10:20 / 07.11.2023
27736

«Ukrainani Putin Rossiyasiga aylantirishlarini istamayman» – Arestovich Ukraina prezidenti bo‘lmoqchi

Urush davrida Ukrainaning asosiy spikeri bo‘lgan sobiq harbiy 2023 yil yanvarida prezident ma’muriyatidan ketishga majbur bo‘lgandi. Hozirda u xorijda. U saylovchilariga Rossiya bilan tinchlik taklif qilmoqda.

Foto: Dmitriy Oleynik / Apostrof

Urush davrida Ukrainaning eng mashhur odamlaridan biriga aylangan Oleksiy Arestovich 2024 yilgi prezidentlik saylovlarida o‘z nomzodini qo‘ymoqchi. U 2023 yil yanvar oyida Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ma’muriyatini tark etgandi. Uning iste’fosi Dniproda Rossiya raketasi Ukraina tomonidan urib tushirilgani sabab turar joy binosiga qulagani haqida rasmiy pozitsiyaga zid bayonot bergani ortidan sodir bo‘lgandi.

Urush boshida Zelenskiyni alqagan Arestovich oxirgi vaqtlarda uni va atrofidagilarni keskin tanqid qilmoqda. Xususan, uning pozitsiyasi Ukrainada rossiyaparastlarga xos deb qaralmoqda. Urush boshida Ukraina g‘alaba qozonishiga ishonishini aytgan siyosatchi endi Rossiya bilan tinchlik muzokarasiga borish kerakligi haqida gapirmoqda. «Meduza» maxsus muxbiri Yelizaveta Antonova Oleksiy Arestovich bilan gaplashib, uning rejalari haqida gaplashdi.

– Siz prezidentlik saylovlarida ishtirok etmoqchi ekaningizni aytdingiz. Saylov Rossiya bosqiniga qadar rejalashtirilgani kabi 2024 yil mart oyida o‘tkazilishiga qanchalik ishonasiz?

– Bu ko‘p narsaga bog‘liq. Anig‘i shuki, 31 mart kuni Volodimir Zelenskiyning prezidentlik muddati tugaydi va saylov o‘tkazilishi kerak. Saylov qachon bo‘lsa ham o‘tkazilishi aniq. Menimcha, ko‘pchilik o‘ylagani kabi kechroq emas, vaqtliroq o‘tsa kerak.

– Nega?

– Vaziyat shuni talab qiladi. Ukraina jamiyati oktyabrda vakolat muddati tugagan parlament saylovini ko‘chirishni qabul qilishi mumkin, lekin prezidentlik muddatining cho‘zilib ketishi ramziy ma’noga ega holat. Prezidentlik muddati cho‘zilib ketishi ukrain jamiyatida hukumatga yopishib olish deb qabul qilinadi. Endi buning ustiga, yumshoq qilib aytganda, frontda muvaffaqiyat yo‘qligi va oldinda bizni kutayotgan og‘ir qishni qo‘shaylik. Menimcha, 31 martdan keyingi hukumatning har qanday xatosi bo‘rttirilgan holatda ko‘rinaveradi.

Bundan tashqari, 2024 yil o‘ziga xos yil hisoblanadi. Martda Rossiyada, noyabrda AQShda prezidentlik saylovlari o‘tkaziladi. Yevroparlamentda ham saylov bo‘lishini unutmaslik kerak, bu Yevropa Ittifoqidagi eng muhim organlardan biri. Shu tariqa, bizning barcha do‘st va dushmanlarimiz 2024 yilda legitimlashib oladi. Agar bizda saylov o‘tkazilmasa, Ukraina legitimlashmay qoladi.

Oqibatda Ukrainada legitimlik inqirozi boshlanib, mamlakatga ko‘rsatilayotgan yordamga ta’sir qiladi. Bu esa biz xohlayotgan narsa emas. Odamlar urushdan charchagani, Ukrainaning g‘alabaga umid beradigan aniq muvaffaqiyatlari yo‘qligi va legitimlik inqirozi saylov har qanaqasiga o‘tkazilishi kerakligiga olib keladi.

