O‘zbekiston | 22:01 / 05.09.2023
27927
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda 7 oy davomidagi YTHlar qurbonlari soni 1115 nafarni tashkil etdi

Yanvar–iyul oylarida respublika bo‘ylab 4772 ta yo‘l-transport hodisasi qayd etilgan. Statistikaga ko‘ra, ularning 51 foizi haydovchilarning aybi bilan ro‘y bergan.

Foto: YHXB matbuot xizmati

2023 yilning dastlabki 7 oyi davomida O‘zbekistonda 4 772 ta yo‘l-transport hodisasi qayd etilgan. Bu ma’lumotni Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burhonov “Xalq so‘zi” gazetasidagi maqolasida keltirib o‘tdi.

Ma’lumotda aytilishicha, 4 772 ta YTHdan 2 453 tasi yoki 51,4 foizi sub’yektiv sabablarga ko‘ra, ya’ni haydovchilarning yo‘l harakati qoidalariga e’tibor bermasligi oqibatida kelib chiqqan.

Qariyb 4800 ta hodisada 1 115 kishi vafot etgan, 4 564 kishi turli tan jarohatlari olgan.

Qayd etilishicha, qurbonlarning 1 078 nafari yoki 96,7 foizi xavfsizlik kamarini taqmagan.

Senatorning Toshkent shahar IIB ma’lumotlariga tayanib yozishicha, joriy yilning o‘tgan 7 oyida poytaxtda 675 ta YTH qayd etilgan; ularda 71 kishi halok bo‘lib, 787 kishi turli tan jarohatlarini olgan. Baxtsiz hodisalarning eng keng tarqalgan sababi tezlikni oshirish bo‘lgan – 199 ta holat. Haydovchilar tomonidan 90 ta holatda svetoforning taqiqlovchi ishorasiga e’tibor berilmagan; mast holatdagi haydovchilar ishtirokida 8 ta YTH qayd etilgan.

Avvalroq 2023 yilning birinchi yarmida respublika bo‘yicha 4 mingga yaqin avto-avariyalar ro‘y bergani, ularda 873 kishi halok bo‘lib, 3,5 mingdan ortiq inson jarohatlangani ma’lum bo‘lgandi. Bu ma’lumotni prezident Shavkat Mirziyoyev yig‘ilishlardan biridagi nutqida ochiqlagandi.

Taqqoslash uchun, 2022 yilning 1-yarmida qayd etilgan 355 ta YTHda 784 kishi halok bo‘lib, 2775 kishi jarohat olgandi. Yuqorida qayd etilgan 2023 yil 1-yarmidagi ko‘rsatkichlardan kelib chiqilsa, joriy yilning dastlabki 6 oyida YTHlar soni 11 foizga, ulardagi qurbonlar soni esa 12 foizga oshgan.

Eslatib o‘tamiz, iyul oyi oxirida muhokamaga chiqarilgan “O‘zbekiston-2030” strategiyasi loyihasi loyihasida jiddiy YTHlar sonini 2030 yilgacha 1,5 baravarga kamaytirish ko‘zda tutilgan. 2024 yil uchun esa bu ko‘rsatkichni 10 foizga pasaytirish mo‘ljal qilingan.

Mavzuga oid