Jahon | 20:00 / 16.07.2023
26826
18 daqiqa o‘qiladi

Volin qirg‘ini. Polyak-ukrain millatchiligi kurashining eng qora sahifasi

Polsha yetakchisi Anjyey Duda 9 iyul kuni kutilmaganda Ukrainaning Lutsk shahriga tashrif buyurdi va Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan birga «Volin fojiasi» qurbonlari xotirasiga hurmat bajo keltirdi. Ko‘pchilik bu qadamni o‘ta ijobiy deb atamoqda, chunki Varshava tomonidan polyak xalqi genotsidi deya ta’kidlangan ushbu qirg‘in bo‘yicha pozitsiyalar Ukraina va Polsha o‘rtasida qarama-qarshilikka sabab bo‘lgandi.

Bir necha asrlik ziddiyat

Polyak va ukrain xalqi dushmanligi ancha uzoq tarixga ega. Sharqiy slavyanlarning ilk davlatchiligi hisoblanuvchi Kiyev Rusi va g‘arbiy slavyanlarning Polsha qirolligi o‘rtasidagi kurash X asrdanoq boshlangan. Bu ikki slavyan davlati Chervona shaharlari ustidan nazorat uchun o‘zaro urush olib borgan. Chervona shaharlariga hozirgi Polsha va Ukraina hududlaridagi Cherven (aynan shu shahar nomi sabab shunday atalgan), Lviv, Volin, Yaroslav, Belz, Jyeshuv va boshqa shaharlar kiradi. Keyinchalik bu hududlar Chervonnaya Rus (Qizil Rus) deb atala boshlangan.

Rech Pospolita davlati chegaralari

Chervonnaya Rus yerlari Kiyev Rusida feodal tarqoqlik davri boshlangach, Galitsiya-Volin knyazligi tarkibiga kiradi. Galitsiya-Volin knyazligi hududlari hozirgi Ukrainaning Lviv, Volin, Lutsk, Polshaning Karpatoldi, Lyublin, Belarusning Brest oblastlari hududlariga to‘g‘ri kelgan. Bu knyazlik 1340 yili Polsha qirolligi tomonidan egallab olinadi.

Polsha qirolligi, shuningdek, Buyuk Litva knyazligining g‘arbiy Kiyev Rusi yerlarini bosib olishiga ham yordam beradi va 1569 yilgi Lyublin uniyasidan so‘ng Buyuk Litva bilan bir davlatga birlashib, Dnipro daryosigacha bo‘lgan yerlar, jumladan Kiyev shahri, hamda Zaporijjya ustidan hukmronlik o‘rnatadi.

Polsha qirolligi va Buyuk Litva knyazligi birlashuvi natijasida tashkil topgan Rech Pospolita davlati hozirgi Ukraina yerlarini deyarli to‘liq o‘z nazoratiga oladi. Faqatgina Qrim xonligi tarkibidagi Xerson, Usmoniylar nazorati ostidagi Odessa va Buyuk Moskva knyazligi hududi bo‘lgan Xarkiv, Donetsk, Luhansk, qisman Sumi Rech Pospolita tarkibiga kirmaydi. Ushbu davr sharqiy slavyanlarning uchga (rus, belarus, ukrain) bo‘linish davri hisoblanadi.

Buyuk Litva knyazligi ta’siri ostidagi yerlarda belarus, Polsha nazorati ostidagi hududlarda ukrain, Oltin O‘rda bilan yaqin bo‘lgan Buyuk Moskva knyazligi asosida rus millati shakllanadi.