– Demak, siz prezidentlik saylovlari qachon o‘tkazilishidan qat’i nazar unda qatnashmoqchisiz?

– Albatta. Hatto ikki yildan keyin o‘tsa ham.

– Bu qaroringizni prezident ma’muriyati bilan muhokama qildingizmi?

– Yo‘q, men ular bilan mojaroga bordim, chunki ularga nisbatan muxolif pozitsiyada bo‘lib qoldim. To‘g‘risi, ularning harakatlari mening siyosiy qarashlarim doirasidan tashqariga chiqib ketyapti.

– Ya’ni?

– Birinchidan, mening falsafiy-psixologik maktablarim ma’murlarini noqonuniy tinglashgani holatlari kuzatildi. Tafsilotlarni aytmayman, lekin shunday bo‘ldi. Telefonlar o‘z-o‘zidan mashinalarda «jonlanib ketdi», uylarda kameralar ishlamay qoldi.

Ikkinchidan, uyimiz oldida politsiya qorovullik qila boshladi. Bizning mamlakatda prezident ofisi rahbarining sobiq maslahatchisiga hech kim qo‘l ko‘tarmaydi. Bunday ish faqat mamlakat rahbariyati vakillari ruxsati bilan qilinishi mumkin, xolos. Mendagi ma’lumotlarga ko‘ra, uyim oldida qorovullik qilayotganlar aslida Ukraina xavfsizlik xizmati xodimlari bo‘lgan. Ular qayerda ekanim, nima qilayotganim bilan juda qiziqib qolishdi.

– Bu qachon bo‘ldi?

– Intervyularimdan birida Volodimir Zelenskiyning AQShga tashrifi haqida iltifotsizlik bilan gapirganimdan keyin.

– Qaysi nashrga?

– Jurnalist Vasiliy Golovanov bilan gaplashgandim. U bilan har hafta efirga ketadigan dasturimiz bor, unda men savollarga javob qaytaraman. Shundan keyin Oliy Rada deputatlari ustimdan arznomalar kiritishdi. Xususan, hukmron «Sluga naroda» partiyasi vakillari meni ushlab qamash kerakligi haqida yuqori minbarlardan gapirishmoqda. Mana, bugun ham Saymon Shusterning maqolasiga munosabat bildirganimdan keyin ham shunday chaqiriqlar yangradi.

Va nihoyat, prezident Zelenskiyga to‘g‘ridan to‘g‘ri bo‘ysunadigan Xavfsizlik kengashi kotibi Oleksiy Danilov men rus josusi ekanim, Rossiya manfaatlari uchun ishlayotganim, men bilan huquqni muhofaza qiluvchi organlar shug‘ullanayotgani haqida gapirdi.

Buncha ishlardan keyin prezident ma’muriyati bilan munosabatlarni saqlab qolish oson emasligini tushunib turibsiz. Bunday istagim ham yo‘q. Prezident haqida ham, uning ma’muriyati haqida ham o‘z fikrimni aytib bo‘ldim. Men muxolif fikrlarim uchun menga qarshi siyosiy bosim o‘tkazishyapti deb hisoblayman.

Ular menga qarshi tayinli isboti bor ayblov ham ko‘rsata olishmayapti. Normal, demokratik davlatlarda birovni josuslikda ayblagan odam bunga javob berishi ham kerak. Ukrainada esa birovni hech qanday isbotsiz istalgan narsada ayblashayotganini ko‘rib turibsiz. Men mamlakatda mana shunday ishlar bo‘lmasligi uchun ham prezidentlikka nomzodimni qo‘ymoqchiman.

– 2022 yil aprel oyida ham biz bilan gaplashgan edingiz. Lekin o‘shanda prezident ma’muriyatida ishlayotgan, muxolif tomonda emasdingiz. Ukraina siyosatini kuzatmaydiganlar uchun tushuntirib bersangiz: aynan qaysi pallada siz muxolifga aylandingiz?

