O‘zbekiston | 08:02 / 20.11.2023
13288
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda yana bir yo‘l o‘tkazgich qurilishi mumkin

Singapur instituti va Toshkent bojxona boshqarmasi oldida zamonaviy yo‘l o‘tkazgich qurish taklif etilyapti.

Illyustrativ foto

Toshkentda Bunyodkor shohko‘chasi va 2-Qatortol ko‘chasi chorrahasida — shahar bojxona boshqarmasi va Singapur menejmentni rivojlantirish instituti ro‘parasida zamonaviy yo‘l o‘tkazgich qurish taklif qilinmoqda. Bu Chilonzor tumanini Xitoy tajribasi asosida, shu jumladan, yangi yondashuvlar, innovatsion va «yashil» texnologiyalar hamda boshqaruvda zamonaviy usullarini qo‘llagan holda kambag‘allikdan chiqarish to‘g‘risidagi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasida nazarda tutilgan.

Maqsadi «muntazam yuzaga keladigan tirbandliklarni bartaraf etish» deya ta’kidlangan mazkur taklif prezidentning 3 iyuldagi qarorida ham aks ettirilgandi. Loyihani 2024−2025 yillarda respublika budjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshirish taklif etilmoqda.

Bundan oldin davlat rahbari Toshkent shahrida Yangi O‘zbekiston ko‘chasi va 4R12 magistral yo‘li kesishuvida quriladigan yo‘l o‘tkazgich loyihasi bilan tanishgandi.

Yangi O‘zbekiston ko‘chasi va 4R12 magistral yo‘li kesishuvida yo‘l o‘tkazgich quriladi. Bu kesishma kelajakda Yangi Toshkent shahriga olib boradigan asosiy yo‘l bo‘ladi. Bu yerda 1 ta ko‘prik, 3 ta tunnel, 4 tadan aylanma va qo‘shimcha yo‘llar barpo etiladi. Bularning evaziga chorraha bironta ham svetoforsiz - «yashil chorraha» bo‘ladi.

Mavzuga oid