O‘zbekiston | 11:00 / 13.01.2024
9705
6 daqiqa o‘qiladi

Qonning sifati havoga bog‘liq – zaharli havoda qayerdan kislorod topish mumkin?

Uyqusizlik, holsizlik, burun bitishi yoki kislorod yetishmasligi Toshkent shahri aholisi o‘rtasida oxirgi kunlarda ko‘paydi. Chunki poytaxt havosi bir necha kundirki, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti belgilagan me’yordan o‘nlab barobar ko‘proq ifloslanlanyapti. Mas’ullar bu masalaga qachon e’tibor qaratishi hozircha noma’lum. Xo‘sh, oddiy aholi qanday qilib iflos havodan o‘zini himoyalay oladi, tanadagi kislorodni yaxshilash uchun nimalar iste’mol qilish kerak? Bu haqda Xalq tabobati assotsiatsiyasi raisi Ro‘zimuhammad Xonnazarov o‘z tavsiyalarini berdi.

Qonning sifati havoga bog‘liq

Tabiblar sultoni Ibn Sino inson tanasidagi qonning sifati u olayotgan havoga bog‘liqligini aytadi. Inson tabiatning bir bo‘lagi, o‘sha 4 unsur, yer, suv, havo va olov inson tanasida ham bor: qon, balg‘am, safro, savdo.

Qonimizning sifati nega biz olayotgan havoga bog‘liq? Chunki biz ovqatdan ozuqa olishdan tashqari, asosiy ozuqani havodan olamiz. Bu qonimiz kislorodga to‘yinishi uchun havo tarkibida kislorod yetarli bo‘lishi kerak. Ikkinchidan, bu havoda zaharli moddalar ko‘payib ketgan. Bolalar, qariyalar shu havodan nafas olyapti. Hozir hatto o‘rta yoshdagilar ham bu havoda holsizlanib qolyapti. Chunki qoni quyuqlashgan, ya’ni havoning sifati buzilgani sari inson tanasidagi qon quyuqlashadi. Qon quyuqlashganidan keyin infarkt, insult, stenokardiya kasalliklari kuzatiladi. Hozir xohlagan insonning qonini tekshirsa, quyuq chiqadi. Bu inson tanasidagi a’zolarning ishdan chiqishiga olib keladi. Nafaqat yurak, balki buyrak, o‘pka ham ishdan chiqadi. 

Sayohatga chiqish

Toshkentda muqim yashagan, oylab-yillab shu muhitdan boshqa bir muhitga chiqmagan odam, albatta, xafaqon kasalligiga duchor bo‘ladi. Xafaqon bu – qonning quyuqlashishi. Ekologiya zaharlangan hududda yashaydigan inson tez-tez sayohat qilib, havo almashtirib turishi kerak. Hech bo‘lmasa, Toshkent atrofidagi tog‘oldi, tog‘ga yaqinroq hududlarga chiqib kelishi kerak. Haftada bir marta boshqa hududga chiqib kelgan odamning qoni tekshirilsa, suyulgan bo‘ladi.

Tirik suv yoki o‘rnini bosuvchi mahsulotlar

Bundan tashqari, qonning sifatini yaxshilash uchun tirik suv ichish tavsiya qilinadi. Tirik suv bu – oqayotgan daryo suvi. Ko‘pqavatli uylarda yashaydiganlar uchun tirik suvni topish qiyin. Uning o‘rnini qanday to‘ldirsa bo‘ladi? Tirik suv tabiiy o‘simliklar tarkibida, poliz ekinlari, mevalarda bo‘ladi. Inson bir kunlik kislorodga bo‘lgan talabini qondirmoqchi bo‘lsa, kuniga 200 gramm poliz ekinlari yoki mevalardan olinadigan sharbatni ichishi kerak. Masalan, qizil lavlagi, sabzi va olmadan olinadigan sharbatni ertalab ichgan odam kun davomidagi kislorod tanqisligidan omon qoladi. Bunga qo‘shimcha, sifatida asalni ham aytishim mumkin.70 gramm ertalab yeyilgan asal yoki kechqurun uxlashdan oldin shuncha miqdorda asal yeyilsa yoki suvga qo‘shib ichilsa, uy sifati yaxshilanadi. Bu ham kislorodning yaxshi aylanishiga yordam beradi. 

11 kilometr piyoda yurish

Uchinchi tavsiya piyoda yurish. Qon quyulyaptimi uni suyultirish uchun yurish kerak. Inson qanchalik ko‘p jismoniy harakat qilsa, faol bo‘lsa, qon suyuqlashadi. Qoni quyuq odamning 11 kilometr yurgandan keyin qoni tekshirilsa, suyulganini ko‘rish mumkin. 11 kilometr deganimga sabab inson hazm tizimidagi ichaklari 11 metrni tashkil etadi deyishadi. Har bir metr ichak bir kilometr piyoda yurishni talab qiladi, shunda iste’mol qilingan ovqat o‘z vaqtida hazm bo‘ladi. Sog‘lom harakatdagi odamning yegani 8 soatda hazm bo‘lib, tanani tark etishi kerak. Yurmagan odamda bu jarayon 12-15 soatgacha uzayib ketadi. Agar biz piyoda yursak, yuragimiz dam oladi. Qonni aylantirib berishga oyog‘imizning egilib bukilishi yordam beradi. Shuning uchun oyoq ikkinchi yurak deyiladi. Har bir inson yuragining umrini uzaytirmoqchi bo‘lsa, ko‘proq piyoda yurishi kerak. Shunda yurak dam oladi.

Tanadan terni chiqarib tashlash

To‘rtinchi usul – haftada bir marta hammomga tushib, yaxshilab terlash ham qonni suyultiradi. Inson tanasidagi kislorod tanqisligining oldini oladi. Shuning uchun o‘rta yoshdagi va o‘rta yoshdan o‘tgan odamlar haftada bir marta qadimiy usulda qurilgan hammomlarga tushib, tanadan terni chiqarib tashlashi kerak.

Konservalangan mahsulotlarni yemaslik

Har bir insonning tanasi o‘ziga nima kerakligini o‘zi aytadi. Lekin hamma uchun mos umumiy qoidalar ham bor. Masalan, taom ustiga taom yemasak hamma a’zolarimiz yaxshi ishlaydi. Bundan tashqari, dudlangan mahsulotlar, konservalangan mahsulotlar tarkibida ham kislorod bo‘lmaydi. O‘zi kislorod yetmayotgan bir paytda yana dudlangan kolbasa yoki konservalangan mahsulotlarni iste’mol qilsak, ularning tarkibida kislorod yo‘qligi hisobiga tanamizdagi holat yana ham og‘irlashadi.

Zuhra Abduhalimova suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Mirvohid Mirrahimov, Javohir G‘ayratov.

Mavzuga oid