12:32 / 24.08.2023
3357

Natija ham, muammo ham bor – Senat majlisida Surxondaryo va Xorazmdagi dasturlar ijrosi muhokama qilindi

2022 yilda va 2023 yilning birinchi choragida “Tashabbusli budjet” doirasida ajratilgan mablag‘larning maqsadli ishlatilishi yuzasidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida Surxondaryoda 118 ta holatda 8,9 mlrd so‘mlik, Xorazmda 145 ta holatda qariyb 4,4 mlrd so‘mlik moliyaviy xato va kamchiliklar aniqlangan.

Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati

Senatning qirq to‘rtinchi yalpi majlisida Surxondaryo va Xorazm viloyatlari hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari ijrosini o‘rganish natijalari ko‘rib chiqildi. Muhokama davomida viloyatda dasturlar ijrosi bo‘yicha qator natijalarga erishish bilan birga kamchiliklarga ham yo‘l qo‘yilgani ta’kidlandi.

Surxondaryo viloyati

2022 yilda yalpi hududiy mahsulot hajmi 34,8 trln so‘mni tashkil etgan va 2017 yilga nisbatan 2,4 baravarga, shuningdek, aholi jon boshiga 2,2 baravarga o‘sgan. 2022 yilda 250 mln dollarlik xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilgan. Xorijiy investorlar ishtirokida 220 dan ziyod investitsiya loyihalari ishga tushirilgan, 12 mingta yangi ish o‘rni yaratilgan.

Viloyatda mahallalar infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida 438 ta mahalladagi 543 ta loyiha bo‘yicha 393,7 mlrd so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari bajarilgan. “Tashabbusli budjet” jarayonining joriy yilgi 1-mavsumida fuqarolar tomonidan ilgari surilgan 9 595 ta loyihadan 110,6 mlrd so‘mlik 103 ta loyiha g‘olib deb topilgan.

Bandlik dasturi doirasida joriy yilning yanvar-may oylarida 196,5 ming aholi doimiy, vaqtinchalik va mavsumiy ish o‘rinlariga joylashtirilgan.

O‘rganish davomida ayrim kamchiliklar va muammolar ham mavjudligi aniqlangan. Jumladan, Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlari bilan viloyatning Bandixon, Boysun, Denov, Qiziriq, Qumqo‘rg‘on, Muzrabot, Oltinsoy, Sariosiyo, Sherobod va Sho‘rchi tumanlarini 2021–2023 yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha qabul qilingan dasturlari doirasida 12,5 trln so‘mlik 255 ta investitsiya loyihasi ishga tushirilmagan.

Shuningdek, tashqi muhandislik-kommunikatsiya tizimlarini rivojlantirish bo‘yicha 175 ta loyiha hamda ijtimoiy infratuzilmalarni qurish, rekonstruksiya qilish, ta’mirlash va jihozlash bo‘yicha 83 ta loyiha bo‘yicha amaliy ishlar bajarilmagan.

Mahalliy budjetning qo‘shimcha manbalari hisobidan 2022 yilda qariyb 2,6 mlrd so‘m mablag‘ tegishli budjet hisobidan moliyalashtirilishi nazarda tutilmagan tashkilotlarni saqlab turishga yo‘naltirilgan.

“Tashabbusli budjet” doirasida ajratilgan mablag‘larning maqsadli ishlatilishi yuzasidan 2022 yilda va 2023 yilning birinchi choragida o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida 118 ta holatda 8,9 mlrd so‘mlik moliyaviy xato va kamchiliklar aniqlangan.

Xorazm viloyati

2022 yilda viloyatda yalpi hududiy mahsulot hajmi 31,9 trln so‘mni tashkil etgan va 2017 yilga nisbatan 1,7 baravarga, shuningdek, aholi jon boshiga 2,8 baravarga o‘sgan. O‘tgan yili 189,9 mln dollarlik xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilgan, investitsiya dasturlari doirasida 22,5 trln so‘mlik 8700 dan ziyod loyihalar ishga tushirilgan, 13 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilgan, eksport hajmi 3 baravarga ortgan.

Viloyatda mahallalar infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida 280 ta loyiha bo‘yicha 164,4 mlrd so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari bajarilgan. Bandlik dasturi doirasida esa 2022 yilda 371,6 ming aholi doimiy va mavsumiy ishlarda band qilingan.

Ammo 2022-2023 yillarda aholi bandligini ta’minlash dasturlari prognoz ko‘rsatkichlari ijrosi ortig‘i bilan bajarilayotgan bo‘lsa-da, 2023 yilning birinchi choragida ishsizlik darajasi 9 foizni tashkil etib, yuqoriligicha qolgan. Yangibozor va Yangiariq tumanlarida investitsiya yangi ish o‘rinlarini yaratish yillik rejasining bajarilishi 30 foizni ham tashkil etmagan. Hokim yordamchilari ko‘magida mikroloyihalarni tashkil etish orqali aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha joriy yil birinchi yarim yillik prognoz ko‘rsatkichlari ijrosi esa viloyatning 13 ta hududidan 8 tasida bajarilmagan. 

Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 4 apreldagi “2022-2026 yillarda Xorazm viloyati hududlarini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi turmush darajasini yanada yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 154-sonli qarori bilan qabul qilingan dastur doirasida bajarilmagan tadbirlar soni 112 tani tashkil etgan. Xususan, yo‘l-transport va muhandislik kommunikatsiya tizimlarini yanada rivojlantirish bo‘yicha 23 ta, ijtimoiy sohani rivojlantirish bo‘yicha 2 ta loyiha bajarilmagan. Ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha shakllantirilgan 113 ta istiqbolli loyihadan 87 tasida bugungi kunga qadar amaliy ishlar boshlanmagan.

Viloyatda budjet intizomiga rioya etilishi bo‘yicha ham bir qator kamchiliklar aniqlangani aytildi. Jumladan, o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida 2022 yilda 49,5 mlrd so‘m va 2023 yilning birinchi choragida 6,3 mlrd so‘m miqdoridagi budjet intizomi buzilishi va asossiz xarajatlarga yo‘l qo‘yilgani aniqlangan. Mahalliy budjetning qo‘shimcha manbalari hisobidan 2022 yilda hamda 2023 yilning o‘tgan davrida 5,1 mlrd so‘mlik mablag‘lar tegishli budjet hisobidan moliyalashtirilishi nazarda tutilmagan tashkilotlarni saqlab turishga yo‘naltirilgan. Mahalliy budjetlarning qo‘shimcha manbalari hisobidan 8 mlrd so‘mlik mablag‘lar Budjet kodeksiga zid ravishda sarflangan.

“Tashabbusli budjet” tadbirlari doirasida ajratilgan mablag‘larning maqsadli ishlatilishi yuzasidan 2022 yilda va 2023 yilning birinchi choragida o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida esa 145 ta holatda qariyb 4,4 mlrd so‘mlik moliyaviy xato va kamchiliklar aniqlangan.

Har ikki viloyatda qayd etilgan kamchilik va muammolarni bartaraf etish yuzasidan qator takliflar bildirildi. Jumladan, xalq deputatlari tuman (shahar) kengashlariga yangi ish o‘rinlarini yaratish, aholi bandligini ta’minlash masalalarini mahallabay ishlash tizimi asosida o‘rganish va sessiyalarda tanqidiy muhokama qilish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Muhokama yakunida bildirilgan fikr va takliflar inobatga olinib, Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

Mavzuga oid
Top