Mehnat ta’tili bo‘yicha qonunchilikdagi me’yorlar sanab o‘tildi
Yillik mehnat ta’tilining davomiyligi qancha? Qanday xodimlarga uzaytirilgan yoki qo‘shimcha ta’tillar beriladi? Yillik mehnat ta’tili qanday hisoblanadi? Yangi ishga kirgan xodim qancha muddatdan keyin mehnat ta’tili olishi mumkin?
Dam olish va ishlash qobiliyatini tiklash uchun xodimning yozma arizasi bilan har yili mehnat ta’tili beriladi. Ta’til davomida o‘rtacha ish haqi va lavozim saqlanadi. Barcha xodim, shu jumladan, o‘rindoshlik asosida ishlaydigan xodimlar ham yillik mehnat ta’tiliga chiqish huquqiga ega. Hudud24 mehnat ta’tili bo‘yicha qonunchilikdagi me’yorlarni sanadi.
Yillik mehnat ta’tilining davomiyligi qancha?
Yillik mehnat ta’tilining eng kam davomiyligi 21 kalendar kunni (ilgari 15 ish kuni edi) tashkil etadi.
Qanday xodimlarga uzaytirilgan yoki qo‘shimcha ta’tillar beriladi?
Quyidagi toifadagi xodimlarga yoshi va sog‘lig‘ining holatiga qarab, asosiy uzaytirilgan ta’til beriladi:
1) 18 yoshgacha bo‘lgan shaxslarga — 30 kalendar kun;
2) I va II guruh nogironligi bo‘lgan xodimlarga — 30 kalendar kun.
3) davlat organlari xodimlariga – 27 kalendar kun.
Shuningdek, boshqa toifa xodimlarga ham ularning mehnat vazifalari o‘ziga xosligidan kelib chiqib, uzaytirilgan ta’tillar beriladi.
Jamoa shartnomasi va kelishuvlari, shuningdek, ichki hujjatlar va mehnat shartnomasi bilan ko‘paytirilgan muddatlar belgilanishi mumkin.
Mehnat sharoitlari noqulay ishlarda band bo‘lgan, noqulay tabiiy-iqlim sharoitlarida ish bajarayotgan yoki bitta tashkilotda yoki tarmoqda ko‘p yillik ish stajiga ega bo‘lgan xodimlarga qo‘shimcha ta’tillar beriladi.
Xususan, bir tashkilotda ishlagan har 5 yil uchun xodim ta’tiliga 2 kalendar kun qo‘shiladi. Ammo qo‘shiladigan kunlar soni 8 kalendar kundan oshib ketmasligi kerak.
Yillik mehnat ta’tili qanday hisoblanadi?
Ta’tillar avvalgidek ish kunlarida emas, balki kalendar kunlarida hisoblab chiqariladi. Bu ta’til muddatini hisoblashda dam olish kunlari, shu jumladan, yakshanba kunlari ham kiritilishini anglatadi.
Ta’til davriga to‘g‘ri keladigan bayram kunlari esa uning davomiyligini aniqlashda hisobga olinmaydi (mehnat qonunchiligi bo‘yicha 9 ta ishlanmaydigan bayram kunlari bor).
Yangi ishga kirgan xodim qancha muddatdan keyin mehnat ta’tili olishi mumkin?
Xodim ishga kirgandan so‘ng 6 oy o‘tib, yillik mehnat ta’tiliga chiqishi mumkin. Ish beruvchi bilan kelishuvga ko‘ra bu muddat o‘tmasdan ham beriladi.
Quyidagi xodimlarga xohishiga ko‘ra 6 oy o‘tmasdan mehnat ta’tili beriladi:
1) ayollar — homiladorlik va tug‘ish ta’tilidan oldin yoki undan keyin;
2) 14 yoshga to‘lmagan bitta yoki undan ortiq bolani (o‘n olti yoshga to‘lmagan nogironligi bo‘lgan bolani) tarbiyalayotgan shaxslar;
3) 18 yoshdan kichik bo‘lgan shaxslar;
4) rezervga bo‘shatilganidan keyin 3 oydan kechiktirmay ishga kirgan muddatli harbiy xizmatni o‘tagan sobiq harbiy xizmatchilar;
5) 1941 — 1945 yillardagi urush qatnashchilari va imtiyozlari bo‘yicha ularga tenglashtirilgan shaxslar;
6) I va II guruh nogironligi bo‘lgan xodimlar;
7) ishdan ajralmay o‘qiyotganlar, agar ular ta’tilni imtihon, sinov topshirish, bitiruv malakaviy ishlarini, magistrlik dissertatsiyalarini, kurs, laboratoriya ishlarini va boshqa o‘quv ishlarini bajarish vaqtiga to‘g‘rilab olishni xohlasa.
Bunday imtiyoz jamoa kelishuvi va shartnomasida yoki ichki hujjatlarda belgilangan boshqa xodimlarga ham beriladi.
Ikkinchi va keyingi ish yillari uchun mehnat ta’tilini berish tartibi qanday?
