O‘zbekiston | 21:12 / 07.08.2023
41642
2 daqiqa o‘qiladi

UzAuto Motors shartnomalarni internetda sotib olish bo‘yicha shubhali holatlardan ogohlantirdi 

Kompaniya bayonotiga ko‘ra, shartnomalarni yangi xaridor nomiga qayta rasmiylashtirishning imkoni yo‘q. 

Foto: Getty Images

UzAuto Motors kompaniyasi avtomobillarni sotib olish va ro‘yxatdan o‘tkazishning o‘ziga xos xususiyatlarini inobatga olgan holda, internet orqali shartnoma sotib olishda ehtiyot bo‘lishga chaqirdi. 

Avvalroq, avtomobil sotib olish bo‘yicha tuzilgan yangi shartnomalar «qayta rasmiylashtirish» taklifi bilan internet maydonchalarda sotuvga chiqqani haqida xabar berilgan edi. Kompaniya bayonotiga ko‘ra, shartnomalarni yangi xaridor nomiga qayta rasmiylashtirishning imkoni yo‘q. 

«Shu kunlarda turli xil internet reklama e’lonlari xizmatida «avtomobilni nomingizga qayta rasmiylashtirish va’dasi» bilan to‘lovi amalga oshirilmagan shartnomalarni sotish takliflari paydo bo‘ldi. 

E’tibor bering, shartnoma «UzAutoSavdo» tizimi tomonidan avtomatik tarzda tuziladi. Undagi ma’lumotlarni na xaridor, na diler tomonidan o‘zgartirishning imkoni yo‘q. Qolaversa, avtomobil olinganidan so‘ng, tizim xaridorning ishtirokida davlat raqamini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun Yo‘l-harakati xavfsizligi davlat xizmatiga elektron hisob-fakturani yuboradi», deyiladi xabarda. 

UzAuto Motors avtomobillarni sotib olish va ro‘yxatdan o‘tkazishning o‘ziga xos xususiyatlarini inobatga olgan holda, ehtiyot bo‘lishga va bunday shubhali takliflarga rozi bo‘lmaslikka chaqirdi. 

Shu bilan birga, UzAuto Motors bir xil model uchun 2 tadan ortiq avtomobil xarid qilinsa, har bir keyingi avtomobil «navbatning» oxiriga o‘tkazilishi hamda avtomobillarni yetkazib berish muddati 120 kunga oshishi haqida ogohlantirdi. 

Kompaniya bayonotiga ko‘ra, keyinchalik bir kishi tomonidan bir nechta avtomobillarni sotib olish amaliyoti takrorlangan taqdirda, kompaniya iste’molchilar uchun avtomobillar yetkazib berilishini ta’minlash maqsadida ushbu muddatni 270 kungacha uzaytirishni ko‘rib chiqmoqda. 

Mavzuga oid