O‘zbekiston | 19:09 / 04.07.2023
12358
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda mashina olib qochishda gumonlangan “moykachi”ni to‘xtatish uchun qurol qo‘llandi

Hodisa 3 iyul kuni “Yangi O‘zbekiston bog‘i” atrofida sodir bo‘lgan. Qonunbuzar protsessual tartibda ushlangan, ayni paytda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Foto: Videodan kadr

Telegram-kanallarda yuvish uchun qoldirilgan Gentra moykachi tomonidan olib qochilgani, YPX xodimlari uni topishganda qochib ketishga uringani, gumonlanuvchini ushlash uchun jangovar quroldan o‘q uzilgani aks etgan video tarqaldi. Xabarga ilova qilingan suratda olib qochilgan mashina boshqa bir Gentra’ga urilib to‘xtagani ko‘rinadi.

Toshkent shahar IIBBning ma’lum qilishicha, hodisa 3 iyul kuni ro‘y bergan. Mirobod tumani Qo‘yliq-4 mavzesida joylashgan avtomobil yuvish shoxobchasining 25 yashar ishchisi Muhammad Abdurahimov yuvib berish uchun o‘ziga ishonib topshirilgan Gentra rusumli davlat raqam belgisi 01Y758BC bo‘lgan avtomashinani olib qochadi.

Rasmiy xabarda keltirilishicha, transport vositasini olib qochgan shaxsni ushlash maqsadida Toshkent shahrida maxsus reja amalga oshirilgan. Gumonlanuvchi yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol ravishda buzib, transport vositasini katta tezlikda boshqargan va svetoforning taqiqlovchi chirog‘iga hamda yo‘l-patrul xizmati inspektorlarining to‘xtash haqidagi qonuniy talablariga bo‘ysunmagan.

Soat 09:45 larda Maxtumquli ko‘chasidagi chorrahada Toshkent shahar IIBB YHXB inspektorlari tomonidan yo‘l to‘silib, olib qochilgan transport vositasini to‘xtatish choralari ko‘rilgan. Biroq gumonlanuvchi YPX inspektorlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmay, to‘xtashdan bosh tortgan hamda yo‘lda qarama-qarshi harakatlangan. Natijada 3 ta avtomashinaga qasddan texnik shikast yetkazgan. Ta’kidlanishicha, ta’qibdan qochishga uringan “moykachi” Gentra’ni to‘g‘ri YPX xodimlarining ustiga haydagan.

“Ko‘rilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida, avtomashinani olib qochgan shaxs Toshkent shahar IIBB YHXB xodimlari tomonidan ushlangan. Jinoyat sodir etgan shaxsni ushlash jarayonida boshqa og‘irroq oqibatlarning oldini olish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi qonuni talablari asosida IIO xodimlari o‘zlariga biriktirilgan o‘qotar qurolni qo‘llagan. Qurolni qo‘llash jarayonida hech kimga shikast yetmagan, deyiladi bayonotda.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 267-moddasi (Transport vositasini olib qochish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchi protsessual tartibda ushlangan. Ayni paytda tergov harakatlari olib borilayotgani ma’lum qilingan.

Mavzuga oid