Ikkinchi va keyingi ish yillari uchun ta’til ish beruvchi va xodim uchun majburiy ta’tillar jadvali asosida beriladi. Bunday jadvalni yil boshlanguncha ish beruvchi kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishuvga ko‘ra tasdiqlaydi. Ushbu jadval keyinchalik xodim roziligi bilan o‘zgartirilishi mumkin.
Xodim ta’til beriladigan vaqt to‘g‘risida ta’til boshlanishidan kamida 15 kun oldin xabardor qilinishi kerak. Oldingi savoldagi 8 toifa xodimga mehnat ta’tilini o‘ziga qulay vaqtda tanlash imkoniyati beriladi.
Ishlaydigan erkaklarga ta’til xohishga ko‘ra xotinining homiladorlik va tug‘ish ta’tili davrida berilishi ham mumkin.
Qanday hollarda yillik mehnat ta’tilini uzaytirish yoki boshqa muddatga ko‘chirish mumkin?
Xodimlar quyidagi hollarda ta’tilni uzaytirish yoki boshqa muddatga ko‘chirish huquqiga ega:
1) vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik davrida;
2) homiladorlik va tug‘ish ta’tilining muddati boshlanganda;
3) ta’til o‘quv ta’tiliga to‘g‘ri kelib qolganda;
4) davlat yoki jamoat majburiyatlarini bajarayotganda, agar bunday majburiyatlarni bajarish uchun ishdan ozod etilish kerak bo‘lsa;
5) jamoa kelishuvlari yoki shartnomasida nazarda tutilgan boshqa hollarda.
Xodim ta’tildan foydalanishga to‘sqinlik qiladigan sabablar to‘g‘risida ish beruvchiga yozma xabar berishi kerak.
Yillik mehnat ta’tilining bir qismini keyingi ish yiliga ko‘chirish yoki qismlarga bo‘lish mumkinmi?
Mehnat ta’tili har yili, ushbu ta’til berilayotgan ish yili tugaguncha beriladi.
Ishlab chiqarish zaruratiga ko‘ra ta’tilni to‘liq berish imkoni bo‘lmasa, xodimning roziligi bilan ta’tilning 14 kalendar kundan ortiq qismi keyingi ish yiliga ko‘chiriladi.
18 yoshga to‘lmagan xodimlarga, nogironligi bo‘lgan xodimlarga har yilgi mehnat ta’tilini, shuningdek, qo‘shimcha ta’tillarni bermaslik taqiqlanadi.
Xodim va ish beruvchi o‘rtasidagi kelishuv bilan ta’til qismlarga bo‘linishi mumkin. Bunda ta’tilning hech bo‘lmaganda bir qismi 14 kalendar kundan kam bo‘lmasligi kerak.
Xodimni yillik mehnat ta’tilidan chaqirib olish mumkinmi?
Ish beruvchi istalgan vaqtda xodimni ishga chaqirib olishi mumkin. Faqat bunda zarur shart – xodimning roziligi. Bunday holatda ta’tilning foydalanilmay qolgan qismi shu yilning boshqa qismiga yoki keyingi yilga ko‘chiriladi.
18 yoshga to‘lmagan xodimlarni, homilador ayollarni va mehnat sharoitlari o‘ta zararli va o‘ta og‘ir ishlarda band bo‘lgan xodimlarni chaqirib olish mumkin emas.
Yillik mehnat ta’tilini pulli kompensatsiya bilan almashtirishga yo‘l qo‘yiladimi?
Mehnat shartnomasi bekor qilinganda xodimga barcha foydalanilmagan mehnat ta’tillari uchun kompensatsiya to‘lanadi.
18 yoshga to‘lmagan xodimlar, I yoki II guruh nogironligi bo‘lgan xodimlarga beriladigan ijtimoiy ta’tillarning barcha turlaridan, har yilgi uzaytirilgan asosiy mehnat ta’tillaridan, shuningdek, qo‘shimcha ta’tillardan foydalanilishi shart. Shu sababdan mehnat davrida ularni pulli kompensatsiya bilan almashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Mehnat shartnomasini bekor qilish chog‘ida xodimga yillik mehnat ta’tili qanday tartibda beriladi?
Xodim yozma arizasi bilan mehnat ta’tiliga chiqishi va undan so‘ng ishdan ketishi mumkin. Bunda ta’tilning so‘nggi kuni oxirgi ish kuni hisoblanadi.
Faqat bunday imkoniyat jamoa yoki mehnat shartnomasi, ichki hujjatlarga kiritilgan bo‘lishi yoki ish beruvchi bilan kelishilishi kerak. Agar xodimning aybi bilan mehnat shartnomasi bekor qilinayotgan bo‘lsa, bunday imkoniyat berilmaydi.
Mavzuga oid
10:39 / 29.04.2024
Shavkat Mirziyoyev qisqa muddatli mehnat ta’tilidan qaytdi
18:28 / 25.04.2024
O‘zbekistondagi bo‘sh ish o‘rinlari haqida ma’lumot berildi
10:00 / 22.04.2024
Shavkat Mirziyoyev qisqa muddatli mehnat ta’tiliga chiqdi
15:50 / 06.04.2024