«Ilg‘or pedagogik texnologiyalar asosida yaratilgan” - o‘qituvchi yangi darsliklar haqida
O‘zbekiston maktablarining boshlang‘ich sinf o‘quvchilari yangi darsliklar asosida o‘qitilmoqda. 4K modelida ishlangan darsliklarni o‘zlashtirish darajasi qanday kechyapti? Maktab ta’limida ularning samaradorligi sezildimi? Pedagog hamda o‘quvchilarning ota-onalari yangi avlod darsliklari haqidagi fikrlari bilan bo‘lishdi.
2023 yilning yanvar oyidan O‘zbekistonning 14 ta hududidagi tajriba-sinov maktablarda yangi avlod darsliklari joriy etilgandi. Sentyabrdan esa bu amaliyot respublikaning barcha boshlang‘ich sinflari uchun davom ettirildi. Buning uchun kitoblar 770 nomda 72 mln nusxada chop etildi.
«O‘qituvchining asosiy quroli — darslik. Hozirgi darsliklar oxirgi ilg‘or pedagogik texnologiyalar asosida yaratilgan. Alifbe kitobini oladigan bo‘lsak, unga yozuv-mashq daftari moslashtirib chiqarilgan, ya’ni bir-biri bilan parallel boradi. Mashq daftarlarda faqat yozish emas, o‘quvchilar mantiqiy fikrlashni ham o‘rganadi: tushib qolgan harflarni, so‘zni topadi, rasmlar asosida gaplar tuzadi. Alifbe davridan boshlab ijodiy fikrlashga, fikrlarini bayon etishga moslangan. Insholar yozishda 3D rasmlar berilgan, shu asosida bola o‘z fikrini keng tasvirlay oladi. Umuman, darsliklar bola tushunadigan tarzda, ijodiy yondashilib ishlangan», — deydi Uchtepa tumanining 287-maktab o‘qituvchisi Dilshoda Bobomurodova.
Shahnoza Parziyevaning aytishicha, uning qizi bu yil birinchi sinfga boryapti va ularga yangi darsliklar yoqqan:
«Qizim 1-sinfga chiqdi. Kitoblar ustidagi qiziqarli rasmlar, rang-baranglik qizimga yoqdi. Bundan tashqari 3D formatdagi rasmlar ham ma’qul keldi», — deydi u.
«Kichkina qizim boshlang‘ich sinfda o‘qiydi. Yangi darsliklar sifatli, yengil. Kitoblar choraklarga bo‘lingan, bolaga ko‘tarib yurishga qulay. Kitob ochilishi bilan bolani o‘ziga jalb qiladi. Turli multfilm qahramonlari, zamonaviy dizaynlardan foydalanilgan», — deydi yana bir ona Marg‘uba Rahimova.
Chilonzor tumanining 162-maktab o‘qituvchisi Gulnora Qo‘chqorovaning ta’kidlashicha, yangi darsliklar bolalarda 21-asr ko‘nikmalarini shakllantirishga xizmat qiladi. Dasturning «4K» modeli o‘quvchilarda tanqidiy fikrlash, ijodiy yondashuv, jamoada ishlash va muloqot ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan:
«Oldingi darsliklarda bunday bo‘lmagan, yangilik bo‘ldi bu yilgilari. Masalan, matematika darsliklarida mantiqiy fikrlashga, o‘quvchilarning o‘z ustida ishlashiga yo‘naltirilgan misol-masalalar juda ko‘p. Asosiy mavzudan tashqari, yondosh mavzular qo‘llanilgan, shu tomoni menga yoqdi. O‘lchovlar haqida gap ketyaptimi, yondosh mavzu sifatida O‘zbekiston Respublikasi maydoni, viloyatlari, daryolar soni kabi ma’lumotlar keltirilgan. Fanlar orasidagi bog‘liqlikni o‘rtaga chiqaradi bu.
Darsliklarga qo‘shimcha mashq daftarlari bo‘lishi ham juda yaxshi yangilik. Hamohang tarzda mashq daftarlari bilan ishlash o‘quvchining mavzuni o‘zlashtirishini osonlashtiradi. Bosqichma-bosqich o‘zlashtirib boraveradi bolalar. Yutuqli tomoni ham shunda.
Yana bir o‘zgarish. To‘rtinchi sinflar uchun tabiiy fanlar darsligi juda yaxshi, qiziqarli chiqqan. Ilmiylik batafsil tushuntirilgan, mavzular 4 bosqichli tizimda berilgan. 4 bosqichdan so‘ng bolada mavzu bo‘yicha to‘liq tushuncha bo‘ladi», —deydi pedagog.
Yangi avlod darsliklari keyingi bosqichlarda yuqori sinf o‘quvchilari uchun ham yaratilishi va maktab ta’limiga joriy etilishi kutilmoqda.
Mavzuga oid
16:01 / 28.10.2024
Qibrayda bepul tibbiy ko‘rik uchun o‘qituvchilardan pul olinayotgani aytilmoqda
13:30 / 23.10.2024
Vengriyadan professor-o‘qituvchilar O‘zbekistonda dars berish uchun yuboriladi
11:38 / 22.10.2024
Qirg‘iziston o‘qituvchilarining o‘rtacha oyligi salkam 4 mln so‘mni tashkil etadi
20:37 / 11.10.2024