22:03 / 10.01.2024
9046

Prezident huzurida Qoraqalpog‘iston Respublikasini iqtisodiy rivojlantirish choralari muhokama qilindi 

Shavkat Mirziyoyev 10 yanvar kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasidagi ishlar tahlili va kelgusi vazifalar muhokamasi bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. 

Yig‘ilishda 2023 yilda qilingan ishlar ko‘rib chiqilib, 2024 yilga mo‘ljallangan vazifalar muhokama qilindi. 

Qayd qilinishicha, bugungi kunda Qoraqalpog‘iston aholisi 2 million nafardan oshdi. Har yili mehnat bozoriga 50 ming kishi kirib keladi. Davlat rahbari ularni zamonaviy kasb-hunarlarga o‘qitib, daromadli ish va munosib yashash sharoitlari bilan ta’minlash kerakligiga e’tibor qaratdi. 

Shu maqsadda joriy yilda ham keng ko‘lamli ishlar ko‘zda tutilgan. Xususan, sanoat hajmi 23 trillion so‘mga yetkazilib, 2 trillion so‘mlik yangi quvvatlar yaratiladi. To‘qimachilik, elektrotexnika, farmatsevtika, qurilish materiallari tarmoqlarida 5 trillion so‘mlik 24 ta yirik loyiha ishga tushiriladi. 

2024 yilda hududga 2 milliard 100 million dollar xorijiy investitsiya jalb etilishi mo‘ljallangan. Buning evaziga sanoatda 206 ta, xizmat ko‘rsatish sohasida 240 ta, qishloq xo‘jaligida 34 ta investitsiya loyihasi amalga oshiriladi. Ularda 13 mingga yaqin ish o‘rni ochiladi. 

Qoraqalpog‘istonda ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi, turizm va boshqa xizmatlar eksport hajmini 160 million dollarga yetkazish maqsad qilingan. 

Qishloq xo‘jaligida yer unumdorligini oshirish uchun xorijiy grant jalb qilinadi. 6 ming gektar yerga suv tejovchi texnologiya joriy qilinib, 31 ming gektar lazerli tekislanadi. 

Mahallalar infratuzilmasi va xonadonlar ta’mirlanadi. Yuqori texnologik tibbiy xizmatga muhtoj bemorlar davolanishiga 2,3 milliard so‘m yo‘naltiriladi. 

Shu bilan birga, fuqarolar tashabbusi asosidagi loyihalarga 182 milliard so‘m, yil davomida mahalliy budjetdan yana 40 milliard so‘m ajratiladi. Kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash dasturlari doirasidagi loyihalarga 10 trillion so‘m beriladi. 

Prezident yangi ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha rejalar mavjud salohiyatga mos emasligini ta’kidlab, bu boradagi qo‘shimcha imkoniyatlarni ko‘rsatib o‘tdi. 

Masalan, 51 ta sanoat zonasida 775 milliard so‘mlik 71 ta loyihani boshlab, 1 mingta ish o‘rni yaratsa bo‘ladi. Yoki 10 ming gektar bo‘sh yerni savdoga chiqarib, 20 mingta tadbirkorni jalb qilish mumkin. Bu 50 ming ish o‘rni, degani. Shuningdek, noruda konlarga sanoatni olib kirib, 7,5 trillion so‘mlik loyihalar hisobiga 10 ming aholini band qilish mumkin. 

Davlat rahbari bu boradagi katta imkoniyatlardan biri turizm ekanini ta’kidladi. Qoraqalpog‘istonda turizmni, ayniqsa, uning eko, etno, ziyorat yo‘nalishlarini rivojlantirish bo‘yicha dastur ishlab chiqish, turizm klasteri tashkil etish va sohaga xorijiy ekspertlarni jalb qilish yuzasidan topshiriq berildi. Nukus aeroportini rivojlantirish va aviaqatnovlarni ko‘paytirish, yangi mehmonxonalar qurish, muzeylarni modernizatsiya qilish, yo‘l bo‘yi xizmatlarini kengaytirish vazifalari ko‘rsatib o‘tildi. 

Germaniya, Janubiy Koreya, Yaponiya va Turkiyadan mutaxassislarni taklif etib, yoshlarni chet tili, axborot texnologiyalari, dizayn, mehmonxona xizmati kabi 17 turdagi zamonaviy kasblarga o‘qitish muhimligi ta’kidlandi.

Mavzuga oid
Top