O‘zbekiston | 18:02 / 27.12.2023
6018
2 daqiqa o‘qiladi

Ko‘chmas mulkni sotish uchun mustaqil ravishda internetda e’lon berish taqiqlanmaydi

Davaktivga ko‘ra, taklif etilayotgan “Riyeltorlik to‘g‘risida”gi qonun mustaqil ravishda tuziladigan ko‘chmas mulk bitimlariga nisbatan tatbiq etilmaydi. Bunday talqinni keltirib chiqargani uchun qonun loyihasining 27-moddasi qayta ishlanadi.

Foto: Kun.uz

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi ijtimoiy tarmoqlarda “Riyeltorlik faoliyati to‘g‘risida”gi qonun loyihasi yuzasidan bildirilayotgan fikrlarga munosabat bildirdi.

“Qonun loyihasining 3-moddasida ushbu qonunning amal qilishi ko‘chmas mulk mulkdorlari o‘zlari mustaqil tuzadigan bitimlarga nisbatan tatbiq etilmasligi belgilab qo‘yilgan”, deyiladi rasmiy munosabatida.

Shu bilan birga, qonun loyihasining 27-moddasi qoidalarining tahriri qayta ishlanadi va “Reklama to‘g‘risida”gi qonunining 11- va 12-moddalari talablariga, shuningdek, ko‘chmas mulk egalari manfaatlari va qonunchilik texnikasiga muvofiqlashtiriladi.

Avvalroq, “Riyeltorlik faoliyati to‘g‘risida”gi qonun loyihasida fuqarolarga o‘z uyini sotish uchun internetda mustaqil e’lon berish taqiqlanishi mumkinligi ko‘zda tutilayotgani xabar qilingandi.

Xususan, ushbu qonun loyihasining 27-moddasida quyidagicha yozilgan:

“Jismoniy yoki yuridik shaxslarning ko‘chmas mulk obektlarini reklama qilish va e’lonlari, shu jumladan butunjahon axborot tarmog‘i internetda yoki ijtimoiy tarmoqlar sahifalarida joylashtiriladiganlari, ko‘chmas mulk mulkdorlari tomonidan faqat riyeltorlik tashkilotlari va ko‘chmas mulk bo‘yicha agentlar orqali bepullik asosida amalga oshiriladi”.

Mavzuga oid