Rech Pospolita (amalda Polsha) hukmronligi davrida Galitsiya va Volin, keyinchalik butun Ukraina hududlarida «polyaklashtirish» siyosati olib boriladi. Mahalliy rusinlar (bo‘lajak ukrainlar) polyaklar, nemislar va yahudiylardan kam huquqlarga ega bo‘ladi va doimiy kamsitib kelinadi. Mahalliy aholi va polyaklarning dushmanligiga Polsha xristianlikning katolik oqimidaligi, ukrainlarning esa pravoslav oqimiga e’tiqod qilishi ham qo‘shimcha sabab bo‘ladi. Polsha shlyaxtalari (zodagonlari) rusinlarni qul qilishi, xohlasa o‘ldirib yuborishi mumkin edi. Shafqatsiz notenglik sharoitida mahalliy aholida «kelgindi» polyaklarga qarshi nafrat shakllanadi.

Rech Pospolita hukumatining shovinistik siyosatidan norozi bo‘lgan Zaporijjya kazaklari 1648 yil Bogdan Xmelnitskiy boshligida qo‘zg‘olon ko‘targan

XVII-XVIII asrlardagi tinimsiz urushlar oqibatida Rech Pospolita zaiflashadi. Buyuk Moskva knyazligi mahalliy aholi yordami bilan Ukraina yerlarini birin-ketin egallay boshlaydi. Nihoyat XVIII oxirida Rech Pospolita yerlari Avstriya, Rossiya va Prussiya o‘rtasida bo‘lib olinadi. Polshaning asosiy qismi, xususan Varshava Prussiyaga, Galitsiya, Karpatorti va Karpatoldi jumladan, Lviv, Lyublin, Krakov shaharlari Avstriyaga, qolgan barcha hududlar Rossiya imperiyasi tarkibiga o‘tadi.

Rech Pospolitaning bo‘lib olinishi

Ukrainaning Rossiya ixtiyoriga o‘tgan hududlarida endi «ruslashtirish» siyosati boshlanadi. Ukraina millatparvarlari va ziyolilarining katta qismi Rossiya ta’qibidan qochib, Avstriya tarkibidagi Galitsiya va Ladomeri qirolligiga ko‘chib o‘tadi. Natijada Zaporijjyada paydo bo‘lgan ukrain millati asosi Galitsiyada rivojlanadi va butun Ukraina hududiga tarqatiladi.

Galitsiya

Avstriya ixtiyoridagi Galitsiya qirolligining g‘arbiy qismida polyaklar ko‘proq edi, ukrainlar esa sharqiy qismda. Ukrainaning Rossiya tarkibidagi qismida ham polyaklar adadi katta bo‘lgan. Ular Birinchi jahon urushi yillarida mahalliy polyaklar manfaatlarini himoya qilish uchun turli tashkilotlar tuzadi. Ular sirasiga Polyak polki va Polsha harbiy tashkiloti kiradi, bu qurolli tuzilmalar bolsheviklarga qarshi kurashayotgan Ukraina Markaziy Radasi hukumatidan ularga avtonom huquqlar berilishini talab qilgan. Markaziy Rada Germaniya va Avstriya-Vengriya yordami bilangina Polyak polkini qurolsizlantirishga muvaffaq bo‘lgan.

1916 yil Germaniya imperiyasi vasiyligi ostida Polsha qirolligi tashkil etiladi. Shundan so‘ng, yangi Polsha qirolligi va Ukraina derjavasining chegaralarini aniqlash kun tartibiga chiqadi. Bu chegaralarni demarkatsiya qilish juda murakkab edi, chunki har ikki tomon Galitsiya qirolligi va Volin hududlariga da’vogarlik qilgan. Ukraina derjavasi bu masalada Germaniya vositachiligidan foydalanishni maqsad qiladi, biroq 1918 yil noyabr oyida Germaniya urushdan chiqqanidan so‘ng bu reja barbod bo‘ladi. Qolaversa, Germaniya mag‘lub bo‘lgach, Polsha qirolligi mustaqillikka erishadi va hukumat tepasiga Yuzef Pilsudskiy boshliq harbiylar keladi. Bu paytda Pavel Skorpadskiy rahbarligidagi Ukraina derjavasi ham tugatilib, Ukraina xalq respublikasi tashkil topadi.

