Jahon | 12:42 / 21.07.2023
28346
9 daqiqa o‘qiladi

«Belarus armiyasini dunyodagi ikkinchi armiyaga aylantiramiz». «Vagner»ning Belarusga kelishi haqida nimalar ma’lum?

«Vagner» XHK rahbari Yevgeniy Prigojinning qisqa muddatli isyonga urinishidan buyon ilk videomurojaati paydo bo‘ldi. Uning o‘zi vagnerchilar «Belarus yeri»ga kelganini tasdiqlagan. BBC sun’iy yo‘ldosh tasvirlari orqali xususiy harbiy kompaniya jangchilari lageri Mogilev oblastining Tsel qishlog‘ida joylashganini aniqladi. Prigojinning Belarusga «ketishi» isyon kutilmaganda to‘xtab qolganida kompaniya va Kreml o‘rtasida tuzilgan kelishuv shartlaridan biri bo‘lgandi.

Foto: WAGNER/ANADOLU AGENCY VIA GETTY IMAGES

«Salom, yigitlar. Sizlarni ko‘rib turishdan mamnunman. Belarus diyoriga xush kelibsiz», — deydi qosh qorayganda olingan videoda jussasi va ovozi Yevgeniy Prigojinni eslatadigan odam. U «Vagner» yollanma jangchilariga murojaat qilgan. Bunga javoban zulmat ichidan tushunarsiz hayqiriqlar eshitiladi. Video chorshanba kuni kechqurun mazkur xususiy harbiy kompaniyaga yaqin bo‘lgan «Razgruzka Vagnera» va «Orkestr Vagnera | Wagner» kabi telegram-kanallarda tarqatildi. Bu Prigojinning RF mudofaa vazirligiga qarshi isyoni va Moskva tomon yakuniga yetmay qolgan yurishidan buyon ilk videosi bo‘ldi.

Prigojin XHK jangchilari Belarusga tashlanganini qanday izohladi?

«Siz munosib jang qildingiz, Rossiya uchun juda ko‘p ish qildingiz», — deydi u videoda. Keyin esa yollanma jangchilar nima uchun Belarusga yuborilganini tushuntira boshlaydi: «Hozir frontda sodir bo‘layotgan voqealar — biz unda ishtirok etishimiz shart bo‘lmagan sharmandalikdir. Va biz o‘zimizni to‘liq namoyon qilish mumkin bo‘ladigan vaqtni kutamiz. Shuning uchun biz biroz vaqt bu yerda, Belarusda bo‘lishga qaror qildik. Bu vaqt ichida biz Belarus armiyasini dunyodagi ikkinchi armiyaga  aylantiramiz, men bunga aminman. Agar agar kerak bo‘lsa, ularni himoya qilamiz».

U o‘z nutqini yakunlagach, yig‘ilganlarga «Vagnerga nom bergan komandir»ni tanishtiradi. XHK bilan aloqador telegram-kanallar bu «afsonaviy Dmitriy Valerevich Utkin» ekanini tasdiqlagan. Gap «Vagner» XHK asoschilaridan biri haqida bormoqda, guruhga uning laqabi berilgan. Videoda Utkin o‘zini «o‘sha Vagner» deb ataydi. Olomon uni gulduros qarsaklar va hayqiriqlar bilan kutib oladi.

«Amalga oshirilgan ishlar uchun barchaga katta rahmat. Bu ishlar tufayli «Vagner» XHK nomi butun dunyoga tanildi. Yigitlar, sizga katta rahmat, — deydi u videoda. — Bu yakun emas, bu tez orada boshlanadigan katta ishlarning debochasi, xolos. Xo‘sh — welcome to hell (do‘zaxga xush kelibsiz)».

Belarusga qancha yollanma jangchilar kelgan?

Video kun botgan mahalda olingan – qorong‘ida Prigojin qarshisida saf tortgan yollanma jangchilar sonini aniq aytish qiyin. Seshanba kuni xususiy harbiy kompaniya Belarusga 10 minggacha jangchi yo‘l olgani yoki yetib borgani haqida ma’lumot bergandi. Bundan ikki kun oldin esa «Belaruski Gayun» loyihasi mamlakatga kamida ikki ming jangchi yetib kelganini yozgandi.

Rossiya qamoxonalarida Ukrainadagi urush uchun yollanganlar hozircha Belarusga bormagan bo‘lishi mumkin. «Vajnyye istorii» jurnalistlari vagnerchilarning qarindoshlari muloqot qiladigan chatlardagi suhbatlarni o‘rgangan holda shunday xulosaga kelgan.

Nashrning yozishicha, XHK qo‘mondonligi go‘yoki yollanma jangchilar saflaridagi barcha sobiq mahbuslarni uylariga qo‘yib yuborishga qaror qilgan. Chatlardagi yozishmalarga ko‘ra, sudlangan vagnerchilarning aksari Anapadagi mehmonxonalarga joylashtirilgan — bu yerda ular va’da qilingan afvni kutishmoqda.

«Ular shartnoma muddati tugaguniga qadar hammani Anapaga olib ketishdi, ularni ertaroq qo‘yib yuborishmaydi, kunigacha aniq! <…> K proyekti to‘liq yopilgan (XHK ichida qamoqxonalardan mahbuslarni yollash tizimi shunday ataladi — tarj)», — deya «Vagner» XHK vakilining so‘zlarini keltirgan jurnalistlar. Buni tasdiqlovchi boshqa manba yo‘q.

