O‘zbekiston | 23:10 / 03.10.2023
8823
2 daqiqa o‘qiladi

IMEI-kodni ro‘yxatdan o‘tkazish soddalashtirilishi mumkin 

Raqamli texnologiyalar vazirligi O‘zbekistonda IMEI-kodni ro‘yxatdan o‘tkazishni soddalashtirish bo‘yicha qaror loyihasini hukumatga kiritgan. 

Foto: Getty Images

O‘zbekistonda IMEI-kodni ro‘yxatdan o‘tkazish soddalashtirilishi mumkin. Xususan, xorijdan kelganlar uchun IMEI-kodni ro‘yxatdan o‘tkazish muddatini uzaytirish rejalashtirilmoqda. Tegishli qaror loyihasini Raqamli texnologiyalar vazirligi hukumatga kiritgan. 

«Tegishli vazirliklar bilan kelishgan qaror loyihasi hozir hukumatda turibdi. O‘zgarishlarning hammasini sanab o‘tmayman, bitta-ikkitasini sanab o‘taman. Masalan, chet eldan kelgan fuqarolar SIM-kartasi 30 kunda o‘chib qolardi, o‘sha muddat uzaytirilyapti», dedi vazirlikning Telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Murodjon Yo‘ldoshev. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, FaceID texnologiyasi orqali IMEI-kodni ro‘yxatdan o‘tkazish imkoniyatini yaratish ham rejalashtirilmoqda. 

O‘zbekistonda 2019 yil aprelidan buyon mobil qurilmalarni IMEI-kod orqali majburiy ro‘yxatdan o‘tkazish tizimi ishlamoqda. 2019 yil 1 dekabrdan buyon tizim pullik hisoblanadi. 

Qoidaga ko‘ra, O‘zbekiston hududiga kirgan shaxslar o‘z mobil qurilmalarini IMEI-kod orqali ro‘yxatdan o‘tkazishi shart. Buning uchun 30 kun muxlat beriladi. Muddat tugagach, qurilma egasi undan foydalana olmaydi.