Lyuistonda otishma uyushtirgan shaxs o‘lik holda topildi
Politsiya Lyuistondagi ommaviy otishmada gumon qilinayotgan jinoyatchining jasadini o‘rmonda topdi. OAV xabarlariga ko‘ra, u o‘z joniga qasd qilgan.
AQShning Men shtati politsiyasi 27 oktyabr, juma kuni Lyuiston shahrida 18 kishining o‘limi va 13 kishining jarohatlanishiga sabab bo‘lgan otishmadan so‘ng qidirilayotgan erkakning jasadini topdi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, u o‘ziga o‘zi o‘q uzganidan vafot etgan, deb xabar berdi CNN politsiya rasmiylariga tayanib.
Gumonlanuvchini qidirish ikki kundan ortiq davom etdi, uning jasadi shahar yaqinidagi o‘rmondan topildi. Politsiya voqea sodir bo‘lgan kuni otishma sodir etgan shaxsning ismini aytdi - u 40 yoshli mahalliy fuqaro Robert Kard ekani ma’lum qilindi. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, u AQSh armiyasi zaxirasida bo‘lgan, ammo hech qachon janglarda qatnashmagan.
2023 yilning yozida Kard psixiatrik tekshiruvga yuborilgan, deb yozadi AP agentligi. Agentlik suhbatdoshlarining so‘zlariga ko‘ra, bunga Kardning harbiy qismdagi mashg‘ulotlar vaqtidagi «xaotik» xatti-harakati sabab bo‘lgan. Undan bir yil oldin erkak ovozlarni eshitganini aytgan, shuning uchun psixiatriya shifoxonasida davolangan.
Kard yashagan uydan uning o‘g‘li nomiga yozilgan vidolashuv maktubi topilgan. Biroq erkak o‘z harakatining ehtimoliy sabablarini ochiqlamagan.
AQShda 2017 yildan beri eng fojiali holatlardan biri
Lyuistondagi otishma qurbonlari bar va bouling zaliga tashrif buyuruvchilar bo‘ldi. Halok bo‘lganlarning eng kichigi 14 yoshli bolakay edi. Voqea haqida zudlik bilan AQSh prezidenti Jo Bayden xabardor etildi – voqea 2017 yilda Las-Vegasdagi musiqa festivalida bir kishi tashrif buyuruvchilarni otib tashlaganidan beri eng qonli holatlardan biriga aylandi.