O‘zbekistonga aql markazlari kerak. Ular nega kam?
Rivojlangan davlatlarda chuqur o‘rganilgan tahliliy ma’lumotlarning bozori shakllangan. Bu bozorda sotuvchilar – aql markazlari, buyurtmachi-xaridorlar esa – davlat, jamoat tashkilotlari va yirik kompaniyalar. O‘zaro raqobatlashadigan aql markazlari qaror qabul qiluvchilarning stoliga bir-biridan mustaqil, muqobil variantlardagi tahliliy xulosalar va yechim-takliflarni qo‘ya oladi. Albatta, arzon narxga emas.
Xo‘sh, O‘zbekistonda bu borada holat qanday? Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturi bu galgi soni – aql markazlari haqida.
Mavzuni tahlil qilish uchun studiyamizga soha mutaxassislari – “Bilim karvoni” tahlil markazi rahbari Farhod Tolipov, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti Tahliliy tadqiqotlar markazi direktori Sayfiddin Jo‘rayev va siyosiy fanlar doktori Farhod Karimovni taklif etdik.
— Aql markazlarining jamiyat siyosiy ongini oshirishdagi o‘rni qanday?
Sayfiddin Jo‘rayev: Aql markazlarining dolzarb bo‘lishiga sabab davr bilan bog‘liq. Masalan, so‘nggi 30 yilda dunyo bo‘yicha, mamlakatimiz bo‘yicha qarorlar qabul qilish texnologiyasi juda qiyinlashib ketdi. Yana bir tomondan, qarorlarning strategik ahamiyatga ega bo‘lishi uchun soha professionallashdi.
Tayyorlanayotgan qarorlar siyosiy vaziyatdan, jamiyatning istaklaridan kelib chiqyapti. Bu esa odamlarning siyosiy ongi oshganini ko‘rsatadi. Aql markazlarining qay darajada rivojlangani o‘sha yerda siyosiy ong, madaniyat qay darajada ekanini ko‘rsatadi.
Farhod Tolipov: Aql markazlari deb bekorga aytilmagan. Qay soha odami bo‘lmasin, aqliy potensiali yuqori bo‘lgan odamlar yig‘iladi. Aql markazlari boshqa institutlardan farqli ravishda ixtiyoriy bo‘ladi va shu sabab informatsiyalar to‘plash, tahlil etish kabilarda mustaqil bo‘ladi. Mustaqil, erkin faoliyat yuritayotgan markazdan chiqayotgan tahlillar esa asosliroq, to‘g‘riroq bo‘ladi. Bu davlatning tahlil markazlarini kamsitish emas, balki sohaning o‘ziga xos bir jihati.
Aslida aql markazi degani ancha keng tushuncha. Davlat tasarrufida bo‘lgan tahlil bilan shug‘ullanuvchi markazlarni ham aql markazi deyish mumkin. Stereotip sifatida kichik bir guruhlarni tushunamiz. Aql markazlari bekorga tashkil etilmagan, ular ham siyosiy jarayonlarga o‘z takliflarini berishni istashadi. Ilmiy, akademik markazlar bunday maqsad qo‘ymasligi mumkin, lekin aql markazlari maqsadli faoliyat olib boradi. Tahliliy materiallar tayyorlab borishadi va siyosiy doiralarga taqdim etishadi.
Mana shunday faoliyatlarga nisbatan alohida terminologiya ham mavjud. Masalan, siyosiy konsalting deyiladi. Siyosiy elitaga maslahat beruvchi vazifasini ham bajarishadi chunki. Davlat lavozimidagilarda tashqi tomondan tahlil imkoniyati yo‘q, shuning uchun ham bu narsa kerak. Aql markazlari o‘z tahliliy materiallarini advokatsiya (himoya) qilib ham berishadi.
Sayfiddin Jo‘rayev: Masalan, II Jahon urushidan keyin byurokratiya kuchayadi. Shunda harbiy soha va boshqa sohalarning bir-biriga to‘siq bo‘lmasdan rivojlanishi, faoliyat olib borishi uchun takliflar, tahlillar bo‘lishi uchun harbiy bo‘lmagan odamlardan aql markazining bir ko‘rinishi tuzilgan. Har xil muqobil variantlar yuzaga chiqqan buning natijasida. Bunday markazlar o‘zini o‘zi himoya qilishiga ham sharoit yaratib berilgan davlat tomonidan.
Farhod Karimov: Dunyoda ma’lum bo‘lgan 7 mingdan ortiq aql markazlari mavjud, balki undan ham ko‘pdir. Ular siyosiy vaziyatni prognozlashtirish, tahliliy tayyorlashdan tashqari, oddiy xalqqa davlat siyosatida bo‘layotgan voqeliklarni tushuntirishga ham harakat qiladi. Davlatning tahliliy markazlari, siyosiy institutlar yetarli darajada qamrab ololmaganlarni aql markazlari qamrab oladi, tushuntiradi.