– Qarang, 2023 yil 17 yanvar kuni Dniproga berilgan zarba haqidagi bayonotimdan keyin prezident ma’muriyatidan ketdim. Shundan keyin ham men Ukrainaning harbiy-siyosiy rahbariyatini qo‘llashda davom etdim. Shunday bo‘lsa-da, menga nisbatan kompromatlarning 70 foizi aynan prezident ma’muriyati tomonidan buyurtma qilingan. Bunday narsalar 2022 yil mart oyidayoq – hali urush boshlanganiga bir oy ham bo‘lmagan bir vaqtda chop etila boshlagandi. O‘shandayoq kim nima buyurtma qilayotganini juda yaxshi bilgandim.

Dniprodagi binoga zarba. Aynan shu voqea bo‘yicha izohidan keyin Arestovich Zelenskiy jamoasidan ketishga majbur bo‘lgandi
State Emergency Service of Ukraine / Reuters / Scanpix / LETA

– Aynan qaysi vaziyatda hammasi o‘zgara boshladi?

– Menimcha, urush boshida mening reytingim juda yuqori bo‘lgan, hatto prezidentdan keyin ikkinchi deb o‘ylayman. Shuning uchun o‘shandayoq [men va Zelenskiy] raqobatlasha boshlagandik. Bu insonlar bilan ular qulay vaqtda orqamdan ish qilishlarini bilgan holda bir yarim yil birga ishladim. Ukraina manfaatlari yo‘lida ishladim.

Ular ommaviy korrupsiyaga yo‘l ochish orqali Ukrainaga qanday zarar berishayotgani, davlatni avtoritar yo‘l bilan boshqarishayotganini bilardim. Ular islohot o‘rniga stagnatsiya va monopollashtirish bilan shug‘ullanishdi. Umuman olganda, demokratiyaga zid bo‘lgan ishlarni qilishdi. Ammo chidashga majbur edim, chunki ularning faoliyatiga Ukrainaga zarardan ko‘ra ko‘proq foyda keltirmoqda deb o‘ylardim. O‘shanda balans bor edi. Ammo shu yil yozda bildimki [Zelenskiy jamoasining] foydasidan ko‘proq zarari tegyapti. Bunga [Zelenskiyning] AQShga tashrifidan keyin mutlaq amin bo‘ldim.

Keyin yorildim. Avvaliga ehtiyotkor tanqidlardan boshladim. Keyin ular Ukraina milliy manfaatlariga zid harakat qilayotganini ko‘rgach, kengroq tanqid qildim. Qarshi hujum toqatimni toq qildi, chunki u muvaffaqiyatsiz chiqayotganini bilardim. Chunki prezident qo‘shinlarni Baxmut yo‘nalishiga yubordi va bu mening fikrimcha ahmoqlik edi. Qarshi hujumdagi muvaffaqiyatsizlik uchun eng katta aybdorlardan biri shaxsan Zelenskiy. Shu tariqa men harbiy odam sifatida asabiylasha boshladim, tushunyapsizmi?

Bir narsani ta’kidlamoqchiman, ular shaxsan meni xafa qilishganda indamadim, ularni tanqid ham qilmadim. Axir Ukrainaning taqdiri oldida mening taqdirim hech narsa emas. Mening odamlarimga tega boshlashganida ham indamadim. Ammo Ukraina bilan nima qilishayotganini anglagach jim tura olmadim.

– Siz hozir Ukrainadamisiz?

– Yo‘q, albatta. Qator xalqaro forumlarda spiker sifatida ishtirok etishim kerak. Ya’ni, xorijda bo‘lib turish uchun asoslarim bor. Ammo Xavfsizlik kengashi kotibi, hukmron partiya deputatlari sen rus josusi ekaning, seni qamash kerakligi haqida gapira boshlagach qaytish qanchalik to‘g‘ri ekani haqida o‘ylay boshlaysan. Buni siyosiy bosim deb atash mumkin. Boshqacha aytganda, «bu o‘yinni chetdan turib o‘ynaymiz».

