O‘zbekiston | 21:45 / 31.08.2023
11742
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident ekologik muammolar va suv tanqisligi haqida gapirdi

Qurilishlar va ishlab chiqarish o‘sib borayotgani, lekin suvni tejash, atrof-muhit ifloslanishining oldini olish masalasini unutmaslik kerakligi, tabiiy resurslardan kelajak avlodni ham o‘ylagan holda oqilona foydalanish zarurligi qayd etildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyev mustaqilikning o‘ttiz ikki yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida ekologiya masalasiga ham to‘xtaldi.

«Bugun bizning oldimizda turgan yana bir muhim masala – ekologik muammolar va suv tanqisligidir. Tarozining bir pallasida o‘sib borayotgan qurilishlar, ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi turgan bo‘lsa, ikkinchi pallasida har birimiz uchun eng zarur bo‘lgan suvni tejash, atrof-muhit ifloslanishining oldini olish va yer resurslaridan oqilona foydalanish masalasi turibdi.

Bizning vazifamiz – har ikki yo‘nalishda ham muvozanatni saqlashdan iborat. Hech qachon unutmasligimiz lozimki, tabiiy resurslar – bu kelajak avlodlarimizga ham tegishli bo‘lgan boylikdir. Shu bois, ulardan nafaqat bugungi, balki ertangi kunimizni ham o‘ylab, oqilona foydalanishimiz zarur.

Bu borada suvni, energiya va boshqa tabiiy resurslarni tejaydigan iqtisodiyotga tezroq o‘tish muhim ahamiyatga ega. Biz uchun «yashil» va raqamli texnologiyalar, innovatsion ishlab chiqarish korxonalarini barpo etish vazifasi ham dolzarb bo‘lib turibdi», dedi davlat rahbari.

Mavzuga oid