Polsha-Ukraina urushlari

Ukraina xalq respublikasi Direktoriyasi chegara masalasida Polsha bilan muloqot o‘rnatishga harakat qiladi, biroq Polshaning yangi hukumati Galitsiyaning sharqi va Volinning g‘arbiy qismini tarixiy Polsha yerlari deb qattiq turib oladi.

G‘arbiy Ukraina respublikasining Galitsiya armiyasi

1918 yil oktyabridayoq Galitsiyada ukrain-polyak to‘qnashuvlari boshlanadi. Noyabrda Polsha qirolligi qurolli tuzilmalari Holmshina va Podlyashe hududlarini egallab oladi. Bu vaqtda Galitsiyada G‘arbiy Ukraina respublikasi tashkil topadi va Polsha bosqiniga qarshi kurashish uchun Galitsiya armiyasini tuzadi.

1919 yilning yanvar oyida G‘arbiy Ukraina respublikasi Ukraina xalq respublikasi (UXR) bilan birlashadi va keng ko‘lamli urush boshlanadi. Polyaklar Lviv, Volin va boshqa bir qator shaharlarni qo‘lga oladi. Ammo fevral oyida UXR qarshi hujumga o‘tib, Lvivni qaytarib oladi va Pshemisl tomon harakatlanadi. Lekin mojaroga Antanta ittifoqi aralashadi va UXR hujumni to‘xtatadi, biroq polyaklar muzokaralar davom etayotgan bir paytda Lvivga yana hujum qilib, shaharni egallaydi.

Ukraina derjavasi rahbari Pavel Skorpadskiy

Antanta davlatlari vositachiligidagi muzokaralar samarasiz bo‘ladi. Vaqtdan yutgan va Fransiyadan harbiy yordam olgan Polsha armiyasi 1918 yil may oyida Yuzef Haller boshligida hujumga o‘tib, Rovno, Ivano-Frankovsk, Ternopol shaharlarini bosib oladi. Bunda ularga Ukraina ichidagi polyak aholining Kiyevga qarshi boshlagan isyonlari ham yordam beradi.

Ruminiya ham Polshaga qo‘shilib, Ukrainaga bostirib kiradi va Shimoliy Bukovinani Ukrainadan tortib oladi.

Polsha-Ukraina urushi 1920 yilgacha davom etib, Ukraina xalq respublikasi mag‘lubiyati bilan tugaydi. Ukraina barcha kuchlarini Polshaga qarshi safarbar qilolmaydi, chunki Kiyev sharqda Qizil armiya va Oq gvardiya bo‘linmalari bilan ham urush olib borardi. Zbruch daryosi Polsha va Ukraina chegarasi etib belgilanadi. Ammo bu tinchlik shartnomasi amalda hech qanday ahamiyatga ega bo‘lmaydi, chunki 1919 yilda Rossiya sovet federativ sotsialistik respublikasi (RSFSR) va Polsha qirolligi o‘rtasida urush boshlanib ketadi.

Katta qurbonlar berilgan bir necha yirik janglar bo‘lib o‘tishiga qaramay, Polsha va Ukraina bir-biriga rasman urush e’lon qilmagandi, ya’ni ular urush holatida emasdi. Bolsheviklar armiyasi kuchayishi bilan UXR pozitsiyani o‘zgartiradi hamda RSFSRga qarshi kurashga Polsha va Antanta kuchlarini jalb etishga harakat qiladi.

Uzoq muzokaralardan so‘ng kechagi dushmanlar ittifoqchiga aylanadi va Polsha-UXR birlashgan qo‘shinlari bolsheviklarga qarshi hujumga o‘tadi. 1920 yil may oyida ular Qizil armiya tomonidan egallangan Kiyevni qaytarib olib, shaharga tantanali ravishda kirib keladi.

