O‘zbekiston | 18:24 / 25.06.2024
4533
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Qirg‘iziston Talas-Chotqol-Toshkent avtomobil yo‘li qurilishini muhokama qilmoqda

Hozir loyihaning «Yo‘l xaritasi» ishlab chiqilmoqda. Loyihaning amalga oshirilishi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi va ikki davlatning sayyohlik salohiyatini oshirish imkonini beradi. 

Foto: gov.kg

O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov Xitoyning Urumchi shahriga tashrifi davomida Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi raisi Oqilbek Japarov bilan uchrashdi. 

Tomonlar ikki tomonlama hamkorlik kun tartibiga kiritilgan va ikki davlat rahbarlari tomonidan belgilab berilgan uchta istiqbolli infratuzilma loyihasini muhokama qildilar. 

Yig‘ilishda Qambarota GES-1 va Chotqol daryosida GES qurish bo‘yicha muzokaralar olib borildi. 

Ikki davlat hukumat rahbarlari Talas-Chotqol-Toshkent avtomobil yo‘li qurilishi loyihasini ham muhokama qildi. Qayd qilinishicha, hozir «Yo‘l xaritasi» ishlab chiqilmoqda. Loyihaning amalga oshirilishi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi va ikki davlatning sayyohlik salohiyatini oshirish imkonini beradi. 

Bundan tashqari, Oqilbek Japarov va Abdulla Aripov Qirg‘izistondan O‘zbekistonga qattiq yoqilg‘i yetkazib berishga qaratilgan konveyer va ko‘mir logistika markazini qurish bo‘yicha qo‘shma ishlarni faollashtirish masalalarini muhokama qildi. 

Tomonlar yuqoridagi infratuzilma loyihalarini ilgari surish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarning qabul qilinishi ikki davlat o‘rtasidagi qardoshlik strategik munosabatlarini mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladi.

Mavzuga oid