21:52 / 18.07.2023
9501

Qirg‘izistonda davlat xizmatchilariga qirg‘iz tilidan foydalanish majburiy deb belgilandi

Qirg‘izistonda qabul qilingan “Davlat tili haqida”gi yangi qonunga asosan, barcha davlat xizmatchilari davlat tilini bilishi va uni o‘z ish faoliyatida qo‘llashi majburiy qilindi. Shuningdek, davlat tizimida ish yuritish ham qirg‘iz tilida amalga oshirilishi shartligi belgilandi.

Foto: Reuters

17 iyul kuni Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov “Davlat tili haqida”gi qonunga o‘zgartirish kirituvchi qonunni imzoladi. Unga asosan, davlat xizmatchilari o‘z faoliyatida qirg‘iz tilidan foydalanishi majburiy deb belgilandi.

Qirg‘iziston prezidentining matbuot xizmati xabariga ko‘ra, davlat tilini bilishi va uni o‘z ish faoliyatida qo‘llashi shartligi haqidagi talab davlat xizmatchilari reyestriga kiritilgan barcha lavozimlardagi rahbar va xodimlarga, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning harbiy unvonga va serjant maqomiga ega barcha xodimlariga, prokurorlar va sudyalarga, mulkchilik turidan qat’i nazar barcha ta’lim tashkilotlari rahbarlari va xodimlari kabi fuqarolarning 11 toifasiga nisbatan joriy etiladi.

Shuningdek, qonun bilan qirg‘iz tilidan foydalanilishi majburiy bo‘lgan sohalar ro‘yxati tasdiqlangan. Unga ko‘ra, davlat organlari, mulkchilik turidan qat’i nazar barcha korxona va tashkilotlar, xalqaro shartnomalar, qonun ijodkorligi va hujjat almashish, geografik nomlar, tovar va xizmatlar haqidagi axborotlar kabilarda davlat tilidan foydalanilishi shart.

Hujjatga asosan, qo‘shma korxonalar va xorijiy korxonalarning nomi davlat tiliga transliteratsiya qilinishi kerak. Tele va radio tashkilotlar o‘z efirining kamida 60 foizi davlat tilida bo‘lishini ta’minlashi zarur.

Shu bilan birga, qonunga asosan Qirg‘iz Respublikasida rus tilining rasmiy til maqomi saqlanib qolgan. Qirg‘iziston hududida barcha millatlar vakillarining o‘z tilidan erkin foydalanish huquqi e’tirof etiladi, bu tillarning rivojlanishi uchun davlat tomonidan shart-sharoit yaratilishi kafolatlanadi. 

Top