– Ya’ni, siz chet elda turib prezidentlik kampaniyasi olib bormoqchimisiz?

– Agar ular o‘zlarini hozirgidek tutishda davom etishsa, bu variantni ham istisno qilib bo‘lmaydi. Chunki hukumat to‘liq ularning qo‘lida, harbiy holat, isbotsiz ayblovlarni yog‘dirishda davom etishmoqda. Ixtiyoriy tarzda ularning qurboniga aylanish mening rejalarimga kirmagan.

Arestovich Finlandiyadagi xavfsizlik masalasiga bag‘ishlangan forumda
Oleksiy Arestovichning Facebook sahifasi

– Qaysi davlatdasiz?

– Men doim sayohat qilaman. Hozir borishim kerak bo‘lgan xorijiy tadbirlarim chindan ko‘p.

– Saylov arafasida partiya tuzasizmi?

– Albatta.

– Nomini o‘yladingizmi?

– «Arestovich partiyasi». Ukrainaga faqat ismlarga qo‘yilgan partiyalar ishlaydi. Brend bor va uning asosida ishlaymiz.

– So‘rov o‘tkazdingizmi? Saylovchilarning ovozlari taxminan qanday taqsimlanadi?

– Men o‘tkazganim yo‘q, lekin uni o‘tkazadiganlar aniq prezidentlikka nomzodlardan biri deb qaralayotganimni aytishdi. Men nomzodimni qo‘yishimdan avval ham shunday bo‘lgan. Yana bir narsani unutmaslik kerak: siyosatchilarning urush davridagi reytingi boshqa, urushdan keyingi reytingi boshqa. Shunday ekan, hali kimning reytingi qanday ekanini ko‘rish kerak.

Mening dasturim odamlar tomonidan iliq kutib olindi. Ba’zilar juda yaxshi, ba’zilar shunchaki pozitiv kutib olgan. Mening prinsipial raqiblarim bo‘lgan odamlar ham: Arestovichmi, albatta u to‘g‘ri odam, dasturi ham chakki emas, deyishmoqda. Keling, nima bo‘lishini kutamiz.

– Dasturingizga qaytamiz. Hozir sizning qo‘llovingiz haqida gaplashsak. Agar 2024 yilda saylov bo‘lsa, necha foiz ovoz olaman deb o‘ylaysiz?

– Bu haqda aniq gapirish qiyin, to‘g‘risi. Mening hozirgi qarashim shunaqa: saylovda qatnashaman va polittexnologlardan foydalanmayman. Ular menga ko‘p marta yordam taklif qilishdi va men rad etdim. Men ularga kerak yoki kerak emasligimni ukrainlar hal qiladi.

– Siz polittexnologlardan foydalanmayman, deyapsiz. Lekin ko‘pchilik Yuriy Romanenko sizning texnologingiz ekaniga ishonmoqda.

– Bunday emas. Yuriy Romanenko shunchaki mening yaxshi do‘stim va hammaslagim. Prezidentlik saylovida u bilan birga qatnashamiz va hech qanday polittexnologlardan foydalanmaymiz. Chunki xalqim bilan gaplashayotganda texnologiyadan foydalanish to‘g‘ri deb hisoblamayman.

– Ammo o‘sha sizning yaqin do‘stingi polittexnolog, gap shunda...

– Ha, u mashhur texnolog. Ammo undan professional mahoratini olib qo‘ya olmayman. Uning o‘z qarashlari bor. Biz tortishuvlarda g‘oyalar yaratamiz.

– Ya’ni, u sizga maslahat beradimi?

– Albatta. Men nafaqat yaqin do‘stlarim, balki feysbukdagi odamlarning fikrini eshitishga ham tayyorman.

– «Saylovda u bilan birga qatnashamiz» deganda nimani nazarda tutdingiz? Romanenko sizning jamoangizda qanday rolda ishtirok etadi?

