Jahon | 20:31 / 06.05.2024
10974
3 daqiqa o‘qiladi

Dunyoning eng qashshoq mamlakatlari reytingi e’lon qilindi

O‘zbekiston reytingning o‘rta qismidan joy oldi. Afrika qit’asida ahvol og‘ir, shuningdek, siyosiy beqarorlik va mojarolarga duch kelayotgan mamlakatlarda ham vaziyat murakkab. 

Foto: Getty Images

Dunyoning eng qashshoq mamlakatlari fuqarolar urushi, etnik va diniy nizolardan aziyat chekmoqda. COVID-19, o‘sib borayotgan inflatsiya va Ukrainadagi urush ularning ahvolini yanada og‘irlashtirdi. Bu haqda Global Finance jurnali ma’lumot berdi. 

Qayd qilinishicha, butun insoniyatga munosib turmush darajasini ta’minlash uchun dunyoda yetarli boylik va resurslar mavjud. Shunga qaramay, Janubiy Sudan, Burundi va Markaziy Afrika Respublikasi kabi mamlakatlardagi odamlar umidsiz qashshoqlikda yashashda davom etmoqda. Dunyoning eng qashshoq davlatlari qatoriga yillar davomida siyosiy beqarorlik va mojarolarga duch kelayotgan Afg‘oniston, Suriya va Eritreya ham kiritilgan. Yuqori o‘ntalikdan Kongo Demokratik Respublikasi, Mozambik, Niger, Malavi, Liberiya, Madagaskar va Yaman ham joy olgan. 

O‘zbekiston reytingda 67-o‘rinda qayd etilgan (reytingdagi o‘rin qanchalik yuqori bo‘lsa, mamlakat shunchalik qashshoq hisoblanadi). Taqqoslash uchun: Tojikiston 43-o‘rinda, Qirg‘iziston 48-o‘rinda (har ikkalasining ahvoli O‘zbekistondan yomonroq), Turkmaniston 101-o‘rinda, Qozog‘iston 128-o‘rinda (bu ikkalasining ahvoli O‘zbekistondan yaxshiroq). 

Nashr dunyodagi eng qashshoq mamlakatlarni qanday aniqlagan? Aholi jon boshiga YaIM ko‘pincha standart o‘lchov hisoblansa-da, sotib olish qobiliyati pariteti (SQP) yordamida yashash qiymati va inflatsiya darajasidagi farqlarni qoplash har qanday mamlakatda shaxsning sotib olish qobiliyatini yaxshiroq baholashi mumkin. 

Ta’kidlanishicha, uzoq muddatli qashshoqlikning yagona sababini aniqlash qiyin. Korrupsiyalashgan hukumatlar juda boy mamlakatni kambag‘al davlatga aylantirishi mumkin. Xuddi shu narsani mustamlakachilik tarixi, qonun ustuvorligining zaifligi, urush va ijtimoiy tartibsizliklar, og‘ir iqlim sharoiti, dushmanona yoki tajovuzkor qo‘shni davlatlarga ega bo‘lish haqida ham aytish mumkin. Shu bilan birga, davlatning qarzga botganligi ham zaiflik sifatida ko‘rsatilgan: bunda mamlakat yaxshi maktablarni qura olmaydi, savodsizlik darajasining yuqoriligi esa ishchi kuchi imkoniyatlarni cheklaydi.

Mavzuga oid