19:15 / 11.09.2023
14968

JST vakili O‘zbekistonni asosiy a’zo davlatlar bilan muzokaralarga ko‘proq urg‘u berishga chaqirdi

Jahon savdo tashkilotida O‘zbekistonning a’zoligi bo‘yicha tuzilgan ishchi guruh raisi Li Tayeho jarayon so‘nggi bosqichda ekanini aytarkan, yakuniy maqsadga erishish uchun bir nechta muhim muammolarni aniqlash va ularga diqqat qaratish kerakligini ta’kidladi.

11 sentabr kuni Toshkentda, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga qo‘shilish yo‘li” mavzusida konferensiya bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Tadbirda O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi bo‘yicha ishchi guruh raisi Li Tayeho, O‘zbekiston prezidentining JSTga a’zolik bo‘yicha maxsus vakili Aziz O‘runov, Janubiy Koreyaning O‘zbekistondagi elchisi Kim Hi Sang ishtirok etdi.

Li Tayehoning aytishicha, O‘zbekiston hozirda JSTga a’zolik yo‘lida borayotgan 24 davlat orasida eng yirik davlatlardan biri hisoblanadi. Shuning uchun ham JST a’zolari tomonidan boshqa davlatlarga nisbatan O‘zbekistonga ko‘proq e’tibor qaratilishi tabiiy hol, dedi u.

“Aytish mumkinki, O‘zbekiston hozirda JST a’zolari tomonidan o‘zidagi har bitta savdo rejimining JST qoidalariga muvofiqligi yuzasidan qat’iyroq nazorat ostida. Shu bilan birga, O‘zbekiston tomonidan bozorlarga kirishdagi har bir majburiyatning bajarilishi bo‘yicha kutilmalar yuqori”, – dedi Li Tayeho.

Uning ta’kidlashicha, O‘zbekiston hozirda JST a’zolari tomonidan o‘zidagi har bitta savdo rejimining tashkilot qoidalariga muvofiqligi yuzasidan qat’iyroq nazorat ostida.

Aziz O‘runov O‘zbekiston o‘zgarishlarga tayyorligini ta’kidlab, hukumat guruhi muzokaralarga yaxshi tayyorgarlik ko‘rishi kerakligini qayd etdi.

“Janob Li ta’kidlaganidek, endi biz muhim bir nuqtaga keldik. Bu bizning tashkilotga a’zo bo‘lishimizdagi murakkab jarayon deb ayta olaman. Shu sababli, O‘zbekiston o‘z yondashuvini qayta ko‘rib chiqdi.

Bugun xalqaro ekspertlar ko‘magida 200 dan ortiq me’yoriy-huquqiy hujjatlar ko‘rib chiqilmoqda, 5 ta qonun loyihasi, shuningdek, 12 ta hukumat qarori parlamentga kiritish uchun tayyorlanmoqda. Qarorlar yaqin oylarda qabul qilinadi”, – dedi O‘zbekiston prezidentining maxsus vakili.

Li Tayeho O‘zbekiston hukumatiga JSTning eng muhim a’zolari, xususan AQSh va Yevropa ittifoqi bilan ikki tomonlama muzokaralarga ko‘proq e’tibor qaratishni tavsiya qildi.

“Men O‘zbekiston hukumatiga JSTning eng muhim a’zolari bilan ikki tomonlama muzokaralarga ko‘proq e’tibor qaratishni maslahat bergan bo‘lardim. Bu ularning muzokaralardagi yutuqlarni unchalik qoniqarli emas demasliklari uchun kerak.

Albatta, JSTda qarorlar tashkilotning barcha a’zolari o‘rtasida konsensus asosida qabul qilinadi. Lekin aslida AQSh va Yevropa Ittifoqi kabi ba’zi muhim davlatlar jarayon bo‘yicha qarorlar qabul qilinishiga, shuningdek, O‘zbekiston majburiyatlari bo‘yicha qarorlar butun JST a’zolari tomonidan yakuniy kollektiv qabul qilinishiga kuchli ta’sir ko‘rsatadi.

Hozir O‘zbekiston tashkilotga a’zolik yo‘lining so‘nggi bosqichida va bundan keyingi har bir bosqichda vaqt va kuch cheklangan. Yakuniy maqsadga erishish uchun bir nechta muhim muammolarni aniqlash va ularga diqqat qaratish kerak.

O‘zbekiston sobiq markazlashgan rejali iqtisodiyotga ega davlat bo‘lgani uchun JST a’zolari mamlakatdagi islohotlar, davlat korxonalari, sanoat va qishloq xo‘jaligi tarmoqlaridagi subsidiyalar, savdo choralari kabi masalalarga e’tibor qaratyapti”, – dedi O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi yuzasidan tashkilot qoshida tuzilgan ishchi guruh raisi.

Eslatib o‘tamiz, avgust oyidagi prezident qaroriga ko‘ra, O‘zbekiston qonunchiligi JST kelishuvlariga uyg‘unlashtirish boshlangan.

Avvalroq, prezidentning maxsus vakili Jyenevada JSTga a’zo bo‘lishni jadallashtirish masalasini muhokama qilgani xabar qilingandi.

Top