– U partiya ro‘yxatida ikkinchi o‘rinda, bo‘lajak ma’muriyat rahbari.

– Mashhur ukrainaliklar orasidagi tarafdorlaringiz haqida gapira olasizmi?

– Yo‘q, bunday qila olmayman, chunki bu ish bilan odamlarni hozirdan ta’qib ostida qoldirmoqchi emasman, meni kuzatishayotganining o‘zi yetarli. Saylovoldi kampaniyasi boshlanib ular kerakli kafolatlar olishgach, jamoamni tanishtiraman. Unda ko‘pchilik borligini ko‘rib hayratda qoladigan odamlar ham bo‘ladi.

– «Sluga naroda» partiyasi yoki prezident atrofidagi kimlardir jamoangizda bo‘ladimi?

– Yo‘q.

– Reyting masalasida qaytsak. Prezidentlikka nomzodingizni qo‘yar ekansiz, poygada yutish imkoni bor deb o‘ylaysizmi?

– Ha, yutish imkonim bor.

– Sizning ayollar haqida aytgan bir gapingizni eslasak: «Mana, ayting, bu mavjudotlar bilan nima qilishni istaysiz? Bo‘g‘ishni! Qo‘yib yubormay bo‘g‘ishni. Albatta, avval birga bo‘lib, keyin – jonga tekkach, o‘lib qolgunicha bo‘g‘ishni». Bu gaplaringizdan keyin ayollar sizga ovoz beradi deb o‘ylaysizmi?

– Bu feyk-ku, siyosiy buyurtma. Bu ochiq seminarimda aytilgan gapimdan yulib olingan, istagan odam uni topib ko‘rishi mumkin. Bu gapning oxirida «Ba’zi kuchsiz erkaklar shunday o‘ylaydi» deb aytganman. Shunday ekan, biz bunaqa emasmiz, har qanday holatda ham bunday qilish yaramaydi.

– Saylov dasturingizda rus tili haqida nimadir bo‘ladimi?

– Mening pozitsiyam aniq: ukrain tiliga – qo‘llov, boshqa tillarga – erkinlik. Rus tilini ta’qib etishni bas qilish kerak. Mamlakat hududida har qanday tilni ta’qib qilishni cheklash kerak.

– Gap barcha tillarning teng proporsiyasi haqida ketyaptimi?

– Teng emas. Ukrain tilini rivojlantirishga e’tibor qaratiladi, ammo boshqa tillar erkin bo‘lishi kerak, hech kimni, masalan, rus tilida kitob chop etadigan tahririyatni ta’qib qilmaslik lozim. Shunchaki rus tilidagi kitoblar kim unga ehtiyoji bo‘lsa, o‘shanga beriladi. Ozarboyjon tili, belarus tili va arman tillaridagi nashrlar ham shunday. Ukraina madaniyati oxirgi yuz yilliklarda juda jiddiy zarar ko‘rdi. Uni ongli tarzda ta’qib qilishdi, bu xatoni tuzatish tarixiy burchimiz.

– Madaniyat sohasidachi – spektakllar, filmlar?

– Men hammasiga ruxsat beraman. Rus tilidagi madaniyat namunalarini ta’qib qilish – inson huquqlariga, Konstitutsiyaga zid. Albatta, ba’zi antiukraincha kitoblar bor. UXX maxsus analizdan keyin ular bilan shug‘ullanishi kerak, lekin erkin adabiyotga qarshiligim yo‘q.

– Dasturingizda «Kissenjyer varianti»ga tayyor ekaningizni aytgansiz. Ya’ni, Qrim va Donbass Rossiya tarkibida qolishiga tayyormisiz?

– Bu vaqtincha. Putin taxtdan ketishini kutamiz va yangi rahbariyat bilan bosib olingan hududlar masalasini muhokama qilamiz. Yangi rahbariyat Putindan aqlliroq bo‘lishiga ishonchim komil.

