Jahon | 09:05 / 26.06.2024
4177
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya va Ukraina «90 ga 90» formulasi bo‘yicha asirlar almashdi

Milliy gvardiya, hududiy mudofaa kuchlari askarlari va chegarachilar Rossiya asirligidan qaytishdi. Ularning aksariyati Mariupolni himoya qilishda qatnashgan, dedi Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy.

Foto: Telegram / V_Zelenskiy_official

Rossiya va Ukraina harbiy asirlarni «90 ga 90» formulasiga ko‘ra almashishdi. Bu haqda ikki davlat rasmiylari 25 iyun, seshanba kuni ma’lum qildi. Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) muzokaralar jarayonida vositachi sifatida ishtirok etdi. 

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Milliy gvardiya, hududiy mudofaa kuchlari askarlari va chegarachilar asirlikdan qaytganini ma’lum qildi. «Biz Rossiya asirligidagi barcha fuqarolarimizni unutmaymiz», - deya qo‘shimcha qildi Ukraina rahbari. 

Harbiy asirlar bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi shtab ma’lumotlariga ko‘ra, Kiyev Mariupolning 59 himoyachisini almashishga muvaffaq bo‘ldi, ulardan 52 nafari «Azovstal» mudofaasida qatnashdi. Xerson, Donetsk, Xarkiv, Zaporijjya va Luhansk yo‘nalishlarida qo‘lga olinganlar ham Ukrainaga qaytdi. 

Rossiya Mudofaa vazirligi matbuot xizmati Ukraina asirligidagi rossiyalik harbiy xizmatchilar «o‘lim xavfi»ga duch kelganini ma’lum qildi. 

Kiyev: Rossiyada 8000 dan ortiq ukrainalik asirlikda

24 yanvar kuni harbiy asirlar bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi shtab vakili Yuriy Taranyukning ma’lum qilishicha, kamida 8 ming ukrainalik, jumladan tinch aholi vakillari ham Rossiya asirligida. Uning qo‘shimcha qilishicha, shtab janglarda bedarak yo‘qolgan o‘n minglab boshqa ukrainaliklarni qidirishda davom etmoqda. Shu bilan birga, Taranyuk bedarak yo‘qolganlarning aksariyati Rossiya Federatsiyasida asirlikda, deb hisoblaydi. 

Bundan tashqari, Rossiya Federatsiyasi keng miqyosli hujum boshlaganidan beri Ukraina tergov organlari rus askarlari tomonidan ukrainalik harbiy asirlarni qatl etishning 54 ta holatidan xabar topgan.

Mavzuga oid