Shu bilan birga, yollanma jangchilardan birining qarindoshi bo‘lgan suhbatdoshning so‘zlariga ko‘ra, «barcha mahbuslar mehmonxonadan uylariga qo‘yib yuboriladi, keyin esa ular istasa, Belarus yoki Afrikaga borish uchun XHK bilan shartnomani uzaytirishi mumkin».

Prigojin o‘z murojaatida vagnerchilarni Afrikaga yuborish rejalari haqida ham aytib o‘tgan va ularni «o‘z darajasi»ni oshirishga chaqirgandi. «Va yangi yo‘lga, Afrikaga. Ehtimol, maxsus amaliyot hududiga ham qaytarmiz — o‘zimiz va tajribamizni sharmanda qilishga majbur bo‘lmasligimizga ishonch hosil etganimizdan keyin», — degan u.

«Vagner» XHK bazasi qayerda?

«Belaruski Gayun» proyekti surishtiruvchilarining tasdiqlashicha, «Vagner» XHK yollanma jangchilari Belarusga 11 iyuldan kira boshlagan. O‘tgan haftada ushbu mamlakat mudofaa vazirligi vagnerchilar Mogilev oblastida, Minskdan yuz kilometr masofadagi Osipovichi shahri yaqinidagi lagerda belarus harbiylari va hududiy mudofaa kuchlari uchun mashg‘ulot o‘tkazayotgani haqida ma’lumot berdi.

«Harbiy xizmatga chaqirilganlar jang maydonida harakatlanish va taktik o‘q otish ko‘nikmalarini, muhandislik tayyorgarligi va taktik tibbiyot bo‘yicha bilimlarni egallashadi. «Vagner» XHK jangchilari qator harbiy fanlar bo‘yicha instruktorlik qilishadi», — deyilgan mudofaa vazirligi xabarida.

Prigojin va Utkinning vagnerchilarga murojaati videosi ham katta ehtimol bilan Mogilev oblastida olingan. BBC Verify (BBC’ning ma’lumotlarni tekshirish bilan shug‘ullanuvchi bo‘limi) olgan sun’iy yo‘ldosh tasvirlarida 18 iyul kuni Belarus janubida, Minskdan taxminan 103 km masofadagi Tsel qishlog‘ida joylashgan tashlandiq harbiy bazada yuk mashinalari, boshqa harbiy transport vositalari va logistika vositalari paydo bo‘lganini ko‘rish mumkin. BBC Verify tomonidan qayd etilishicha, videodagi chodirlar, daraxtlar va binolarning joylashuvi lagerning g‘arbiy chekkasidagi hududga to‘g‘ri keladi. Sun’iy yo‘ldosh tasvirlariga ko‘ra, Tselda ikki hafta ichida 300 ga yaqin chodirlar o‘rnatilgan.

Vagnerchilar Tsel qishlog‘iga joylashtirilgani haqida 18 iyul kuni «Belaruski Gayun» ham yozgandi: uning ma’lumotlariga ko‘ra, kolonnada kamida 90 mashina bo‘lgan — ularda asosan «LXR» raqamlari aks etgan, ba’zida «DXR» va Rossiya raqamlari uchragan, ayrim mashinalarda umuman nomerlar bo‘lmagan.

Belarus, Polsha va Ukraina qanday munosabatda bo‘lmoqda?

Videoda Prigojin belaruslar vagnerchilarni «nafaqat qahramonlar kabi, balki og‘a-inilardek» kutib olganini aytadi. «Aytishlaricha, mahalliy qizlar do‘konlarda Vagner kelgani haqida suqlanib pichirlashishmoqda. Ammo ulardan hech birini xafa qilmasdan, ehtiyotkorlik bilan. 
Shuning uchun ularga birodarlarcha munosabatda bo‘lamiz», — degan XHK rahbari. Uning so‘zlari yollanma jangchilar orasida do‘stona kulgi ko‘targan.

Isyon vaqtida XHK va Rossiya hukumati o‘rtasida Aleksandr Lukashenko vositachilik qilgandi, aynan u Prigojinga va harbiylariga Belarusga o‘tishni taklif qilgandi, shuning uchun Belarus hukumatining XHK jangchilari ularning hududiga kelib joylashishiga munosabati oldindan kutilganidek bo‘ldi. Qolaversa, Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov aytganidek, Prigojin va Lukashenko anchadan buyon tanish. «Jyenya Prigojin. Men uni shunday atayman: Jyenya, – degandi Lukashenko Prigojin haqida 2020 yilda. – U bilan aloqalarimiz juda yaxshi. Judayam».

Endi, Belarus tomoni bayonotiga ko‘ra, ularning harbiylari va XHK «Bresskiy» poligonida birgalikda shug‘ullanishadi. Bu poligon Ukraina va Polsha bilan chegaraga yaqin joylashgan. «Orkestre Vagnera» payshanba kuni mashg‘ulotdan olingan bir qancha fotosuratlarni quyidagi yozuv bilan namoyish etdi: «Belaruslik harbiylar «Vagner» XHK jangchilari bilan Polsha chegarasi yaqinidagi «Bresskiy» poligonida jangovar tayyorgarlik mashqlarini ishlab chiqishmoqda. Duda [Polsha prezidenti] asabiylashmoqda».

Polsha mudofaa vazirligi sharqiy chegaradagi vaziyatni kuzatib borayotgani va «voqealarning turli ssenariylariga tayyorligi»ni bildirgan.

Ukraina chegarachilari 20 iyul kuni Belarusdagi vagnerchilar soni hozirda Ukrainaga tahdid sololmasligini ma’lum qildi.

Mavzuga oid