Aql markazlari obektiv, erkin tahlil qilishadi va shuning uchun ham xalqqa, jamiyatga voqelikning asl mohiyatini tushuntirib beradi. Bundan tashqari, aql markazlarida faqat siyosiy emas, iqtisodiy, sotsial masalalar ham ko‘riladi. Bunday markazlar xalqning siyosiy madaniyatini oshirib boraveradi.
— Nega nodavlat aql markazlarining salmog‘i juda oz? Buning sababi nimada?
Sayfiddin Jo‘rayev: Davlatda bitta rahbar bo‘ladigan bo‘lsa, unga qarorlar tayyorlash, tahliliy berish uchun davlat tashkilotlarida yetarlicha mutaxassislar bor. Lekin shuning bilan birga, demokratik jamiyat talabi va jamiyatda siyosiy madaniyat rivojlanishi uchun nodavlat aql markazlari faoliyat yurita boshlagan. Amerikada bunday markazlar ko‘p deymiz, lekin aholi jon boshiga oladigan bo‘lsak, bizda ko‘proq bo‘ladi.
O‘zi bunday markazlar ehtiyojga qarab paydo bo‘ladi. Bunday markazlarning soni muhim emas unchalik. O‘zbekiston siyosati tan olinyapti va qay darajada tahliliy ishlar olib borilayotganini shundan bilib olish mumkin.
Amerikadagi tahlil markazlari butun dunyo bo‘yicha ishlaydi, shuning uchun ham soni ko‘p. Kadrlar tayyorlash masalasiga xam bog‘liq bu narsa. O‘zbekistonda mustaqillikdan keyin boshlandi siyosatshunos kadrlar tayyorlash.
Farhod Tolipov: Aql markazlarining ko‘payishi va kamayishi talabga bog‘liq. Ya’ni davlatda, siyosiy doiralarda ularning takliflariga qay darajada ehtiyoj borligi. O‘zbekistonda mustaqil tadqiqot olib boruvchi markazlar ko‘p emas. Zamon talabi degan bir tushuncha bilan yuqoridan buyruq orqali universitetlarda ilmiy-tahliliy markazlar ochildi. Lekin ular qanday ishlayapti degan masala bor. Ko‘payishga ko‘paydi, lekin faoliyati ko‘rinmayapti.
G‘arbda talab mavjud bunday markazlarga. Ular davlatga o‘z takliflarini berishdan tashqari, o‘zaro ham raqobatda bo‘ladi. Bir nechta tahliliy markazlar bir masala bo‘yicha o‘z taklifini, yechimlarini beradi hukumatga. Talab shu darajada. Bizda ham harakatlar bor. Lekin talab bo‘lishi kerak yuqoridan ham.
Sayfiddin Jo‘rayev: Yuqoridan buyruq bo‘lgani uchun universitetlarda ilmiy-tahliliy markazlar ochildi, degan fikrga biroz qarshiman. Ular ham o‘z imkoniyati darajasida ishlayapti, lekin yuqorida aytilganidek, kadrlar masalasi, metodologiya, texnologiya masalasi ham bor. Analitika juda katta bilim va salohiyat talab qiladi.
Farhod Karimov: Talab davlat tomonidan bo‘lishi bilan birga, jamiyat tomonidan ham bo‘lishi kerak. Sharqiy Yevropa davlatlarida 10-15 yil oldin xuddi bizdagi holat bo‘lgan bu borada. Ya’ni ijtimoiy tarmoqlarda, internetda nomutaxassislarning fikri, tahlili ko‘paygan va jamiyatga ma’qul kelgan. Ular tahlil emas, shunchaki tanqid bo‘lgan. Bu bosqichdan o‘tib olishdi ular. Bizda ham hozir ijtimoiy tarmoqlardagi tanqidiy materiallar tahlildek qabul qilinadi.
Sabablar shuki, davlat tashkilotlarining o‘zining institutsional strukturasi bor va nodavlat aql markazlariga bo‘lgan ehtiyoj ko‘p emas. Aql markazlaridan qo‘rqish ham bor. Lekin bugungi kunda bundan qo‘rqish kerak emas. Yaqin Sharqda rangli inqiloblarni moliyalashtirishda tahliliy markazlar taqdim etgan ma’lumotlardan foydalanilgan. Lekin bunday bosqichdan o‘tib bo‘lganmiz biz, xavf yo‘q buning ortida.
· To‘liq suhbatni video tarzida tomosha qiling.
Normuhammad Ali suhbatlashdi.
aql markazi, siyosiy qarorlar
Mavzuga oid
21:46 / 05.11.2024
«Tramp prezident bo‘lsa, Yaqin Sharqdagi vaziyat qiyinlashadi» - Kamoliddin Rabbimov
15:24 / 03.11.2024
Gurjiston va Moldova saylovlari: Yevropa orzusi orzuligicha qoldimi?
19:21 / 01.11.2024
Oxunzoda va Haqqoniy qarama-qarshiligi: «Tolibon» rahbariyatida nizo avj oldimi?
22:49 / 28.10.2024