09:25 / 11.12.2023
4444

Borrel Belarus demokratik kuchlariga 30 mln yevro miqdorida yordam ko‘rsatilishini e’lon qildi

Bryusselda Svetlana Tixanovskaya bilan uchrashuv oldidan Yevropa Ittifoqi oliy vakili Belarusda fuqarolik jamiyatini qo‘llab-quvvatlashi va Lukashenko rejimiga qarshi sanksiyalar davom etishini ma’lum qildi.

Foto: Yevroparlament

Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel Bryusselda Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirlari bilan uchrashuvi oldidan Belarus demokratik muxolifati yetakchisi Svetlana Tixanovskayaga ochiq xat yo‘lladi. Hujjat 10 dekabr, yakshanba kuni Borrel matbuot xizmati saytida e’lon qilindi. «Umid qilamanki, Belarusning rasmiy hokimiyati (oxir-oqibat) demokratik yo‘l bilan saylanadi va Belarus xalqini to‘liq ifodalaydi», — deyiladi maktubda.

Oliy vakil, shuningdek, shu vaqtgacha Yevropa Ittifoqi Belarusda amaldagi tuzum va uning tarafdorlariga qarshi sanksiyalar qo‘llashda davom etishiga kafolat berdi. «Va buni ta’kidlab o‘tish uchun men bugun Belarus fuqarolik jamiyati va demokratik kuchlariga 30 million yevro miqdorida qo‘shimcha moliyaviy yordam berilishini e’lon qilaman va bu bilan biz 2020 yildan boshlab 140 million yevrolik ko‘rsatkichga erishamiz», dedi Borrel. Uning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi ko‘plab jahon muammolariga, jumladan, Ukraina va G‘azo sektoridagi urushlarga qaramay, «Belarus va uning xalqini unutmaydi».

«Aslida biz yaqindan ishlayapmiz va mamlakatdagi tobora murakkablashib borayotgan vaziyatdan juda yaxshi xabardormiz. Ishonchim komilki, Svetlana vazirlar sizning fikringizni eshitishdan juda manfaatdor bo‘ladi. Bu Lukashenko rejimining o‘z aholisiga nisbatan davom etayotgan repressiyalarini, shuningdek, Ukraina urushini qo‘llab-quvvatlashini qoralash uchun yaxshi sababdir», — dedi Yevropa Ittifoqi oliy vakili. Uning ta’kidlashicha, Yevropa Ittifoqi va xalqaro hamjamiyat yana bir bor rejimga repressiyani to‘xtatish, siyosiy mahbuslarni ozod qilish va erkin demokratik saylovlar o‘tkazish chaqirig‘ini takrorlashi kerak.

Belarus muxolifati yangi saylovlar o‘tkazilishini talab qildi

Belarusda ommaviy norozilik namoyishlari 2020 yil avgust oyida bo‘lib o‘tgan saylovlardan so‘ng boshlandi, unda 1994 yildan buyon mamlakat prezidenti lavozimida ishlab kelgan Lukashenko o‘zini g‘olib deb e’lon qildi. Rasmiy e’lon qilingan natijalarga ko‘ra, nomzod Svetlana Tixanovskaya 10 foizdan sal ko‘proq ovoz olib, ikkinchi o‘rinni egalladi. Uning tarafdorlari va ayrim tahlilchilarga ko‘ra, ovoz berish natijalari soxtalashtirilgan. Namoyishlar olti oydan ortiq davom etdi. Namoyishchilar Lukashenkoning iste’fosini, siyosiy mahbuslarni ozod qilishni va yangi saylovlar o‘tkazilishini talab qilishdi.

Belarus xavfsizlik kuchlari namoyishlarni shafqatsizlarcha bostirdi. Butun norozilik namoyishlari davomida, huquq himoyachilariga ko‘ra, 25 mingdan ortiq odam qo‘lga olingan, ularning ko‘plari jarohatlangan, qiynoq va haqoratlarga duchor bo‘lgan. Bir necha kishi halok bo‘ldi. Bir necha ming kishi norozilik bilan bog‘liq turli ayblovlar bilan qamoqqa tashlandi va hozir ham o‘sha yerda. Namoyishlarning shafqatsizlarcha bostirilishi va saylovlardagi soxtalashtirish munosabati bilan Yevropa Ittifoqi davlatlari va AQSh Belarus rasmiylari va qator korxonalarga qarshi sanksiyalar joriy qildi.

Mavzuga oid
Top