berdi sud matbuot xizmati seshanba, 20 iyun kuni. 

«Yevdokimov harakat xavfsizligi va havo transportidan foydalanish qoidalarini buzganlikda, ehtiyotsizlik oqibatida inson salomatligiga og‘ir shikast yetkazish, ikki yoki undan ortiq kishining o‘limiga sabab bo‘lganlikda aybdor deb topildi», — deyiladi xabarda. 

Ayblovga ko‘ra, Yevdokimov boshqargan samolyot yetarlicha muvozanatga ega bo‘lmagan, qo‘nish haddan tashqari ortiqcha yuk bilan amalga oshirilgan va kema komandiri «favqulodda vaziyatni his qilmagan va favqulodda holat kodini o‘rnatmagan». Ayblanuvchining o‘zi aybiga iqror bo‘lmay, avariyaga samolyot konstruksiyasidagi nuqsonlar sabab bo‘lganini ta’kidladi. 

Yevdokimovga aynan prokuratura so‘ragan jazo berildi. Bundan tashqari, sud undan ikki jabrlanuvchi foydasiga 2,5 million rubl undirdi va uch yilga samolyotni boshqarishni taqiqladi. Mahkum uchuvchining himoyasi hukm ustidan shikoyat qilmoqchi. 

2019 yil 5 may kuni «Aeroflot»ning Sukhoi Superjet 100 yo‘lovchi samolyoti Moskva-Murmansk reysini amalga oshirdi. Ko‘tarilganidan ko‘p o‘tmay ekipaj favqulodda qo‘nishni so‘radi. To‘liq baklar bilan qattiq qo‘nish amalga oshirilganidan so‘ng, yong‘in chiqdi, yong‘in samolyotning orqa qismini to‘liq qamrab oldi. 78 nafar yo‘lovchi va ekipaj a’zolaridan 37 kishi tirik qolgan. Rossiya Federatsiyasi Transport vazirligi ushbu rusumdagi samolyotlarning ekspluatatsiyasini to‘xtatmadi. 

Davlatlararo aviatsiya qo‘mitasi 2019 yil iyun oyida SSJ-100 samolyoti halokati bo‘yicha dastlabki hisobotni e’lon qildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, laynerda chaqmoq urishi izlariga xos bo‘lgan shikastlanishlar aniqlangan. Hujjatda favqulodda qo‘nish sabablari haqida aniq xulosalar yo‘q. 

Rossiya Tergov qo‘mitasi 2020 yil aprel oyida halokat yuzasidan tergov yakunlangani haqida xabar bergan edi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, ekipaj komandiri Denis Yevdokimovning harakatlari SSJ-100’ning yo‘q qilinishi va yonib ketishiga olib keldi. Yig‘ilgan ma’lumotlar samolyotning texnik nosozligi versiyasini rad etdi, deb ta’kidladi Tergov qo‘mitasi. 

Mavzuga oid