O‘zbekiston | 13:35 / 11.01.2024
2276
2 daqiqa o‘qiladi

Malayziya O‘zbekistonda oziq-ovqat ishlab chiqarish bo‘yicha loyihani amalga oshirmoqchi

O‘zbekiston elchisi Karomiddin Gadoyev Malayziyaning Fraser & Neave Holdings BHD – F&N kompaniyasining yangi va xalqaro bozorlarni rivojlantirish bo‘yicha direktori Patrik Xeng bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Foto: Dunyo AA

«Dunyo» xabariga ko‘ra, muzokaralar chog‘ida mamlakat iqtisodiy salohiyatini oshirish, milliy o‘zbek mahsulotlarini ishlab chiqarilishini diversifikatsiya qilish, shuningdek, ikki tomonlama savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Malayziya tomoni korxona faoliyati haqida taqdimot o‘tkazib, kompaniya Janubiy-Sharqiy Osiyodagi eng yirik oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaruvchilaridan biri ekanligini, hozir kunda korxonaning 13 ta filiali Tailand, Myanma, Kamboja, Laos va Saudiya Arabistonida faoliyat yuritayotganini ma’lum qildi.

Patrik Xeng kompaniya faoliyatini kengaytirish va xalqaro bozorlarga kirib borishda Markaziy Osiyo davlatlari, xususan O‘zbekistonning o‘rni muhim ahamiyatga ega ekanligini alohida ta’kidladi.

Malayziya tomoniga mamlakatdagi mavjud xomashyo bazasi, hududlarning ixtisoslashuvidan kelib chiqqan holda F&N kompaniyasi ishtirokida qo‘shma investitsiya loyihasini amalga oshirish taklifi bildirildi.

Uchrashuv yakuni bo‘yicha respublikada xorijiy kompaniyalar uchun yaratilgan imkoniyatlar bilan tanishish va salohiyatli tadbirkorlar bilan birgalikda qo‘shma loyihani amalga oshirish istiqbollarini muhokama qilish maqsadida 2024 yil yanvar oyida F&N kompaniyasi vakillarining O‘zbekistonga safarini tashkil etish to‘g‘risida kelishib olindi.

Mavzuga oid