Jahon | 10:22 / 12.11.2023
42684
9 daqiqa o‘qiladi

«Bu harbiy rahbariyatning ahmoqligi» - taqdirlash vaqtida zarbaga uchragan ukrain jangchilari

Ukraina qurolli kuchlarining 128-brigadasi jangchilari front chizig‘i yaqinida - taqdirlash marosimi vaqtida yo‘llangan zarba qurboniga aylandi. The Washington Post omon qolganlar bilan gaplashdi.

Foto: Serhiy Morgunov / The Washington Post / Getty Images

Noyabr oyi boshlarida Ukraina qurolli kuchlari 128-alohida tog‘-shturm brigadasi jangchilari Zaporijjya oblastidagi taqdirlash marosimi vaqtida rossiyaliklar zarbasiga uchradi. 19 kishi halok bo‘lib, o‘nlab kishilar yaralangan. The Washington Post jurnalistlari omon qolganlar bilan gaplashdi. Harbiylar marosim tashkil etilishini sovetlarning Ikkinchi jahon urushi to‘g‘risidagi targ‘ibot filmlari kadrlari bilan solishtirgan va taqdirlashni nima uchun rossiyaliklarning raketalari yetib kela oladigan hududda — ochiq osmon ostida o‘tkazishga qaror qilishganidan ajablanishgan.

3 noyabr tongida UQK 128-alohida tog‘-shturm brigadasi jangchilari Zaporijjya oblasti Zarechne posyolkasida Artilleriya kuni sharafiga medallar topshirish marosimiga yig‘iladi — bu front chizig‘idan taxminan 30 kilometr ichkarida ro‘y bergan. The Washington Post nashri qayd etishicha, Ukraina hukumati harbiy xizmatchilarning jangovar ruhini ko‘tarish uchun foydalanadigan bunday marosimlar sovetlar davrining harbiy an’analarini davom ettirish hisoblanadi.

«Sovet davri qaytdi, — degan 128-brigadaning jurnalistlar bilan anonim shartida gaplashgan harbiy xizmatchilaridan biri. — Bu Rossiyaning Ikkinchi jahon urushi to‘g‘risidagi propaganda filmlarini eslatadi».

Rossiya armiyasi soat ertalab 10 atrofida — taqdirlash marosimi boshlanganidan 10 daqiqa o‘tib zarba yo‘llagan. Bu yerda bir yoki ikki raketa portlagan. Ukraina QK ma’lumotiga ko‘ra, bu «Iskander-M» raketasi bo‘lgan. Kamida 19 nafar harbiy xizmatchi, jumladan bir necha ofitserlar ham halok bo‘lgan. Yana o‘nlab harbiylar jarohat olgan.

Hodisa haqidagi xabar ukrain nashrlarida 4 noyabr kuni kechqurun paydo bo‘la boshladi. The Washington Post suhbatdoshlaridan birining tasdiqlashicha, agar harbiylarning qarindoshlari ijtimoiy tarmoqlarda «shovqin ko‘tarmaganida», bu voqea haqida «hech kim bilmay qolgan ham bo‘lardi».

Ko‘p o‘tmay Ukraina mudofaa vaziri Rustem Umerov halok bo‘lgan jangchilarning oila a’zolariga hamdardlik bildirdi va «fojia»ning barcha tafsilotlarini sinchkovlik bilan tekshirishga topshiriq berdi, ammo aynan nima ro‘y berganiga to‘xtalmadi. Keyingi kuni 128-brigadaning asosiy bazasi joylashgan Karpatorti oblasti rahbari Viktor Mikita qurbonlar xotirasiga uch kun motam e’lon qildi. Keyin brigadaning o‘zi ham Zaporijjya oblastida rossiyaliklar raketa zarbasi oqibatida harbiylari halok bo‘lganini tasdiqladi.

Qancha harbiy halok bo‘lib, qanchasi yaralangani aniq emas. Brigadaning o‘zida 19 nafar harbiy xizmatchining o‘limi tasdiqlangan. Ukraina Oliy radasi deputati Oleksiy Kucherenko 28 qurbon va 53 yarador haqida xabar bergandi. The Washington Post bilan suhbatda brigada harbiy xizmatchilaridan biri 21 nafar quroldoshi o‘limi haqida aytgan. «Zarba vaqtida qancha odam yaralangani yoki halok bo‘lganini aniq aytish qiyin. Otishmadan keyin 21 jasad sanalgandi. Hospitaldagilarning barchasi yashab ketgani noma’lum», — degan u.

Odatda taqdirlash marosimlari yaxshi himoyalangan bunkerda yoki transheyada o‘tkaziladi. Ularda taxminan 30 kishi qatnashadi. 3 noyabr kungi marosim esa, The Washington Post suhbatdoshlariga ko‘ra, ochiq joyda o‘tkazilgan va unda 100 ga yaqin kishi, jumladan medal olishi kerak bo‘lmaganlar ham ishtirok etgan.

«Ular barcha bo‘linmadan odam yig‘ishdi — eng yaxshilarni, — deydi ukrain harbiylaridan biri. — [Taqdirlanuvchilar] ro‘yxatida 43 kishi nomi qayd etilgan. Ammo aslida to‘plangan odamlar ko‘proq edi».

