Jahon | 21:59 / 08.02.2024
15636
8 daqiqa o‘qiladi

“Falastin davlati tuzilishi kun tartibiga qaytmoqda” - Farhod Karimov

Mintaqa davlatlari AQSh oldiga Falastin davlatini tuzish masalasini ko‘ndalang qo‘yyapti. Arab davlatlari shunchaki boshqa bir vektorga og‘sa ham, bu AQSh uchun katta yo‘qotish bo‘ladi. Hozir Isroilni G‘azo bo‘yicha sulhga ko‘ndirish Amerika uchun asosiy masalaga aylangan, deydi Yaqin Sharq masalalari bo‘yicha ekspert Farhod Karimov.

AQSh davlat kotibi Entoni Blinken G‘azodagi urush boshlanganidan beri beshinchi marta Yaqin Sharqqa bordi. Uning Misr, Qatar, Saudiya Arabistoni va G‘arbiy Sohilga tashriflari sulhga qaratilgan jiddiy qadam deb baholanyapti.

Bundan tashqari, Vashingtonning G‘arbiy sohilda zo‘ravonlik qilgan yahudiy ko‘chkindilarga qarshi sanksiyalar joriy etishi AQSh–Isroil munosabatlarida yangi o‘lchov belgilashi ham mumkin. Sanksiyalar ortidan, kuni kecha AQSh Kongressining Vakillar palatasi Isroilga 17,6 mlrd dollarlik yordam paketi to‘g‘risidagi qonun loyihasini rad qildi.

Kun.uz muxbiri Yaqin Sharqdagi so‘nggi muhim geosiyosiy jarayonlarni tahlil qilish uchun ushbu mintaqa bo‘yicha ekspert Farhod Karimovga yuzlandi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Blinkenning bu tashrifiga asosiy sabab – keskinlikni kamaytirish, harbiy harakatlarni to‘xtatish va Isroilni muzokaralar stoliga o‘tqazish.

“Qatar, Misr, Isroil, AQSh vakillari Parijda uchrashib ayni masalalar muhokama qilindi. Avvaliga 4, keyin esa 4,5 oy deyilgan otashkesimni muhokama qilish uchun dastlab Misr va Isroil vakillari muzokaraga kirishdi, lekin Isroil tomoni faqatgina vaqtinchalik to‘xtatishni aytib, keyin hujumlarni faollashtirishni bildirdi. Mintaqa davlatlari va AQSh esa shu asirlar almashish, xotin-qizlar, bolalarning xavfsizligi ta’minlanishiga mo‘ljallangan otashkesimdan so‘ng butunlay sulh tuzish masalasini qo‘ygan edi. Isroil norozi bo‘layotgani uchun Blinken tashrif buyurdi. Netanyahu bilan uchrashuvdan oldin Saudiya valiahdi bilan uchrashdi, Qatar va Misrda bo‘ldi, Ramallohda Mahmud Abbos bilan uchrashdi. Hozirgi kun tartibidagi masala – Isroilni ko‘ndirish.

Politics nashrining yozishicha, Bayden Netanyahu bilan telefon orqali muloqoti chog‘ida juda asabiylashgan va muloqotdan keyin Netanyahuni “yomon yigit” deb atagan. Bu ketishda AQSh butun dunyoga qarshi bo‘lib qoladi, uning strategik mag‘lubiyatiga olib kelishi mumkin. Shu sabab ham Bayden Netanyahuga tinchlik sulhi haqida gapirgan, lekin Netanyahu HAMASni oxirigacha qirishni, tinch aholi yashab turgan Rafahga ham hujum qilishini aytgan. Agar Rafahga hujum bo‘lsa, butun dunyo, shuningdek, YeI ham Isroilga qarshi chiqadi, YeI deputatlari bu haqda ogohlantirgan ham”, – deydi Farhod Karimov.

— AQSh Falastin g‘arbiy sohilidagi bir qator yahudiy ko‘chkindilarga qarshi sanksiyalar joriy qildi. Bu mustaqil Falastin kelajagi uchun bir qadammi?

— Tarixda birinchi marta AQSh Isroil fuqarolariga sanksiya qo‘lladi, ya’ni Falastin hududiga joylashib olgan yahudiylarga. Blinkenning tashrif davomida birinchi bo‘lib arab davlatlariga tashrif buyurishida ham katta ma’no bor. Ularning pozitsiyasini eshitmoqchi. Parijdagi uchrashuvlarda ham Misr, Qatar, Saudiya biz boshqa musulmon davlatlari orasida malomatga qolyapmiz, shu ketish bo‘laversa, biz ham o‘z pozitsiyalarimizni qat’iy bildiramiz degan ogohlantirish bergan. Aynan shular AQShni tashvishga soldi va Blinken keldi.

Arab davlatlari aytyaptiki, Falastin davlatini tuzish masalasi kun tartibidan tushmaydi deyapti. Netanyahu esa buni istamaydi, Rafahgacha borishini aytishi o‘zi chegaradan chiqib ketganini bildiradi. Mintaqa davlatlari ham AQShga ko‘ndalang masalani qo‘yib, yechishni so‘rayapti, bo‘lmasa tiyib turilgan ta’sir mexanizmlarni ochib yuboramiz, deyapti.