– Nega Putindan keyingi rahbariyat bosib olingan hududlarni qaytaradi deb o‘ylayapsiz?

– Urushni faqat Putin, Shoygu va ular atrofidagi tor doiradagi odamlar xohlayotganiga ishonchim komil. Qolganlar orasida Rossiya G‘arb tamaddunining bir qismi ekaniga ishonadigan, ruslar normal hayotga qaytishi, ularning mulki tortib olinmasligi, sanksiyaga uchramasligi kerak deb hisoblaydigan aqli rasolar ko‘p.

– Ammo so‘rovlar aksar ukrainlar mamlakat 1991 yilgi chegaralariga qaytishi kerak deb hisoblayotganini ko‘rsatmoqda.

– Shunday. Ammo men ularga tushuntiraman, hayot tushuntiradi. Armiyamiz Tokmakni ololmadi, tez orada Avdiyivkani ham boy beradi. Hozir 1991 yilgi chegara haqida gapirib ham bo‘lmaydi. Ukraina energiya tizimlariga zarbalar bilan o‘tadigan qiyin qishdan keyin urushni g‘alabagacha olib borish istagida bo‘lganlar soni yanada kamaysa kerak.

Avdiyivka, 2023 yil oktyabr
Ozge Elif Kizil / Anadolu / Vida Press

Ammo asosiy omil boshqa. Biz 1991 yilgi chegaraga qaytsak ham, urush bu bilan tugashiga kim kafolat beradi? Urush bundan keyin ham davom etishi mumkin. Hozir muhimi urushni to‘xtatish kerak, chegaralarni keyin muhokama qilish mumkin.

Buning ustiga men alternativ variant sifatida bosib olingan yerlarni Rossiyaga topshirishni emas, NATOga kirib, blokdan siyosiy va harbiy kafolat olishni taklif qilyapman. Keyin esa Rossiyada tuzum o‘zgarishini kutish mumkin. Tarixda bunaqasi bo‘lgan va yana shunday qila olishimiz mumkin.

– O‘ziningiz aytingiz, sizni Kreml agenti deb atashmoqda. Bu ayblovlarga qanday javob berasiz?

– Bu qiyin ish emas. Men Ukraina xalqini himoya qilishga ont ichgan ukrain zobitiman. Qasamimga doim sodiq bo‘ldim. Barcha ayblovlar esa isboti bilan bo‘lishi kerak.

Men rus tili va rus madaniyatini himoya qilayotganim inson huquqlari bilan bog‘liq. Agar biz rus tilini ta’qib qilsak, ukrain tilini ta’qib qiladigan Putindan nima farqimiz qoladi? Men Ukrainani Putin Rossiyasiga aylantirishlarini istamayman. Biz erkinlik uchun kurashyapmizmi – erkinlikka zid ishlar qilmasligimiz kerak.

– Dasturingizda Rossiyaga bog‘liq nimadir bo‘ladimi?

– Rossiya bizning qo‘shnimiz, u hech qayerga g‘oyib bo‘lmaydi. Putinlar keladi-keladi, Rossiya esa qoladi. Siz va biz ikki narsani: Rossiya kuchli, erkin, demokratik davlat bo‘lishi va G‘arbning bir qismi bo‘lishini xohlaymiz, Xitoyning tagiga kirib ketib, Xitoyning yadro qurolli yo‘ldoshi bo‘lishini emas. Vaqti kelib Rossiya bilan G‘arbning umumiy pozitsiyasi bo‘yicha ittifoqchi bo‘lishimiz mumkin. Shunday ekan, ruslarni kamsitishning barsa unsurlari bizning strategik xatomiz bo‘ladi.

Biz Rossiya bilan muloqot qilishimiz kerak. Putinni esa ittifoqchilarimiz yordamida harbiy yo‘l bilan tiyib turishimiz lozim. U Ukrainani egallashga qaratilgan har qanday harakatiga kuchli harbiy javob berilishini anglashi kerak.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top