Brigadaning boshqa bir jangchisi jurnalistlarga marosim o‘tkaziladigan joy «doimo ballistik raketalar va uzoq masofadan uchib keladigan boshqa hamma narsaning harakatlanish hududida bo‘lgani»ni aytgan. Nashrning qayd etishicha, raketa marosim o‘tayotgan hovliga kelib urilgan, shuningdek bino oldidan o‘tgan yo‘lga shikast yetkazgan.

Ukrain nashrlari brigadadagi manbasiga tayanib, zarba mo‘ljaldan og‘ib ketib, yig‘ilish o‘tayotgan joy ortidagi binoga kelgani, shu tufayli ayrim harbiylar uy devori ortida jon saqlash imkoniga ega bo‘lganini xabar qilgan.

Ishtirokchilarning ko‘pchiligi boshidan jarohat olgan, chunki ular marosimga dubulg‘asiz kelishgan. «Tibbiyot xodimlari urush boshlanganidan buyon bunaqa holatga guvoh bo‘lmaganini aytishdi», — deya qo‘shimcha qilgan harbiylardan biri.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy urushning 620-kuni yakunlari bo‘yicha qilgan videomurojaatida 128-shturm brigadasi halokati fakti bo‘yicha jinoiy ish ochilganini ma’lum qildi. «Bu qutulib qolish mumkin bo‘lgan fojia edi. Asosiysi — hodisa haqida to‘liq haqiqatni aniqlash va bunday holatlar takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaslik», — deya qo‘shimcha qilgan ukrainlar prezidenti.

Keyingi kuni Davlat tergov byurosi harbiy xizmatchining xizmatga sovuqqon munosabati tufayli harbiylar va tinch aholi vakillarining o‘limi holati yuzaga kelishi haqidagi modda (Ukraina JK 425-moddasi, 4-qismi) bo‘yicha tekshiruv o‘tkazilayotganini ma’lum qilgan. Idora shuningdek marosimni tashkillashtirgan harbiy amaldorlarning xatti-harakatlari yuzasidan ichki tekshiruv o‘tkazilayotganini xabar qilgan.

6 noyabr kuni Zelenskiy 128-brigada komandiri Dmitro Lisyuk xizmat tekshiruvi vaqtida vazifasidan chetlatilganini ma’lum qildi. «Butun vaziyat daqiqama daqiqa o‘rganiladi. Va dushman aviarazvedkasi harakatlanadigan hududda odamlar xavfsizligi qoidalarini aynan kim buzgani aniqlanadi. Hech kim javobgarlikdan qocha olmaydi», — deya va’da bergan Ukraina prezidenti.

The Washington Post bilan gaplashgan harbiylarning fikricha, asosiy savol rossiyalik harbiylar taqdirlash marosimi o‘tkaziladigan joy va vaqtini qanday bilgani bilan bog‘liq. «Hozircha aynan nima bo‘lgani aniq emas, — yoki mahalliy aholi vakillaridan kimdir qo‘ng‘iroq qilgan va ko‘pchilik yig‘ilayotgani to‘g‘risida xabar bergan, yoki brigadaning ichki shtabidan ma’lumot sizib chiqqan», — degan jangchilardan biri.

U bunday zarbani oldindan tayyorgarlik ko‘rmasdan rejalashtirish imkonsiz ekanini qayd etgan: «Ikki yoki 15 daqiqada raketa uchirilmaydi. Raqib biror joyga raketa yo‘naltirar ekan, u bu yerda rahbariyatning ko‘plab a’zolari borligini biladi va kuchli zarba beriladi». Shu bilan birga, ukrain nashrlari va rossiyaliklarning harbiy telegram-kanallari qo‘shin 128-brigada harbiylarini dron orqali kuzatgani va u raketa zarbasini yo‘naltirganini yozishgan.

Boshqa bir harbiy xizmatchining aytishicha, brigada jangchilari brigada komandiri Lisyuk taqdirlash marosimiga kech qolayotganiga qaramasdan marosimni boshqa  joyga ko‘chirmagani uchun «qo‘mondonlikdan g‘azabda». Ukrain nashri ma’lumotiga ko‘ra, marosim ertalabki soat 9:00 da boshlanishi rejalashtirilgan, ammo keyin soat 9:30 ga ko‘chirilgan. Bu vaqtda harbiylar safga tizilgan va Lisyukni kutib turishgan, u esa «zarba berilganidan ikki daqiqa o‘tganida yetib kelgan».

«Ular [qo‘mondonlik] barchani boshqa joyga ko‘chirish yoki qandaydir boshpanaga olib kirishga buyruq berishi mumkin edi. Barchani xavfsiz joyga olib o‘tish va o‘sha yerda marosimni o‘tkazish mumkin edi. Nega bunday qilinmaganini bilmayman. Bu shunchaki harbiy rahbariyatning ahmoqligi», — deya qo‘shimcha qilgan ukrainalik harbiy.

128-brigadaning The Washington Post bilan gaplashgan boshqa bir jangchisi sovetcha marosimlarni o‘tkazish amaliyotiga chek qo‘yish lozimligini ta’kidlaydi. «Askarlar va zobitlar bunday yo‘l tutilmasligi va yana barchasi takrorlanishidan xavotirda», — degan u.

Mavzuga oid