Polsha-UXR birlashgan kuchlarining Kiyevga kirib kelishi. 1920 yil

Biroq muvaffaqiyat uzoq davom etmaydi, Qizil armiya ham qarshi hujumga o‘tib, Polsha-UXR kuchlarini Pshemislgacha surib chiqaradi. Sovetlar yurishni davom ettirib, Varshavagacha boradi va faqatgina «Visladagi mo‘jiza» (polyaklar Qizil armiyani mag‘lub qiladi) Polsha hukumatini qulashdan saqlab qoladi. Shundan so‘ng Polsha va bolsheviklar o‘rtasida Riga shartnomasi tuziladi, unga ko‘ra sharqiy Galitsiya, Holmshina va Volinning bir qismi Polsha tarkibida qoladi.

Polsha urushni to‘xtatgach, UXR yolg‘iz o‘zi kurashni davom ettirishga majbur bo‘ladi. Keyinroq UXR ham butunlay mag‘lubiyatga uchraydi hamda Ukrainani tark etib, Polshaga ko‘chib o‘tadi. Polsha UXRga uning qurolli tuzilmalari Ukraina sovet sotsialistik respublikasi (USSR) hududida partizanlik urushini olib borishida harbiy va moliyaviy yordam ko‘rsatadi. Ammo SSSRning norozilik notalaridan so‘ng UXR hukumatini o‘z hududidan chiqarib yuboradi.

UMT va UQA fashistlar bilan dastlab yaqin hamkorlik qilgan va keyinchalik to‘qnashuvlarga ham borgan

Polsha hukumati mamlakat ichidagi, shuningdek Galitsiya va Volindagi ukrain va belaruslarni «polyaklashtirish» siyosatini olib boradi. Milliy ozchiliklar maktablari yopiladi va G‘arbiy Ukraina yerlariga polyaklar ko‘chirib keltiriladi.

Natijada ukrain millatchilik tashkilotlari — Ukraina harbiy tashkiloti, Ukraina millatchilari tashkiloti o‘z atrofiga polyaklardan norozi ko‘plab tarafdorlar yig‘adi va turli terror aktlari uyushtiradi. Bunga javoban Polsha hukumati 1930 yilda G‘arbiy Ukrainada «tinchlantirish» aksiyasini boshlaydi. Polyak kuchlari ukrain qishloqlariga reydlar tashkil etadi va minglab tinch aholi vakillarini o‘ldiradi yoki mayib qiladi. Bu aksiya xalqaro hamjamiyatda norozilik tug‘diradi va masala Millatlar Ligasida muhokama qilinadi.

Ukrainalik ultra-millatchilar o‘ldirilgan polyaklar bilan

Volin qirg‘ini

Ikkinchi jahon urushi boshlangach, Ukraina millatchilari tashkiloti Germaniya bilan hamkorlik qila boshlaydi. Nemislarning Polsha davlatini tugatgani va polyaklarga qarshi kayfiyatidan foydalangan Ukraina millatchilari tashkiloti o‘zining harbiy tuzilmasi — Ukraina qo‘zg‘olonchilar armiyasini (UQA) tuzadi. Bu armiya boshqa ko‘plab maqsadlari qatorida Galitsiya va Volindagi Polsha millatchiligiga qarshi kurashishni ham o‘z oldiga maqsad qilib qo‘yadi.

Volin qirg‘inida hech kimga shafqat qilinmagan, yoshlar, ayollar, keksalar ayovsiz kaltaklangan

1941 yilda Germaniya SSSRga hujumga o‘tib, G‘arbiy Ukraina va Belarus yerlarini egallashi bilan Ukraina qo‘zg‘olonchilar armiyasini Galitsiya va Volinda faollashadi. Ular polyak qishloqlarini talaydi, aholini o‘ldiradi va bu bilan sobiq Polsha hukumati harakatlari uchun «qasos oladi».

