Jahon | 14:30 / 24.11.2023
3883
4 daqiqa o‘qiladi

«Gazprom» ketma-ket ikkinchi yil sarmoyalarni qisqartirishni rejalashtirmoqda

2024 yilda «Gazprom» investitsiya dasturi hajmi 20 foizga qisqaradi. Bu yil kompaniya investitsiyalar hajmini 14,5 foizga kamaytirdi.

Foto: Alexander Zemlianichenko/Tass/dpa/picture alliance

«Gazprom» Rossiya davlat energetika konserni 2024 yilda investitsiyalarni 20 foizga, 1,96 trillion rubldan 1,57 trillion rublga (16,3 milliard yevro) kamaytirishni rejalashtirmoqda. «Gazprom»ning 23 noyabr, payshanba kuni tarqatilgan rasmiy bayonotiga ko‘ra, tegishli qaror kompaniya boshqaruvi tomonidan qabul qilindi. Investitsiya dasturining yakuniy parametrlari direktorlar kengashi tomonidan tasdiqlanadi.

Xabarga ko‘ra, mablag‘lar Yamal yarimoroli va Rossiya sharqida gaz qazib olish markazlarini rivojlantirish, Rossiyadan Xitoygacha bo‘lgan «Sibir qudrati» gaz quvuri, «Gazprom» gazni qayta ishlash majmuasi hamda Rossiya hududlarini gazlashtirishga yo‘naltirilishi rejalashtirilgan.

Bu yil «Gazprom» investitsiyalarni dastlabki rejalarga nisbatan 14,5 foizga kamaytirdi. Oktyabr oyida direktorlar kengashi investitsiya dasturini 2,3 trillion rubldan 1,966 trillion rublga (taxminan 20 milliard yevro) qisqartirdi. Bu qaror «makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar va bozor sharoitlarining o‘zgarishi» bilan izohlandi.

«Gazprom» foydani yo‘qotmoqda

«Gazprom»ning 2023 yil 9 oyida foydasi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 44 foizga – 779 milliard rubldan 446 milliard rublga (4,6 milliard yevro) kamaydi. Bundan tashqari, 22 noyabr kuni Federatsiya kengashi «Gazprom»ning kondensat va gaz uchun foydali qazilmalarni qazib olishiga soliqni oshirishni ma’qulladi. Davlat dumasining Energetika bo‘yicha qo‘mitasi rahbari Pavel Zavalniy so‘zlariga ko‘ra, 2025 yilda foydali qazilmalarni qazib olish bo‘yicha soliqning oshishi sababli kompaniya yo‘qotishlari 1 trillion rublni tashkil qilishi mumkin.

Yevropaga gaz yetkazib berishni to‘xtatish

2022 yilning o‘rtalariga qadar Rossiya tabiiy gaz eksportining katta qismi Yevropa mamlakatlariga yo‘naltirildi va bu «Gazprom»ga foydaning asosiy ulushini berdi. 2022 yil 31 avgustda «Gazprom» rejadan tashqari ta’mirlash uchun uch kunga «Shimoliy oqim» orqali gaz o‘tkazishni to‘xtatdi, ammo keyin Germaniyaga na ushbu quvur orqali, na boshqa yo‘nalishlar orqali yetkazib berishni tiklamadi. Deyarli bir oy o‘tgach, 26 sentabr kuni Boltiqbo‘yi gaz quvuri diversiya paytida vayron bo‘ldi, hodisada aybdorlar hali ham topilmadi.

Yevropada Rossiyani «energetika terrorizmi»da ayblashdi, chunki Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukrainani Rossiyaga qarshi kurashda qo‘llab-quvvatlagan Yevropa Ittifoqi davlatlariga yetkazib berishni bir tomonlama to‘xtatib, ta’sir ko‘rsatishga uringan deb ishoniladi. O‘z navbatida, Yevropa Ittifoqi davlatlari Rossiya gazidan butunlay voz kechishga qaror qildi, buning natijasida Rossiyaning Yevropa gaz bozoridagi ulushi Ukrainada urush boshlanishidan oldingi 40 foizdan hozirgi vaqtda taxminan 8 foizga kamaydi.

Garchi Osiyoda gazga talab keskin oshgan bo‘lsa- da, «Gazprom» mintaqaga ko‘k yonilg‘i yetkazib berishni ko‘paytirish uchun yetarli infratuzilmaga ega emas.

Mavzuga oid