11:35 / 09.08.2023
20924

Noma’lum xaridor Ukrainaga yuborish uchun 50 ta Leopard 1 tanklarini sotib oldi

Bu texnikalar avval Belgiya armiyasi ixtiyorida bo‘lgan, bir necha yil oldin foydalanishdan chiqarilgan va kompaniyalardan biriga metallolom narxida sotib yuborilgandi.

Foto: imago/Eckehard Schulz

Belgiyadan Ukrainaga nomi oshkor etilmagan davlat tomonidan sotib olingan dastlabki Leopard 1 tanklari yuborildi. Bu haqda Belgiyadagi Business AM nashri xabar tarqatdi. 

50 tank bir necha yil muqaddam foydalanishdan chiqarilgan va Turne shahridagi omborxonada saqlanayotgandi. Belgiya ularni Ukrainaga berishni rejalashtirmagandi, chunki ularni xizmatga yaroqli holatga keltirish juda qimmatga tushardi. 

Business AM nashri yozishicha, Belgiya tanklarning donasini 15 ming yevrodan baholab OIP Systems kompaniyasiga sotib yuborgandi. Nashrning izohlashicha, Belgiya armiyasida foydalanishdan chiqarilgan texnikalarni joylashtirish uchun angarlar yetarli emasdi, shuning uchun tanklar metallolom sifatida, demping narxlar bo‘yicha sotilgan. 

Endilikda OIP tomonidan ta’mirlangan tanklarni boshqa mamlakat sotib olgan, ammo aynan qaysi mamlakat ekani — noma’lum. Ta’mirlash ishlaridan keyin dastlabki Leopard tanklari Germaniya va Italiya orqali Ukrainaga yuborilmoqda. Bu mamlakatlarda tanklar zamonaviy qurollar bilan jihozlanadi. 

Business AM nashri hozircha faqat Germaniya, Daniya va Niderlandiya sanoat korxonalaridan xarid qilingan Leopard 1 tanklarni Ukrainaga berishini e’lon qilganini eslatgan.

Handelsblatt ma’lumotiga ko‘ra, 50 ta Leopard 1 tanklari nemislarning Rheinmetall kompaniyasi tomonidan sotib olingan. Kompaniya ularni qayta jiholab, keyin Kiyevga jo‘natishni rejalashtirgan. Yakunda Ukraina bu 50 ta tankdan 30 ga yaqinini jangovar holatda olishi mumkin.

  • 8 avgust kuni AQSh Ukrainaga Abrams tanklarining dastlabki partiyasini yuborishni ma’qulladi. Ular Ukraina hududiga kuz boshlarida yetib borishi kutilmoqda. Vashington Kiyevga bunday tanklardan jami 31 tasini yetkazib berishni mo‘ljallagan.
  • Iyul oyi o‘rtalarida Germaniya Ukrainaga harbiy yordamning navbatdagi partiyasi yetkazib berilgani haqida ma’lum qilgandi, yetkazilgan qurol-yarog‘lar qatorida — o‘nta Leopard 1 A5 tanki ham bo‘lgan.
Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top