1943 yildan Germaniyaning Ukraina millatchi tashkilotlari ustidan nazorati susayadi, chunki fashistlar imperiyasi allaqachon qulashni boshlagandi. Natijada ukrain millatchilari ancha erkin harakat qila boshlaydi. 1943 yil 2 fevralda mashhur Stalingrad jangi Germaniyaning to‘liq mag‘lubiyati bilan yakunlanadi. Bu Ukraina millatchilarida Ukraina milliy davlatini tuzish umidini kuchaytiradi.

Shu maqsadda ular Ukraina davlati tuzilishiga xalal beruvchi barchani, jumladan, polyak va sovet partizanlarini yo‘q qilishga kirishadi.

Volin qirg‘ini 1943 yil 9 fevralda UQA otryadi Volin viloyatidagi Parosl qishlog‘ining barcha aholisini o‘ldirgandan so‘ng boshlanadi. Bu qirg‘inning dahshatli tomoni, ukrain ultra-millatchilari qishloq odamlarini o‘ldirishda qo‘llaridagi o‘qotar qurollardan emas, ketmon, bolta va boshqa anjomlardan foydalangan.

Shundan so‘ng butun Galitsiya va Volin bo‘ylab polyaklarni qirg‘in qilish boshlanib ketadi. UQA komandirlaridan biri, Stepan Radushi bu voqealarni shunday eslagan: «Biz bir kechada beshta polyak qishlog‘ini o‘rab oldik va ularga o‘t qo‘ydik. Go‘dakdan to qarigacha, butun aholi qirg‘in qilindi. Hammasi bo‘lib 2000 dan ortiq odam halok bo‘ldi. Mening vzvodim polyaklarning katta qishlog‘ini yoqib yuborishda qatnashdi».

Ukrain millatchilari polyaklar qirg‘inida fashistlarning yahudiylar qirg‘inidagi amaliyotidan foydalangan. Volin qirg‘ini 1944 yil yozigacha davom etgan va umumiy hisobda, turli hisob-kitoblarga ko‘ra, 80 mingdan 120 minggacha inson o‘limiga sabab bo‘lgan.

Volin qirg‘ini qurbonlari

O‘z navbatida, polyak partizan guruhlari ham ukrainlarga qarshi qirg‘in olib borgan. Ular o‘z-o‘zini himoya qilish otryadlarini tuzgan va ukrain qishloqlariga hujum qilgan. Polyaklarning «Vatanparvarlik armiyasi» (Armiya Krayova) bu harakatlarda asosiy kuch bo‘lgan. 1943-1944 yillardagi ukrain-polyak qirg‘ini vaqtida polyak kuchlari 15-30 minggacha ukrainni o‘ldirgan.

Ikki xalqning bir-birini etnik qirg‘in qilishi 1944 yozida, Qizil armiya Galitsiyaga to‘g‘ridan to‘g‘ri hujumga o‘tganda to‘xtaydi.

Va yana kechagi qonli dushmanlar ittifoqchiga aylanadi. Sovetlar na polyaklarga, na ukrainlarga milliy davlat tuzishga ruxsat bermasligini tushungan Ukraina millatchilari tashkiloti va «Vatanparvarlik armiyasi» Qizil armiyaga qarshi kurashish uchun taktik birlashadi. Ammo shunday bo‘lsa-da, SSSRning UQA bo‘linmalarini tor-mor etishda ishtirok etgan qiruvchi otryadlarining katta qismi polyaklardan tashkil topgandi.

Keyingi aloqalar

Qizil armiya Ukraina va Polshani egallaganidan so‘ng Polshada sovetparast Polsha xalq respublikasi tuziladi. Moskva ikki sotsialistik davlat o‘rtasida (Polsha va Ukraina) etnik nizo davom etmasligi uchun g‘arbiy Ukraina va g‘arbiy Belarusdagi polyaklarni Polshaga, sharqiy Polshadagi ukrainlarni Ukrainga ko‘chirish bo‘yicha qaror chiqaradi. Bir necha asrdan beri Ukraina yerlarida yashab kelayotgan 800 mingga yaqin polyak Polshaga ko‘chib o‘tadi. Polsha ham «Visla operatsiya»si davomida 150 mingdan ortiq ukrainni deportatsiya qiladi.

