18:17 / 31.08.2023
493

Qo‘qon shahrida mahallalarning 7 tasi respublikaning eng yomon 100 ta “MFY”lari qatoriga kirgan

Toshkent davlat yuridik universiteti ishchi guruhi tomonidan Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahrida jinoyatchilik holati, jinoyatchilikka qarshi kurashish va uni oldini olish tizimi o‘rganildi.

Joriy yilning iyul oyida Farg‘onada bo‘lib o‘tgan Ichki ishlar vazirligining kengaytirilgan yig‘ilishida prezident Shavkat Mirziyoyev viloyatdagi kriminogen vaziyatning og‘irligini, Yoshlar ishlari agentligi, huquq-tartibot idoralari Qo‘qondagi vaziyatni jilovlashda e’tiborsizlik va sustkashlikka yo‘l qo‘yayotganini tanqid qildi.

Huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish, eng avvalo, mavjud ijtimoiy vaziyatni yaxshilash, jumladan aholi bandligini ta’minlash, ayollar va yoshlarni ijtimoiy-foydali mashg‘ulotlarga faol jalb etish, voyaga yetmaganlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish holatiga bog‘liq. Shu sababdan ham huquqbuzarliklar profilaktikasiga jalb etilgan fuqarolar va jamoat tashkilotlarini moddiy va boshqacha tarzda rag‘batlantirish amaliyotini joriy etishni talab etadi.

Biroq, ma’lum qilinishicha, Farg‘ona viloyatda og‘ir jinoyatlarning

20 foizini va o‘ta og‘ir jinoyatlarning 43 foizini aynan Qo‘qon shahridagi voyaga yetmaganlar sodir etgan. Achinarlisi, 47 nafar maktab va 18 nafar kollej o‘quvchilari jinoyatga qo‘l urgan. Bu butun respublika bo‘yicha eng yomon ko‘rsatkich hisoblanishini qayd etar ekan, Prezident Sh.Mirziyoyev ilmiy yondashuvlar asosida huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, jinoyatchilikni jilovlash hamda jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha yangi metodika va o‘ziga xos tajriba yaratish bo‘yicha oliy ta’lim muassasalari ham mas’ul ekanligini qayd etdilar.

Shu ma’noda yuqoridagi Toshkent davlat yuridik universiteti rektori v.v.b. Islambek Rustambekov boshchiligidagi universitet ishchi guruhi tomonidan Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahrida jinoyatchilik holati, jinoyatchilikka qarshi kurashish va uni oldini olish tizimi o‘rganildi.

Shu o‘rinda, Qo‘qon shahri respublikadagi 208 ta tuman va shaharlar ichida og‘ir jinoyatlar bo‘yicha 1 o‘rin egallab kelmoqda. 2023 yilning 6 oyi davomida Qo‘qon shahrida 928 ta jinoyat sodir etilgan. Qo‘qon shahrida mavjud jami 78 ta mahalla fuqarolar yig‘inidan 24 tasi qizil toifa, 38 ta sariq toifa, ulardan 7 tasi respublikaning eng yomon 100 ta mahalla fuqarolar yig‘ini tarkibiga kirgan.

O‘z-o‘zidan, bu holatlar Farg‘ona viloyati, jumladan Qo‘qon shahridagi kriminogen vaziyatning og‘ir holatda ekanligidan dalolat beradi. O‘rganish yakuni bo‘yicha Qo‘qon shahrining 4 sektorida joylashgan 11 ta “qizil” toifadagi mahalla fuqarolar yig‘ini, ularning hududida joylashgan istirohat bog‘lari va bozorlarda jamoat xavfsizligini ta’minlash hamda huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha taklif va xulosalar ishlab chiqildi.

Shuningdek, Universitet ishchi guruhi tomonidan yoshlar o‘rtasidagi huquqbuzarliklar va jinoyatchilik holatiga alohida e’tibor qaratildi.

Shu jihatdan voyaga yetmagan va yoshlarning jismoniy va fiziologik rivojlanishi darajasi, ularning o‘tish vaqtida turli salbiy ta’sirlarga tushib jinoyat sodir etish holatlarining soni ortib borayotganligi ular bilan nafaqat profilaktik suhbat o‘tkazish, targ‘ibot tadbirlarini amalga oshirish, balki ularni muddatli harbiy xizmatga yuborish kvotalarini oshirish, shahar mudofaa bo‘limlari hamda harbiy qismlar bilan hamkorlikda harbiy-vatanparvarlik ruhidagi tadbirlarni tashkil etish, qisqa muddatli sport-harbiy yig‘inlarning tashkil etilishi maqsadga muvofiqligiga e’tibor qaratildi.

O‘z navbatida, sodir etilgan jinoyatlar bo‘yicha muhokamalar jinoyat sodir etilgan hudud bilan cheklanib qolishi maqsadga muvofiq emas. Mazkur turdagi muhokamalarni hamda sayyor sud majlislarini jinoyat sodir etgan shaxslar toifasiga mansub auditoriyalarda, jumladan ta’lim muassalari, korxona, muassasa va tashkilotlarda ham o‘tkazilishi amaliyotining joriy etilishi ijobiy samara berishi qayd etildi.

Qo‘qon shahridagi sektorlar orasida asosan 4-sektor (DSI) hududida jinoyatchilik holati ortganligi, qizil toifaga kiruvchi mahallalar asosiy qismi ushbu sektorda joylashganligi boshqa ilg‘or sektorlar tajribasini ham mazkur sektorga joriy etish zaruratini tug‘diradi. Shu sababdan ham har 3 yilda shahar (tuman)lardagi sektorlar va ular rahbarlarining rotatsiyasini joriy etilishi maqsadga muvofiq. Bunda qobiliyatli sektor rahbari, faoliyati davomida bir necha sektor hududini rivojlantirishiga hamda rahbarlar hududlarda orttirgan tajribalarini boshqa hududlarga joriy qilishga erishiladi.

Ma’rufjon Kurbanov
Toshkent davlat yuridik universiteti
Jinoyat huquqi, kriminologiya va korrupsiyaga
qarshi kurashish kafedrasi dotsenti v.b. (PhD)

Mavzuga oid
Top