Sport | 21:06 / 07.11.2023
17675
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda shaxmat bo‘yicha jahon chempionati o‘tkazilishi mumkin 

FIDe komissiyasi O‘zbekiston poytaxtiga kelib, tegishli majmualar, zarur obektlar bilan tanishgan. 

Tezkor shaxmat (rapid va blits) bo‘yicha navbatdagi jahon chempionati 2023 yil dekabr oyi oxirida Toshkentda o‘tkazilishi mumkin. 

Qayd qilinishicha, FIDe komissiyasi O‘zbekiston poytaxtiga kelib, tegishli majmualar, zarur obektlar bilan tanishib ketgan. Shundan so‘ng, turnirni o‘tkazish bo‘yicha shartnomani taqdim qilgan. Biroq, mablag‘ masalasidagi noaniqlik tufayli kelishuvga erishilmagan. 

Reglamentga binoan FIDe jahon chempionati xarajatlarining 50 foizini, mezbon taraf esa qolgan qismini ko‘tarishi kerak. 

Tezkor shaxmat bo‘yicha 2023 yilgi jahon chempionati Hindistonda o‘tkazilishi kerak edi. Ammo, ko‘pchilik shaxmatchilar, FIDe ijro qo‘mitasi vakillari musobaqani Toshkentda yoki Dubayda o‘tkazish taklifini ilgari surgan. Agar moliyaviy masalalar o‘z yechimini topsa, jahon chempionati Toshkentda o‘tkaziladi. 

Tezkor shaxmat bo‘yicha 2022 yilgi jahon chempionati Qozog‘istonning Almati shahrida bo‘lib o‘tgan edi. Unda norvegiyalik Magnus Karlsen ham rapid, ham blits yo‘nalishida jahon chempioni bo‘lgan.

Mavzuga oid