Zamonaviy Ukraina-Polsha aloqalari SSSR tarqalgach ancha iliqlashadi. Tarixiy bahslar mavjudligiga qaramay, Polsha elitasining katta qismi Ukraina bilan ijobiy munosabatlar o‘rnatishni yoqlaydi. «Zarg‘aldoq inqilob»dan keyin bu aloqalar yanada qalinlashdi. Ikki mamlakat 2012 yilda futbol bo‘yicha Jahon chempionatiga birgalikda mezbonlik qildi.

Ammo barchasi silliq ketmadi. 2016 yil Polsha Senati «Volin qirg‘ini»ni genotsid deb tan oldi. Oradan bir yil o‘tib, Ukrainadagi polshalik qurbonlar yodgorliklariga Ukraina ramzlari va lozunglari chizib ketildi. Shuningdek, shu yili Polshaning Pshemisl shahri meri 1918-1919 yillardagi Polsha-Ukraina urushi davrida Lviv shahrini himoya qilish uchun qo‘liga qurol olgan yosh ko‘ngillilar va o‘smirlar sharafiga uyushtiriluvchi «Lviv burgutlari» tadbirini o‘tkazdi.

Bu aksiyada «Ukrainlarga o‘lim», «Pshemisl va Lviv abadiy polyak yerlari» kabi shiorlar yangradi. Oqibatda, Kiyev Pshemisl meriga Ukrainaga kirishni taqiqlab qo‘ydi, bu esa Polsha Tashqi ishlar vazirligida norozilikka sabab bo‘ldi va ular Ukrainaga «jiddiy oqibatlar» bilan tahdid qildi.

Lvivdagi «Burgutlar memoriali» va qabristoni

2018 yil Polsha Seymi mamlakatda Ukrainada milliy qahramon deb hisoblanuvchi Stepan Bandera (Ukraina millatchilari tashkilotining radikal bo‘limi rahbari) va «banderovchilik» g‘oyalarini taqiqladi (Volin qirg‘ini davrida Banderaning o‘zi Germaniya konslagerida qamoqda bo‘lgan). Varshava Kiyevdan Bandera va Roman Shuxevich (polyaklar qirg‘ini vaqtida UQAga rahbarlik qilgan) kabi shaxslar kultidan voz kechishni, ularni jinoyatchi deb atashni talab qilib keladi. Ukrainaliklar esa buni e’tiborsiz qoldirmoqda.

Kelishmovchiliklarga qaramay, Rossiyaning Ukrainaga bosqini boshlanishi bilan Polsha Ukrainaga eng ko‘p yordam ko‘rsatgan davlatlar qatorida bo‘ldi. Varshava Ukrainaga katta harbiy va moliyaviy yordam ko‘rsatmoqda. Ko‘plab ukrainaliklar urush boshlanishi bilan Polshaga qochib o‘tdi va hozir ham u yerda katta diasporaga ega.

Duda va Zelenskiy ancha qadrdon, bu kelajakda tarixiy bahs ijobiy yechim topishiga umid beradi

9 iyul kuni Polsha prezidenti Anjyey Dudaning Volin qirg‘ini markazlaridan biri bo‘lmish Lutskka kelishi va Ukraina yetakchisi bilan birga qurbonlar xotirasiga hurmat bajo keltirishi, shubhasiz ijobiy qadam bo‘ldi. Bu so‘nggi paytlarda aynan ushbu qirg‘inga turlicha qarash sabab kuchayayotgan Polsha-Ukraina ziddiyatini iliqlashtirishi va qarama-qarshilikni muloqot yo‘liga o‘tkazish mumkin.

Muhammadqodir Sobirov tayyorladi

Mavzuga oid