Netanyahu hukumati oxirigacha bormoqchi. Qolaversa, AQShda saylovlar yaqin, amerikaliklar ham urushdan charchaganini bildiryapti. AQSh xalqaro hamjamiyatda yakkalanib qolmaslik, saylovlarni yaxshi o‘tkazish uchun ham urushni to‘xtatishi kerak. Agar shunda ham AQSh urushni to‘xtatolmasa, boshqa rejaga o‘tishi mumkin.

2020 yildagi kelishuvlarga ko‘ra arab davlatlari HAMASga yordam bermasligi, faqat Falastin masalasining o‘zi qolishi kerak edi. Ammo bugungi jarayonlarda Isroil mustaqil Falastin masalasini ham kun tartibidan chiqarishga urinyapti. AQSh endi global statusini saqlash, Yaqin Sharqda mavjudligi yuzasidan ham Isroilni tiyishi kerak bo‘ladi. Bo‘lmasa, mintaqa davlatlari butunlay boshqa tomonga geosiyosiy yo‘nalish olishadi. Shu sababli ham AQSh davlat kotibi tez-tez kelyapti, kerak bo‘lsa, bu yana davom etadi.

— AQShda Isroilning harakatlariga nisbatan eskicha yondashuvini qayta ko‘rib chiqish elementlari bormi?

— Bir narsaga e’tibor qilish kerak: AQSh va Isroil davlatlari bor, u yerlardagi hukumatlar bor. Hukumatlarni almashtirish, neytrallashtirish masalasi kun tartibiga chiqishi mumkin, lekin davlatga bo‘lgan munosabat o‘zgarmaydi. AQSh tomonidan shakllantirib bo‘lingan bunday siyosat.

Falastin mustaqilligi masalasini kun tartibidan olib ham bo‘lmaydi. Chunki mintaqa davlatlari oldingidek kuchsiz davlatlar emas, ular bilan hisoblashishga to‘g‘ri kelyapti. Saudiya, Turkiya, Misr, boshqa Fors ko‘rfazi davlatlari bor. Ular shunchaki boshqa bir vektorga og‘sa ham, bu juda katta yo‘qotish bo‘ladi, ayniqsa, bugungi kunda Xitoy omili bor, global janub shakllanyapti. Oldin mintaqa davlatlari faqat AQShga suyanardi, endi boshqa kuchlarga yondashishi, kerak bo‘lsa, mustaqil geosiyosiy o‘yinchi bo‘lishni ko‘rsatyapti

Shu kontekstga ko‘ra, AQShning mintaqadagi siyosati taktik o‘zgaradi. Ya’ni Falastin masalasini kun tartibiga chiqarib, davlat shakllantirib berishga urinadi. Faqat G‘arbga keskin bormaydigan hukumat tuzishga harakat qilishadi. HAMASning bo‘lishini istashmaydi, aytganimdek, 2020 yilda mintaqa davlatlari ham bunga rozi bo‘lgan. Negaki, Fors ko‘rfazi arab davlatlari va Eron raqobati omili ham bor. Chunki HAMAS sunniylar bo‘lsa ham, Eronga quloq soluvchi shia hilolining bir bo‘g‘ini sifatida shakllanib qolishidan qo‘rqishgan. 2020 yildagi kelishuvlarga ko‘ra, faqatgina HAMASni siqib chiqarishga rozilik berilgan, lekin Isroil butun Falastinga tahdid qilyapti. Shu fonda mintaqa davlatlari shartnomani endi biz ham buzamiz, degan signal bergach, AQSh bu masalani hal qilishga urinyapti.

— Blinkenning bu tashrifidan nima kutish mumkin, sezilarli biror natija bo‘ladimi?

— Katta natijalar bo‘ladi, deyolmayman. Chunki Netanyahu hukumati qat’iy turib olgan urushni davom ettiramiz deb. Shunday bir paytda muzokaradan natija bo‘lishi qiyin. Faqatgina AQSh yordamni to‘xtatsa, arab davlatlari aralashib, biryoqlik qilishadi. Lekin hech bo‘lmaganda, aytilayotgan 3-4 oylik otashkesimga erishilsa, ayollar, bolalar, qariyalar olib chiqilar edi. U joylar tom ma’noda do‘zaxga aylanib qoldi. Ocharchilik boshlangan, kasallar, yaradorlar to‘lib ketgan – umuman, juda ayanchli holat. Shu sababli hech bo‘lmasa, shularga yordam berib, tinchroq hududga o‘tkazish kerak. Umid qilamizki, shu tarzda sekin-sekin tinchlikkacha ham borar.

Blinkenning Mahmud Abbos bilan uchrashuvi ham umid bag‘ishlaydi: G‘azoda Falastin hukumatini o‘rnatishga yordam beramiz, deyotgan bo‘lishi, shunday loyihalar bo‘layotgandir. Umuman, Blinken dastlab Saudiya, Qatar, Misr, Falastin rahbarlari bilan uchrashgani ham ko‘p narsani bildiradi. AQSh mintaqaga faqatgina Isroil prizmasidan qaramay, yondashuvlari o‘zgaryapti.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Mavzuga oid