07:35 / 11.08.2023
1111

O‘zbekiston va Ozarboyjon energetika sohasida hukumatlararo bitim imzolashni rejalashtiryapti

Toshkentda O‘zbekiston va Ozarboyjon Energetika vazirliklari qo‘shma ishchi guruhining navbatdagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Foto: Dunyo

Energetika vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, unda O‘zbekiston energetika vaziri o‘rinbosari Akmal Jumanazarov va Ozarboyjon energetika vaziri o‘rinbosari Samir Veliyev ishtirok etdi.

Uchrashuvda o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirish yuzasidan 2022 yil avgust oyida imzolangan «Yo‘l xaritasi» ijrosi ko‘rib chiqildi hamda tomonlar uning har bir bandi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdilar.

«Yo‘l xaritasi» qayta tiklanuvchi energiya manbalari va DXSh asosidagi loyihalarni amalga oshirish, energiya samaradorligi, elektr hamda issiqlik energiyasi ishlab chiqarish, investitsiya bloklarida geologiya-qidiruv ishlari, neft va gaz kimyosi, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, institutsional islohotlar, kadrlar tayyorlash sohasida tajriba almashish kabilarni o‘z ichiga oladi.

Muhokamalar yakuni bo‘yicha «Yo‘l xaritasi» doirasidagi ishlarning bajarilishi qoniqarli deb topildi va hamkorlik yo‘nalishlarining kengayganini hisobga olib, tomonlar yangi «Yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqishni kelishib oldi.

Shuningdek, uchrashuv davomida ikki davlat Energetika vazirliklari tomonidan ishlab chiqilgan hukumatlararo bitim hamda «O‘zbekneftgaz» va SOSAR o‘rtasidagi kelishuvlar bo‘yicha hujjatlar loyihalari muhokama qilindi.

Top