15:10 / 14.08.2023
26429

Toshkentda ikkilamchi ko‘chmas mulk uchun o‘rtacha narxlar yillik nisbatda qariyb 31 foizga oshdi

Iyul oyida Toshkent shahridagi 1 kv m uchun ijara haqining yuqori qiymati Mirobod (11,7 dollar), Yakkasaroy(10,7 dollar) va Shayxontohur (10,5 dollar) tumanlarida qayd etilgan.

Foto: Kun.uz

Joriy yilning iyul oyida ko‘chmas mulk oldi-sotdi bitimlari soni deyarli 25 mingni tashkil etdi, bu bir oy oldingiga nisbatan 5,5 foizga ko‘p. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi sharhida keltirib o‘tilgan.

Eng katta o‘sish Andijon – 19,5 foiz, Sirdaryo – 16,8 foiz va Jizzax – 16,5 foiz viloyatlarida qayd etildi. O‘tgan yilning mos davriga nisbatan uy-joy savdosi 22,7 foizga oshgan.

 

Toshkentdagi uy-joy ijarasi narxlarining pasayishi sekinlashgan. Iyun oyida ijara narxlari 2,4 foizga pasaygan bo‘lsa, iyulda bu ko‘rsatkich 0,7 foizni tashkil etgan. 

1 kv m uchun uy-joy ijarasining eng yuqori narxlari Mirobod (11,7 dollar), Yakkasaroy (10,7 dollar) va Shayxontohur tumanlarida (10,5 dollar), eng past narxlari esa Bektemir (5,6 dollar), Sergeli (6,4 dollar) va Uchtepa (7,1 dollar) tumanlarida kuzatilgan.

Shu bilan birga, o‘tgan yilga nisbatan Toshkentda o‘rtacha ijara narxi 7,7 foizga oshgan. 

Ikkilamchi ko‘chmas mulk bozori

Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2023 yil iyul oyida ikkilamchi bozorda uy-joylarning 1 kv m uchun o‘rtacha narxi 1,8 foizga qimmatlashgan. Bu ko‘rsatkich yanvarda – 0,9 foizni, fevralda – 4,5 foizni, martda – 0,2 foizni, aprelda – 1,7 foizni, mayda – 2,5 foizni, iyunda – 0,8 foizni tashkil etgan. Yillik nisbatda esa uy-joy narxlarining oshishi 23,3 foizga yetgan.

2022 yil iyul oyidan boshlab uy-joy narxining eng katta oshishi Namangan shahrida – 35,3 foiz, Toshkent viloyatida – 32,3 foiz va Toshkent shahrida – 30,9 foiz kuzatilgan.

Top