18:44 / 21.11.2023
24599

O‘zbekistonning tashqi savdosi: 6,9 milliard dollarlik oltin sotildi, tashqi savdodagi taqchillik 10 mlrd dollarga yetgan

Joriy yilning 10 oyida O‘zbekiston 6,87 mlrd dollar qiymatidagi oltin sotdi. Bu rekord ko‘rsatkich hisoblanib, o‘tgan yilga nisbatan 2,3 barobarga ko‘p. Tashqi savdo aloqalarida Xitoyga bog‘liqlik yanada ortib, umumiy tashqi savdo aylanmasi hajmining 21,2 foizi ushbu davlat hissasiga to‘g‘ri kelgan. Hisobot davrida gaz importi 2,1 barobarga, ko‘mir importi 73,2 foizga, neft importi 25,6 foizga oshgan. 

Foto: Reuters

Statistika agentligi O‘zbekistonning 2023 yil yanvar-oktyabr oylaridagi tashqi savdo aylanmasiga doir ma’lumotni e’lon qildi.

Qayd etilishicha, hisobot davrida respublika tashqi savdo aylanmasi (TSA) 51 mlrd dollarga yetgan. Bunda eksport hajmi 20,47 mlrd dollarni, import hajmi esa 30,5 mlrd dollarni tashkil etgan. O‘tgan yilning mos davri bilan taqqoslaganda eksport hajmi 29,1 foizga, import hajmi 22,7 foizga oshgan. Tashqi savdo salbiy saldosi esa 10 mlrd dollarga yetgan. O‘tgan yilning mos davrida tashqi savdo defitsiti 9 mlrd dollar bo‘lgan edi.

Xitoy O‘zbekistonning eng yirik savdo sherigi sifatidagi mavqeini mustahkamlab bormoqda. Hisobot davrida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 10,8 mlrd dollarga yetgan. Bu respublika umumiy tashqi savdo aylanmasi hajmining 21,2 foizini tashkil qiladi.

2023 yilning yanvar – oktyabr oylarida O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasida eng yuqori ulushga ega bo‘lgan top-10 davlat:

  • Xitoy – 10,8 mlrd dollar;
  • Rossiya – 7,9 mlrd dollar;
  • Qozog‘iston – 3,6 mlrd dollar;
  • Turkiya – 2,6 mlrd dollar;
  • Koreya – 1,87 mlrd dollar;
  • Turkmaniston – 939 mln dollar;
  • Germaniya – 876 mln dollar;
  • Qirg‘iziston – 814 mln dollar;
  • Fransiya – 773 mln dollar;
  • Afg‘oniston – 693 mln dollar.

Tashqi iqtisodiy faoliyat bo‘yicha 20 ta yirik hamkor davlatdan faqatgina uchta mamlakat – Afg‘oniston, Qirg‘iziston va Tojikiston bilan ijobiy tashqi savdo balansi kuzatilgan. Qolgan 17 ta davlat bilan passiv tashqi savdo balansi saqlanib qolgan.

2023 yilning 10 oyida Xitoyga amalga oshirilgan eksport hajmi 12,5 foizga, Turkiyaga mahsulot sotish esa 21 foizga qisqargan. O‘z navbatida Rossiyaga eksport hajmi 5 foizga, Qozog‘istonga 2 foizga oshgan.

Shuningdek, Xitoydan import hajmi 65 foizga, Rossiyadan 6 foizga, Turkiyadan 7 foizga ko‘paygan. Qozog‘iston (6 foiz) va Koreyadan (5 foiz) import hajmi esa kamaygan.

Umumiy tashqi savdo aylanmasida MDH davlatlarining ulushi kamayib bormoqda. Xususan, bu ko‘rsatkich 2022 yilda 39,8 foizni bo‘lgan bo‘lsa, joriy yilda 32,9 foizgacha qisqargan.

Oltin eksporti

Joriy yilning yanvar-oktyabr oylarida 6,87 mlrd dollar qiymatidagi oltin sotilgan. Bu umumiy eksportning 33,6 foizini tashkil etadi. 

O‘z navbatida oltin eksporti 2022 yilning mos davri bilan taqqoslanganda, 2,3 barobarga ko‘paygan.

Ma’lumot uchun, 2022 yilda 4,1 mlrd dollarlik, 2021 yilda 4,1 mlrd dollarlik, 2020 yilda 5,8 mlrd dollarlik, 2019 yilda esa 4,9 mlrd dollarlik oltin sotilgan.

Yoqilg‘i mahsulotlarining eksporti va importi

Hisobot davrida O‘zbekiston 561 mln dollarlik gaz import qildi, bu 2022 yilning mos davri bilan taqqoslaganda, 2,1 barobarga ko‘p. O‘z navbatida mazkur davrda gaz eksporti 47,9 foizga yoki 458 mln dollargacha qisqargan.

Shuningdek, 10 oy davomida 161 million dollarlik ko‘mir import qilingan, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 73,2 foizga ko‘p. 

Yanvar-oktyabr oylarida 102,4 mln dollarlik elektr toki sotib olingan (kamayish – 2,3 foiz) va 50,3 mln dollar qiymatidagi elektr energiyasi (kamayish – 43,7 foiz) eksport qilingan. 

Neft va neft mahsulotlarining eksporti 2,1 barobarga oshib, 259 mln dollarni, importi esa 25,6 foizga ko‘payib, 1,24 mlrd dollarni tashkil qilgan.

Mavzuga oid
Top