13:26 / 13.12.2023
3191

Xitoy O‘zbekistonda yo‘l infratuzilmasi bilan bog‘liq inshootlar qurishda qatnashishi mumkin

Guanchjou shahrida Janubiy Xitoy provinsiyalari kompaniyalari bilan hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Foto: Dunyo AA

O‘zbekiston-Xitoy biznes forumida erishilgan dastlabki kelishuvlar doirasida mamlakatning Guanchjoudagi Bosh konsulxonasi diplomatlari tomonidan Guangdong HuiTong kompaniyasi bosh direktori Kuan Tszyuyan, Guandun Xalqaro savdo va iqtisodiyot universiteti professori, Poly Changda kompaniyasi vakili Li Syaofen va Hope Education Group vitse-prezidenti Pen Lan bilan uchrashuv o‘tkazildi.

"Dunyo" xabariga ko‘ra, uchrashuv davomida mamlakatda yo‘l infrastrukturasi bilan bog‘liq inshootlar qurish, ta’lim hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash yo‘nalishlarida hamkorlikni o‘rnatish yuzasidan fikr almashildi.

Xususan, Poly Changda kompaniyasi O‘zbekistonda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha o‘rganish ishlarini boshlash maqsadida mamlakatga tashrif buyurishga tayyorligini bildirdi. Poly Changda kompaniyasi avtomobil yo‘llari, portlar va suv yo‘llari, binolar, suv omborlari, ko‘prik qurilishi kabi barcha turdagi loyihalarni boshqarish va konsalting bo‘yicha faoliyat olib boradi.

Hope Education Group vitse-prezidenti Pen Lan O‘zbekiston bilan ta’lim va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va eksport qilish yo‘nalishlarida hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi. Hope Education Group o‘tgan vaqt davomida, 2007 yildan buyon ketma-ket Xitoyning 500 eng yirik xususiy korxonalari ro‘yxatiga kiritilgan. Bugungi kunda ta’lim yo‘nalishidan tashqari qishloq xo‘jaligi, chorvachilik va oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash bilan shug‘ullanadigan keng operatsiyalar bazasiga ega innovatsion guruh hisoblanadi.

Top